Surxondaryodagi ko‘prik qurilishi mablag‘ yetishmovchiligi sabab to‘xtab qolgani ma'lum qilindi
Joriy yil 28 iyun kuni Surxondaryo | Kun.uz Telegram kanalida «Sherobodda qurilishi tugallanmagan ko‘prik sabab aholi daryodan kechib o‘tmoqda» sarlavhasi bilan tanqidiy videolavha e'lon qilingan edi. Tuman hokimligi mazkur videolavha bo‘yicha munosabat bildirdi. Unda yozilishicha, ko‘prik qurilishining oxiriga yetmaganiga mablag‘ yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.
Tuman hokimligi sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik majmuasi bergan ma'lumotga ko‘ra, Sherobod daryosi Qishloqbozor va Chuqurko‘l mahallalarini bog‘laydigan ko‘prik bir necha yillar avval kuchli sel oqibatida yaroqsiz holga kelgan. Ko‘prikni mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ta'mirlash ishlari reja qilingan va 2020 yil 19 fevral kuni «Xo‘shboq Ali Angor» MChJ tomonidan qurilish ishlari boshlangan.
Qayd etilishicha, ko‘prikni ta'mirlash ishlari uchun jami 4 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kungacha ko‘prikda 70 foiz, jami loyiha qiymatidan 2 milliard 900 million so‘mlik ishlar bajarilgan. Quruvchi tashkilotga mahalliy budjetdan 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgan.
Ta'kidlanishicha, mahalliy budjetda ortiqcha mablag‘lar yo‘qligi sababli qurilish ishlari vaqtincha to‘xtab qolgan. Hozirda Surxondaryo viloyat mahalliy budjetidan yana 370 million so‘m pul mablag‘i ajratilgan. Qurilish tashkiloti tomonidan ishlarini davom ettirish uchun Toshkent shahriga tegishli materiallarga buyurtmalar berilgan hamda qurilish-montaj ishlari boshlanmoqda. Qurilish ishlarini yakunlash uchun yana 1 milliard 930 million so‘m mablag‘ zarur bo‘ladi.
P.S. Demak, yana qariyb 2 milliard pul topilmasa, Sheroboddagi ko‘prikning bitishi ortga surilaveradi.
Mavzuga oid
17:41 / 30.10.2024
Surxondaryoda isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlanadi
16:54 / 26.10.2024
Surxondaryo viloyatiga yangi prokuror tayinlandi
19:37 / 25.09.2024
Sho‘rchi tumani hokimi o‘zgardi
17:09 / 24.09.2024