Jahon | 23:51 / 02.06.2021
21149
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda 7 yoshli bola otasi va singlisini qutqarib qoldi

AQShning Florida shtatida 7 yashar Cheyz Poust oqim oqizib ketgan otasi va singlisiga yordam chaqirish uchun qirg‘oqqa qarab 1 soat davomida suzdi. Endilikda bolakayni hamma qahramon deb atamoqda, deb xabar berdi CNN axborot agentligi.

Cheyzning otasi Stiven Poust 2 nafar farzandi bilan Jyeksonvilldagi Sent-Jons daryosida cho‘milishga qaror qilgan. U daryo o‘rtasiga qayiqda borib, qizi va o‘g‘li suzishi uchun u yerga langar tashlagan.

Stivenning qizi – 4 yoshli Ebigeylni qayiq chetini ushlab cho‘milayotganida birdaniga kuchli oqim olib keta boshlagan. Qizcha qutqaruv jiletida bo‘lgan. Cheyz singlisi ortidan tushganda otasi unga qirg‘oqqa suzishni va yordam chaqirishni buyurgan, o‘zi esa qizini qutqarishini aytgan.

«Men unga yaxshi ko‘rishimni aytdim, chunki barchasi nima bilan tugashini bilmasdim. Men ularning ikkovini ham ushlab qolishga harakat qildim, lekin holdan toyib qoldim. Qizimni oqim borgan sari nariga olib ketayotgandi», deb voqeani eslagan ota.

Bolaning aytishicha, u kuchini saqlab qolish uchun qirg‘oqqa qarab chalqancha va «kuchukchasiga» suzgan. Cheyz qirg‘oqqa yetib borishi bilanoq yordam chaqirishga tushib ketgan.

Qutqaruvchilar qayiqni topishganda yon-atrofda hech kim bo‘lmagan. Ular qidiruvni kengaytirish uchun darhol qo‘shimcha kuchlarni jalb qilishgan. Natijada ota va qiz qayiqdan taxminan 3 km olisroqda topilgan.

Mavzuga oid