Jahon | 13:58 / 19.05.2021
47763
5 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik siyosatchilar Isroilga qarshi chiqib, Baydenni tanqid qilishmoqda

Khalil Hamra/Associated Press

Vashingtondagi siyosatchilar Isroilning G‘azo sektorida amalga oshirayotgan ishlarini keskin tanqid qilib chiqishmoqda. Bu haqda Amerikada faoliyat ko‘rsatuvchi jurnalist Behzod Mamadiyev feysbukdagi sahifasida yozdi.

AQSh siyosatchilari orasida Isroilni tanqid qilish u yoqda tursin, hatto unga nisbatan mavjud hukumat siyosatini savol ostiga olish ham yaqin-yaqingacha imkonsiz bir ish edi.

Endi bu an'ananing ildiziga qurt tusha boshlagandek. Kongressdagi musulmon qonunchilardan biri Rashida Tolib o‘tgan hafta Vakillar palatasida chiqish qilib, Isroilni aparteid (ayirmachi) rejim deb atadi. Falastinlik muhojirlar farzandi bo‘lgan bu qonunchi g‘azolik bir ona yozgan xatni ko‘zida yosh bilan o‘qib berdi:

«Bugun bolalar bilan bir xonada uxladik. Chunki o‘lsak, birga o‘laylik. Toki ortimizda qaysidir birimiz omon qolib, boshqa o‘lganlar uchun ezilib motam tutmasin...»

Rashida Tolib, shuningdek, Tvitter orqali qilgan chiqishida o‘z partiyadoshi prezident Jo Baydenni keskin tanqid qildi.

«Agar otashkesimni (otishmalar to‘xtatilishini) xohlasangiz, BMT Xavfsizlik Kengashi yo‘lini to‘smasdan boshqa davlatlar qatoriga qo‘shiling. Aparteid rejim rahbari Netanyahu yaxshi gapga ko‘nmaydi. U urush jinoyatlarini sodir etadi va xalqaro huquqni ochiqchasiga poymol qiladi», deb yozdi u.

O‘tgan saylovda prezidentlik uchun nomzodini qo‘ygan demokrat senator Berni Sanders ham New York Times nashrida AQSh siyosatini tanqid qiluvchi maqolasini e'lon qildi.

«Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekan, buni tushunamiz. Lekin falastinliklarning huquqi yo‘qmi? Nega hech kim bu haqda so‘ramaydi?» deya s tutdi u.

Yahudiy millatiga mansub Sanders ixtilofning sababi HAMAS otgan raketalar emas, balki Isroilning kuchayib borayotgan bosqini va zulmi ekaniga e'tibor qaratdi.

«Har yili Isroilga berilayotgan qariyb to‘rt milliard dollarlik harbiy yordamni qayta ko‘rib chiqish kerak; AQSh tomonidan inson huquqlari buzilishining qo‘llab-quvvatlanishi noqonuniy», dedi u.

Yana bir demokrat qonunchi Aleksandriya Okasio-Kortes AQShni ikki yuzlamachilikda aybladi.

U Tvitterda G‘azodagi binolardan birining vayron qilinishi aks etgan videoni bo‘lishib, «Bu ishlar AQSh yordami bilan bo‘lyapti. Kim nima desa desin, AQSh otishmani to‘xtatish bo‘yicha BMT chaqirig‘iga veto qo‘ydi. Bayden ma'muriyati o‘z ittifoqdoshiga qarshi tura olmasa, kimga qarshi tura oladi? Qanday qilib ular inson huquqlarini himoya qilyapmiz, deb da'vo qila oladi?» deb yozdi.

U, shuningdek, boshqa bir tvitida «Aparteid davlatlar demokratiya emas», dedi. Bu bilan u «Isroil Yaqin Sharqdagi yagona demokratiya» deya keng tarqalgan qarashni rad etdi.

Kongressdagi yana bir musulmon qonunchi, demokrat Ilhan Umar ham Baydenni ayab o‘tirmadi. U prezident nutqida falastinliklar tilga olinmaganidan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.

«Shayx Jarra (Sharqiy Quddusning falastinliklar quvib chiqarilayotgan mahallasi) tilga olinmadi. Al-Aqsoga qilingan reyd tilga olinmadi. Havo hujumlarida o‘ldirilgan begunoh 13 bola tilga olinmadi. Millionlab odamlar ustidan ochiq qamoqxona shaklida davom etayotgan bosqin tilga olinmadi. Siz inson huquqlariga diqqat qaratmayapsiz. Siz mustabid bosqinning yonini olyapsiz», deb yozdi u.

Falastinda boshlangan so‘nggi to‘qnashuvlar Bayden ma'muriyati uchun jiddiy sinov bo‘ldi. Qator masalalarda progressiv siyosat yuritib, ko‘pchilikning olqishini olgan yangi prezident Isroilga kelganda eski an'ana va siyosatga sodiq qolishni ma'qul topdi: falastinliklar nolasiga quloq tutmay, Isroilni bir taraflama qo‘llab-quvvatlashda davom etdi.

Ammo vaziyat o‘zgarayotgandek. Kapitoliydagi oliy minbarlarda Isroilga qarshi ilgari hech eshitilmagan tanqidlar yangramoqda.

Bu bayonotlar amalda AQSh siyosatida biror o‘zgarish yasay oladimi? Buning yaqin orada ro‘y berishi ehtimoli deyarli yo‘q, ammo Isroilga «hech qanday shartlarsiz berilayotgan doimiy himoya» qachondir tugashi aniq. Chunki botilni uzoq vaqt yashirib, himoya qilib bo‘lmaydi.

Mavzuga oid