O‘zbekiston | 23:12 / 21.05.2021
33351
5 daqiqa o‘qiladi

Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida nimalar muhokama qilindi?

21 may kuni Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashining videokonferensiya shaklidagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi raisi Mixail Myasnikovich ishtirok etdi.

Mazkur yig‘ilishda davlat rahbarlari pandemiya va uning oqibatlarini bartaraf qilish, ichki bozordagi to‘siqlar va boshqa muhim mavzularda so‘z yuritdi.

To‘siqlarni bartaraf etish

Yig‘ilishda qatnashgan barcha rahbarlar YeOII ichidagi turli to‘siqlarni olib tashlash va umumiy bozorlar tashkil etishni jadallashtirish fikrini bildirdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin "tovarlar savdosidagi keraksiz to‘siq va cheklovlarni olib tashlash" alohida e'tibor talab qilishini va bu yo‘nalishda ish olib borilayotganini ta'kidladi.

U shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxining keskin ko‘tarilishi muammosini hal qilishga qaratilgan hamkorlikdagi harakatlarni qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda "shakar bozorida YeOII davlatlarining narx siyosatini muvofiqlashtirishga qaratilgan aniq qarorlar" qabul qilindi.

Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan Yerevan uchun umumiy gaz bozorini tashkil etish va uni uchinchi mamlakatlardan import qilish bo‘yicha tarif o‘rnatish ustuvor ekanini aytdi. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko esa YeOII uchun "uglevodorodlar ichki savdosida dollardan voz kechish qarorini qabul qilish" vaqti kelganini ta'kidladi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning aytishicha, ichki bozorni himoya qilish bo‘yicha cheklov choralari agrosanoat majmuasi rivojini to‘xtatib qo‘yishi va oziq-ovqat taqchilligiga olib kelishi mumkin.

"Albatta, ayrim hollarda vaqtinchalik cheklovlar qabul qilinishini oqlash mumkin. Ammo shu bilan birga, bunday cheklovlar ittifoq mamlakatlariga nisbatan qo‘llanilmasligi kerak deb hisoblayman", – dedi u.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham YeOIIga a'zo davlatlar o‘rtasidagi to‘siqlarni bartaraf etishda hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

“Biz Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi va a'zo davlatlar bilan to‘siqlarni bartaraf etish hamda savdo-sotiqni tartibga solishning tarifsiz choralarini yanada yaqinlashtirish bo‘yicha faol hamkorlik qilishga tayyormiz”, dedi Mirziyoyev.

Qatnovlarni tiklash

O‘zbekiston prezidenti, shuningdek, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo davlatlar o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni tiklashni taklif qildi. 

"Epidemiologik vaziyatning barqarorlashishini, mamlakatlarimizda aholini emlash jarayonini hisobga olgan holda, biz muntazam havo va temir yo‘l qatnovini tiklash vaqti keldi, deb o‘ylaymiz", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko esa YeOII makonida fuqarolarning erkin harakatlanishini tiklash bo‘yicha “o‘zaro harakatlar algoritmi”ni kelishib olishga chaqirdi.

"Albatta, koronavirus va boshqa kasalliklarning tarqalishini cheklash choralarini ko‘rgan holda", - dedi u.

Tashqi bozor

Yig‘ilishning yana bir mavzusi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirmaydigan mamlakatlar bilan savdo-sotiqni rivojlantirish bo‘ldi. Xususan, Putin Indoneziya va Mongoliya bilan erkin savdo to‘g‘risida kelishuv imzolash masalasini o‘rganib chiqishni, Hindiston bilan bu borada muzokara boshlashni, Isroil va Misr bilan esa muzokaralarni faollashtirishni taklif qildi.

Putin shuningdek, Lukashenkoning Xitoy bilan faolroq hamkorlik qilish taklifini ham qo‘llab-quvvatladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "shu bilan xavfsizlik, iqtisodiy va gumanitar sohalarda Ulkan Yevrosiyo hamkorligini shakllantirish g‘oyasini amalga oshirish uchun yaxshi asos paydo bo‘ladi".

Vaksina to‘g‘risida

YeOII mamlakatlari rahbarlari pandemiya va unga qarshi kurashish mavzusiga ham to‘xtalib o‘tishdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, Belarus va Qozog‘iston ortidan Armaniston va Qirg‘izistonda ham "Sputnik V" vaksinasini ishlab chiqarish boshlanishi mumkin. 

Qozog‘iston prezidenti esa aynan immunizatsiya virusga qarshi kurash garovi ekanini ta'kidladi va bu sohadagi hamkorlikni davom ettirishga chaqirdi.

Shuningdek, To‘qayev davlat rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi an'anaviy shaklda o‘tishiga umid bildirdi.

Mavzuga oid