Yuzlab afg‘on harbiylari toliblar hujumidan Tojikistonga qochib o‘tmoqda
So‘nggi kunlarda Afg‘oniston armiyasining mingdan ortiq harbiysi toliblar bilan janglardan chekinib, jon saqlash uchun Tojikiston hududiga qochib yashirinishga majbur bo‘lgan.
«Xovar» axborot agentligi chegara qo‘shinlari matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, dushanba kuniga o‘tar kechasi Tojikistonga chegara orqali 1037 nafar afg‘on harbiy xizmatchisi kirgan. Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, bir kun oldinroq, 4 iyul kuni Tojikistonga yana 94 nafar afg‘on harbiysi qochib o‘tgandi.
Tojikiston hukumati afg‘on harbiy xizmatchilariga o‘z hududiga kirishga ruxsat bermoqda. «Xovar» xabariga ko‘ra, afg‘onistonlik harbiylar chegaradan bir vaqtda emas, guruh-guruh bo‘lib turli vaqtlarda va chegaraning turli nuqtalarida o‘tishgan. Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlash uchun 20 ming harbiy xizmatchini safarbar qildi.
«Interfaks» 3 iyul kuni 300 nafarga yaqin afg‘on harbiylari «Tolibon» harakati hujumi ostida Tojikiston hududiga chekingani haqida xabar bergandi. Iyun oyi oxirida ham o‘nlab afg‘on harbiylari tojiklar hududiga qochib o‘tgandi.
Xorijiy bazalarsiz
Afg‘onistondagi vaziyat mamlakatdan AQSh va NATO mamlakatlari harbiy kontingenti olib ketilishi fonida yomonlashmoqda.
Afg‘onistonning bir necha tumanlarida qaqshatqich janglar davom etmoqda. So‘nggi kunlarda Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan Badaxshon viloyatida toliblar yaqqol ustun kela boshlagan.
Iyul oyida toliblar janubdagi Qandahor viloyatida ham katta hududlarni egallab oldi, o‘tgan oyda shimoldagi Qunduz va markazdagi Vardak egallangandi. Afg‘oniston rasmiylari ma'lumotiga ko‘ra, hozirda mamlakat hududining uchdan bir qismi toliblar qo‘liga o‘tgan.
BBC radiosi Afg‘on xizmati muharriri, professor Dovud A'zamiyning aytishicha, hukumat kuchlarining jangovar tayyorgarligi yuqori darajada emas.
«AQSh va NATO kuchlarining zudlik bilan olib ketilishi afg‘on xavfsizlik kuchlarini ruhiy jihatdan sindirdi. Toliblar birdaniga bir necha frontdan hujumga o‘tgani bois hukumat kuchlari mamlakatning qator tumanlarida, ayniqsa amerikalik harbiylarning havodan qo‘llab-quvvatlovi to‘xtagan pallada, o‘z pozitsiyalarini himoya qilish uchun imkoniyat va resurslar yetishiga ishonqiramayapti», deydi tahlilchi.
2020 yilda AQSh va «Tolibon» vakillari Dohada tinchlik kelishuvini imzolashgandi. Unga ko‘ra Afg‘onistondan xorij harbiylarini 14 oy muddat ichida olib ketish, asirlar almashuvi va mamlakatning legitim hukumati bilan muloqot o‘rnatish ko‘zda tutilgandi.
14 oylik muhlat 2021 yilning 1 mayida yakunlangan bo‘lsa-da, Bayden amerikalik harbiylarni to‘liq olib chiqish muddatini 11 sentyabrga qoldirgandi. O‘tgan hafta oxirida Afg‘onistondagi xalqaro harbiy amaliyotlar o‘tkazishda foydalanib kelingan eng asosiy punkt - Bagromdagi harbiy bazani so‘nggi xorijlik harbiylar ham tark etishdi.
Reuters manbasi xabar berishicha, Afg‘onistonda kichik kontingent qoldiriladi, bu harbiylar Amerika elchixonasi va Kobuldagi xalqaro aeroportni qo‘riqlashadi.
Toliblarning ultimatumi
Ammo toliblar Afg‘onistonda birorta ham xorijlik askar qolmasligini talab qilishmoqda. Harakat vakili Suhayl Shahin BBC uchun bergan intervyusida shu haqda aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu talab AQSh mudofaa vazirligi bilan shartnoma asosida xizmat qiluvchi xodimlarga ham taalluqli bo‘ladi.
