Jahon | 09:07 / 21.05.2021
20196
5 daqiqa o‘qiladi

Reportaj: Venetsiya biyennalesida O‘zbekiston paviloni ochildi

Xalqaro arxitektura biyennalesida O‘zbekiston paviloni taqdim etildi. Ochilish marosimida Aziz Abduhakimov va Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqdi, kutilmaganda YuNeSKO bosh direktori ham tashrif buyurdi.

20 may kuni Italiyaning Venetsiya shahrida, xalqaro me’morchilik biyennalesi doirasida O‘zbekiston pavilonining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri Venetsiyadan xabar bermoqda.

O‘zbekiston ushbu yirik arxitektura va san’at tadbirida ilk marta qatnashmoqda. Milliy pavilon o‘zbek mahallalariga bag‘ishlangan.

«Mahalla: shahar va qishloq hayoti» nomli loyihadan maqsad – xalqaro darajadagi madaniy tadbirlarda milliy ishtirokni ta’minlash hamda o‘zbek mahallalarining o‘ziga xos jihatlarini ochib berish.

Ochilish marosimida O‘zbekiston nomidan bosh vazir o‘rinbosari – milliy pavilon tashkiliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva va jamg‘arma ijrochi direktori Gayane Umerova va loyihaning boshqa ishtirokchilari qatnashdi.

«Loyiha tashkiliy qo‘mitasi raisi sifatida pavilonimizga tashrif buyurganingizdan minnatdorman. Umid qilamanki, milliy pavilonimizda taqdim etilgan O‘zbekistonning boy madaniy merosi sizda zavq uyg‘otmay qolmaydi.

Ayni paytda biz Venetsiya Respublikasini dunyoning boshqa qismlari bilan bog‘lab turgan tarixiy kemasozlik maskani – Arsenalda turibmiz. Bugun ham butun dunyo shu yerda jam bo‘lgan. Bu galgi biyennale xalqaro aloqalarga jiddiy salbiy ta’sir qilgan koronavirus pandemiyasi yilidan keyin bo‘lib o‘tayotgani ayniqsa muhim», – ta’kidladi Aziz Abduhakimov.

Madaniyat va san’at fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘z so‘zida fond va tashkilotchilar O‘zbekiston milliy madaniy merosi mavzusida ekspertlar bilan ochiq muloqotga tayyorligini qayd etdi.

«Venetsiya biyennalesi – juda ko‘plab ajoyib insonlar, ekspertlar, professionallar, entuziastlarni bir joyda jamlaydigan, ularga madaniyatlar almashinuvi uchun beqiyos imkoniyat taqdim etuvchi fantastik anjuman.

Bu yerdagi bizning ko‘rgazmamiz mahallaga bag‘ishlangan. Mahalla – takrorlanmas me’moriy-ijtimoiy fenomen; jamiyat ichida yashashning an’anaviy usuli, qo‘shnichilikning bir shakli va mahalliy boshqaruv birligi.

Mahalla – bu bizning tariximiz. Shu bilan birga, u hozirgi urbanizatsiya jarayonlarining ham muhim bir qismi. Mahalla shaharliklar hayotida ham alohida o‘ringa ega», – dedi Saida Mirziyoyeva.

Mirziyoyeva loyihani amalga oshirishda yaqindan ko‘mak bergan ijodkorlarga minnatdorlik bildirib, barchani O‘zbekistonga taklif etdi.

Ochilish marosimiga YuNeSKO bosh direktori Odri Ouzel xonim ham tashrif buyurdi. Marosim mehmonlari ro‘yxatida bo‘lmagan holda o‘z tashabbusi bilan O‘zbekiston paviloniga qiziqish bildirgan Odri Azulay xonim loyiha vakillari bilan suhbatlashib, pavilonga yuqori baho berdi.

Ko‘rgazma Tsyurixdagi Oliy texnika maktabining arxitektura va san’at professorlari, Christ & Gantenbein asoschilari – Emanuel Krist va Kristof Gantenbeyn, ispaniyalik rassom va ovoz rejissyori Karlos Kasas hamda niderland fotografi va rassomi Bas Prinsen ishtirokida tayyorlangan. Tadqiqotlarga Viktoriya Iston rahbarlik qilgan.

Ijodiy jamoa O‘zbekistonga bir necha marta tashrif buyurib, mahallalar hayotini o‘rgangan, mahalladagi insonlar bilan suhbatlashib, foto va audiomahsulotlar to‘plagan.

Shu asosda biyennaledagi O‘zbekiston paviloniga installyatsiya o‘rnatilgan. Unda tovush landshaftlari yordamida tomoshabin xonadan xonaga o‘tib, turli xil yashash muhitlariga guvoh bo‘ladi. Tovush bloklarining bir qismi dinamik bo‘lgani uchun tovush landshafti kun davomida o‘zgarib turadi.

Ko‘rgazmaning ajralmas qismi – fanzin (fan magazine – fan-jurnal). Mehmonlarga bepul taqdim etiladigan fanzinda hozirgi kun mahallalarida mavjud madaniy meros haqida so‘z boradi.

Loyiha komissari – Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi. Tadqiqotga Toshkentda san’at sohasida tahsil oluvchi talabalar ko‘mak bergan.

XVII Xalqaro me’morchilik biyennalesi 6 oy davom etadi.

Mavzuga oid