Sport | 23:41 / 13.06.2021
8767
6 daqiqa o‘qiladi

«Rolan Garros»da g‘oliblar aniqlandi

Professional tennischilar jahon reytingi yetakchisi, serbiyalik Novak Jokovich va chexiyalik tennischi Barbora Kreychikova 2021 yilgi Fransiya ochiq chempionati Roland Garros-2021 g‘oliblariga aylanishdi.

Foto: Adam Pretty /Getty Images

Jahonning birinchi raqamli raketkasi Novak Jokovich «Rolan Garros» finalida besh set davom etgan uchrashuvda gretsiyalik tennischi Stefanos Tsitsipasni mag‘lub etdi va «Katta dubulg‘a» turnirlaridagi 19-sovrinini qo‘lga kiritdi. Uning asosiy raqiblari Rafael Nadal va Rodjyer Federerda 20tadan g‘oliblik bor.

Uchrashuv hisobi - 6-7, 2-6, 6-3, 6-2, 6-4.

Ko‘plab sharhlovchilar aslida turnir finali maqomiga teng uchrashuv yarimfinaldayoq bo‘lib o‘tgan degan fikrda edi, Jokovich yarimfinalda turnirning asosiy favoriti bo‘lgan Nadalni yenggandi. Nadalni «grunt kortlar qiroli» deb atashadi, u «Rolan Garros»da 13 bor g‘olib chiqqan, u o‘z faoliyati mobaynida Parijda bir necha set yutqazgan, xolos.

Finaldagi mag‘lubiyatga qaramay, Tsitsipas va tennis uchun qator sabablarga ko‘ra bu bahs tarixiy bo‘ldi. Birinchidan, Gretsiya vakili ilk bor «Katta dubulg‘a» turnirlari finalida o‘ynadi.

22 yoshli Tsitsipas Ende Marrey davridan buyon «Katta dubulg‘a» finalida o‘ynagan eng yosh tennischi bo‘ldi - angliyalik tennischi bu maqomga erishganida 23 yoshda edi, o‘shanda u 2010 yili Australian Open finaliga chiqqandi.

Shuningdek, Nadalning seriyasi yakunlanishi kutilmagan hol bo‘ldi - u Parij gruntlarida jami 13 bor g‘olib chiqqanidan tashqari, 2017 yildan buyon uzluksiz chempion bo‘lib kelayotgandi.

Stefanos Tsitsipas bungacha ikki marta «Katta dubulg‘a» turnirlarida yarimfinalgacha yetib borgan (ikki safar ham Australian Open turnirida) va ikki safar ham yutqazgan: 2019 yilda u Rafael Nadalga, 2021 yilda - Daniil Medvedevga.

U Jokovichga qarshi 9 o‘yindan uchtasida g‘olib bo‘lgan, shu tufayli serbiyalik tennischini final arafasida yaqqol favorit deb bo‘lmasdi. Lekin gretsiyalik tennischi murakkab qoplamali deb hisoblanuvchi grunt kortlarda biror marta g‘olib chiqmagan.

Voqealar rivoji
Tsitsipas dastlabki ikki setda ustun keldi: birinchi set tay-breykka olib borildi, ikkinchisida oson g‘alabaga erishildi - 6-2. Ammo keyin Jokovich kambek amalga oshirib, keyingi ikki partiyada g‘alaba qozondi.

Ko‘pchilik buni kutmagan bo‘lsa-da, uchrashuv taqdiri beshinchi setda hal bo‘ldi.

Ushbu bahsdagi burilish nuqtasi beshinchi setning uchinchi geymida ro‘y berdi, bu geymdagi shiddatli kurash Jokovich foydasiga hal bo‘ldi. Set davomida gretsiyalik tennischi raqib boshlagan g‘olib bo‘lib breyk amalga oshira olmadi va bu yakunda uning mag‘lubiyatiga olib keldi.

Matchdan oldin ko‘plab tennis ixlosmandlari, ayniqsa Nadalning mag‘lubiyatidan alamzada bo‘lganlar bu o‘yinda barchasi Jokovichning rejasi bo‘yicha ketmasa, u albatta tibbiy  taymaut olishini tusmol qilishgandi. Serbiyalik tennischi haqida raqibning o‘yini chiqayotgan vaqtlarda tanaffus qilib, tempni buzuvchi tennischi reputatsiyasi shakllangan.

Bu bahsda ham kortga shifokorlar tushishiga to‘g‘ri keldi, ammo ular bu safar Stefanos Tsitsipasga kerak edi. Bahs uchinchi setdan keyin to‘xtatildi, bu vaziyatda gretsiyalik tennischi qattiq yiqilib tushgandi.

Novak ham uchrashuv davomida kortga yiqildi, bunday holatlar u bilan har qanday qoplamali kortlarda bo‘lib turadi.

Umuman olganda, Filipp Shatri kortida - Fransiya ochiq chempionatining asosiy kortida - qariyb pandemiya davrigacha bo‘lgan muhit hukmronlik qildi. Fransiya hukumati karantin choralarini yumshatgani tufayli muxlislar tashrifiga ruxsat berilgandi, lekin tribunalar to‘liq to‘ldirilishi taqiqlangandi.

12 iyun kuni ayollar o‘rtasidagi bahslarda chexiyalik tennischi Barbora Kreychikova zafar quchgandi. Chexiya vakili finalda rossiyalik Anastasiya Pavlyuchenkova bilan bellashib, uchrashuvni 6:1, 2:6, 6:4 hisobida o‘z foydasiga yakunlay oldi.

Kreychikova faoliyatida birinchi marta «Katta dubulg‘a»ga kiruvchi musobaqada zafar quchdi. Bungacha uning hisobida WTA tomonidan o‘tkazilgan bir musobaqadagina qo‘lga kiritilgan g‘alaba bor edi. Bundan tashqari, Kreychikova Fransiya ochiq chempionatida g‘alaba qozongan birinchi chexiyalik ayol tennischi bo‘ldi.

 

Kreychikova muqaddam juftlik bahslaridagi ishtiroki tufayli jahon reytingining birinchi pog‘onasidan o‘rin olgan, u yakkalik bahslarida «Katta dubulg‘a» turnirlarida atigi besh bor ishtirok etgan va joriy turnirga saralangan tennischilar qatorida ham emasdi, uning finaldagi raqibi Pavlyuchenkova esa turnirga 31-raqamli tennischi sifatida tashrif buyurgandi.

Endi Barbora Kreychikovada juftlik bahslarida ham g‘olib chiqish imkoniyati mavjud: u finalda Katerina Sinyakova bilan o‘ynaydi.

«Rolan Garros»da bir vaqtning o‘zida ham yakkalik, ham juftlik bahslarida chempionlikka erishgan so‘nggi sportchi fransiyalik Meri Pirs bo‘lgandi - u bunday natijani 2000 yilda qayd etgan.

Mavzuga oid