O‘zbekiston | 07:55 / 18.06.2021
43926
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon jome masjidining yangi binosi ochildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati Bosh jome masjidini borib ko‘rdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, bu joyda ilk masjid 1870 yilda tiklangan. Hozirgi masjid qurilishi 2018 yilda boshlanib, shu yil may oyida yakunlandi.

Yangi bino qadimiy chor ayvon va chor darvoza uslubida barpo etilgan. Uning ikki chetida balandligi 54 metrlik minoralar, asosiy binoning tepa qismida diametri 18 metrli gumbaz qurilgan.

Ilgari masjid sig‘imi 5 ming kishini tashkil qilgan bo‘lsa, endi bino 15 mingdan ortiq namozxonni o‘z ichiga sig‘dira oladi.

Qur'on oyatlaridan tilovat etilib, duo qilindi.

 - Bu dargohni barpo etishga hissa qo‘shgan muhandislar, quruvchi va bezakchilar, homiylarga minnatdorchilik bildiraman. Masjid Andijon xalqiga muborak bo‘lsin, uzoq yillar xalqimizga xizmat qilsin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda ulamo va imom-xatiblar bilan muloqot bo‘ldi.

- Hamma joylarda muqaddas ziyoratgohlarni obod qilish, yangi masjid va ma'rifat markazlari qurishga e'tibor qaratyapmiz. Bunday xayrli ishlarni davom ettiramiz. Mo‘min-musulmonlar bu yerga kelib, ibodatlarni emin-erkin bajarib, shukronalik bilan xalqimizni duolar qilsa, nur ustiga nur, - dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid