Jahon | 11:28 / 04.06.2021
5203
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziya koronavirus bois bu yilgi hajni ham bekor qildi

Dunyoning musulmon aholi soni bo‘yicha birinchi mamlakati hisoblanuvchi Indoneziya hukumati COVID-19 pandemiyasi xatari bois o‘z fuqarolariga ikkinchi yildirki haj ibodatini ado etishni bekor qildi. Bu haqda Reuters agentligi mamlakat din ishlari bo‘yicha vazir bayonotiga asoslangan holda xabar qilmoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, aksar ko‘pchilik indoneziyaliklar uchun haj safari umrida bir marta ado eta oladigan ibodatdir. Ular kvota tizimi bois 20 yil davomida navbat kutishlariga to‘g‘ri keladi.

«Pandemiya bois hamda ziyoratchilarning xavfsizligi nuqtayi nazaridan hukumat bu yil ham indoneziyaliklarga hajga borishga ruxsat bermaslikka qaror qildi», - degan din ishlari bo‘yicha vazir Yaqut Cholil Qoumas.

Uning aytishicha, Saudiya Arabistoni hamon bu yilgi haj kvotalarini e'lon qilgani yo‘q.

«Bunday qaror qilgan faqat Indoneziya emas. Hech bir davlat hozircha kvota olgani yo‘q. Chunki, bu borada anglashuv memorandumi imzolangani yo‘q. Haj pulini to‘lab qo‘yganlar kelgusi yili hajni ado etadi», - deya qo‘shimcha qilgan vazir.

Saudiya Arabistoni hukumati koronavirus tarqalishini jilovlay olgan dunyoning 11 mamlakati fuqarolariga podshohlikka kirishga ruxsat bergan edi. Shu bilan birga, ularga ham karantin choralari qo‘llanilishi belgilandi.

Pandemiya bois global miqyosda ijtimoiy masofa choralari qo‘llanilmasdan ilgari dunyo bo‘ylab yiliga 3 mln atrofida mo‘min-musulmonlar Islomning beshinchi arkonini ado etish uchun Makka va Madinani ziyorat qilar edi. 

Mavzuga oid