«Ar-Riyoz–Toshkent» yo‘nalishida haftasiga uch marta muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida mutasaddi vazirlik va idoralar hamda Saudiya Arabistonining «Flynas» aviakompaniyasi, «Seera» turistik agentligi vakillari o‘rtasida videokonferensiya shaklida muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Videokonferensiyada Saudiya Arabistoni podshohligi delegatsiyasining joriy yil yanvar oyida mamlakatga tashrifi doirasida Buxoro shahrida o‘tkazilgan biznes-forumda «Uzbekistan Airways» AJ va Saudiyaning «Flynas» aviakompaniyasi o‘rtasida turizmni rivojlantirish to‘g‘risida imzolangan anglashuv memorandumida belgilangan vazifalar natijalari xususida fikr almashildi. Shuningdek, Saudiya Arabistonida O‘zbekiston turizm salohiyatini keng targ‘ib etish orqali saudiyaliklarning mamlakatga sayohatlarini uyushtirish istiqbollari muhokama qilindi.
«Flynas» aviakompaniyasi vakillari joriy yil 12 iyundan boshlab «Ar-Riyoz–Toshkent–Ar-Riyoz» yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga uch marta muntazam aviaqatnovlar amalga oshirishni rejalashtirganini ma'lum qildi.
2020 yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi tufayli podshohlik o‘z fuqarolarini xorijga chiqishi bo‘yicha vaqtincha cheklovlar o‘rnatgan edi. Ayni paytda Saudiya Arabistoni hukumati o‘z fuqarolariga koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangan davlatlarga joriy yil 17 maydan boshlab safar qilishga ruxsat berdi.
«Seera» sayyohlik kompaniyasi saudiyaliklarni O‘zbekistonga safar qilishi uchun turli tur-paketlar taklif qilmoqda. Kompaniya vakillari ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston turistik agentliklari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdorligini ta'kidladi.
Videokonferensiya yakunlari bo‘yicha tomonlar «Flynas» parvozlari muntazamligini hisobga olib, sayyohlar oqimini ko‘paytirish, O‘zbekiston yirik turistik kompaniya va agentliklari vakillarini Saudiya Arabistoniga yuborish, mamlakat turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazish kabi qator masalalar bo‘yicha kelishuvga erishdi.