O‘zbekiston | 16:31 / 06.06.2021
16328
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorodan Toshkentga olib ketilayotgan sifatsiz go‘shtlar Navoiyda to‘xtatib qolindi

Navoiy viloyatida Toshkentga olib ketilayotgan sifatsiz go‘shtlar to‘xtatib qolingan. Bu haqda viloyat IIB PPX va JSTB karantin tadbirlarini ta'minlash bo‘linmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 4-5 iyun kunlari Navoiy viloyati Karmana tumanida joylashgan «Samarqand» YPX maskanida Buxoro viloyatidan Toshkent shahriga sifatsiz go‘sht va go‘sht mahsulotlari olib ketayotgan shaxslar aniqlangan.

Jumladan, 4 iyun kuni soat 23:20 larda Buxoro viloyati, Peshku tumanida yashovchi 1983 yilda tug‘ilgan N.H. boshqaruvidagi «Lasetti» Navoiy viloyati IIB PPX va JTSB Karantin tadbirlarini ta'minlash bo‘linmasi xodimlari tomonidan to‘xtatib tekshirilgan. 

Tekshiruv davomida mashina yukxonasida 105 kilogramm kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan yirik shoxli qoramol go‘shtini veterinariya-sanitariya qoidalari talablariga zid ravishda Toshkent shahriga sotish maqsadida olib ketayotganligi aniqlangan.

Shuningdek, joriy yil 5 iyun kuni soat 00:25 larda Buxoro viloyati, Peshku tumanida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan O.A. boshqaruvidagi ISUZU yuk mashinasi Navoiy viloyati IIB PPX va JTSB Karantin tadbirlarini ta'minlash bo‘linmasi xodimlari tomonidan to‘xtatib tekshirilgan. Tekshiruv davomida, mashina yukxonasida 160 kilogramm kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan yirik shoxli qoramol go‘shti, yirik shoxli qoramolning 200 dona kallasi hamda 12 ta qopda 1 500 kilogramm bo‘lgan tovuq go‘shti, jami 3 tonnaga yaqin mahsulotlarni olib ketayotganligi aniqlangan.

Ushbu olib ketilayotgan mahsulotlarning sifatiga aniqlik kiritish maqsadida viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi hamda mas'ul xodimlar tomonidan tekshirilganda, fuqaro ushbu go‘sht mahsulotlari veterinariya-sanitariya qoidalari talablariga zid ravishda Toshkent shahriga sotish maqsadida olib ketayotganligi ma'lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan fuqarolarga nisbatan Ma'muriy kodeksning 109-moddasiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib tushuntirish ishlari olib borilgan.

Mavzuga oid