«Biz xorijlik harbiylarga qarshimiz, ammo diplomatlarga, nodavlat tashkilotlar xodimlariga emas. Nodavlat tashkilotlar va elchixonalar - bizning odamlarimizga kerak, biz ularga tahdid solmaymiz», degan «Tolibon» vakili.
Suhayl Shahinning so‘zlariga ko‘ra, uyezdlar va shaharlarning katta qismi janglar natijasida emas, muzokaralar vositasida qo‘lga kiritilmoqda - hukumat kuchlari shunchaki ular bilan jang qilishni istamayapti.
«Toliblar hukumat kuchlari jangchilari bilan muzokaralarga kirishmoqda va ularga demoqda: «Sizlarda uch haftadan buyon yeyishga ovqat yo‘q, sizlarda o‘q-dori yetishmayapti, hech kim sizlarni qutqarishga kelmaydi, jarohatlanganlar va halok bo‘lganlarni hech kim olib ketmaydi. Biz esa sizlarni qo‘yib yuborishga tayyormiz, faqat qurollarni topshirsangiz bo‘lgani», - deya hikoya qiladi BBC’ga Afg‘oniston armiyasi maxsus otryadi bilan reydda bo‘lgan Times jurnalisti Entoni Loyd.
Gap Afg‘oniston armiyasining yirik harbiy bazalari haqida borganda esa, «Tolibon» hatto askarlarga o‘z shaxsiy qurollarini olgan holda ketishni taklif etmoqda. Natijada askarlar chekinmoqda, bazalardagi o‘nlab texnikalar, jumladan amerikaliklar tomonidan afg‘on armiyasiga berilgan zamonaviy zirhli avtomobillar toliblar qo‘liga tushmoqda. Shuningdek, jangarilar minomyotlar, ulkan miqdordagi o‘q-dori va boshqa og‘ir qurollarni o‘lja qilib olishmoqda.
Afg‘oniston prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hamdulla Mohib «RIA Novosti»ga bergan intervyusida aytishicha, hukumat uchun toliblarning harakatlari kutilmagan hol bo‘lgan.
«Biz bu yil «Tolibon»dan biz bilan Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar boshlashini kutgandik. Butun dunyo va mintaqaning umidlari shunday edi. Ammo, afsuski, toliblar ogohlantirishsiz yurishlar boshladi, bu esa mamlakatdagi barcha sohalarga salbiy ta'sir ko‘rsatdi: ular tumanlar markazlariga, maktablarga, xavfsizlik xizmatimiz xodimlariga hujumlar qilishdi, ular ko‘priklarni portlatishdi va jamoat infratuzilmalarini yo‘q qilishdi», degan u.
Mohibning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on viloyatlarida hukumat kuchlarini mahalliy aholi vakillaridan tuzilgan qurolli otryadlar qo‘llab-quvvatlamoqda, shu tufayli mamlakatda uzoq davom etadigan fuqarolik urushi boshlanib ketishi mumkin.
Ikkinchi afg‘on urushi bo‘lmaydi
Afg‘onistondagi vaziyat - doimo Rossiya hukumati e'tiborida bo‘lib keladi.
«Biz avval ham bir necha marta aytganmiz, amerikaliklar va ularning ittifoqchilari Afg‘onistondan chiqib keta boshlagandan so‘ng, bu davlatdagi vaziyat xavotirni kuchaytirmoqda.
Vaziyat rivojlanib borishi bilan bizning harbiylarimiz va chegarachilarimiz kerakli qarorlarni qabul qiladi. Biz diqqat bilan kuzatmoqdamiz va afsus bilan aytishimiz mumkinki, beqarorlik yuz bermoqda», degan 5 iyul kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Rossiyaning Afg‘oniston bilan umumiy chegaralari yo‘q, ammo bu davlatning qo‘shnilari - O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston bilan jiddiy iqtisodiy aloqalar bor va bu davlatlardan Rossiyaga ko‘p sonli mehnat muhojirlari kelib ishlashadi.
Dushanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilgan, tomonlar tojik-afg‘on chegarasidagi murakkab vaziyatni muhokama qilishgan. Suhbat davomida Putin Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyatda Tojikistonga zarur qo‘llab-quvvatlov bo‘lishini va'da qildi - ikki tomonlama munosabatlar doirasida ham, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT/ODKB) doirasida ham.
Ko‘plab ekspertlar Afg‘onistondagi vaziyat qo‘shni davlatlar barqarorligiga ta'sir ko‘rsatish orqali Rossiyaga ham tahdid solishi mumkin deb hisoblaydilar.
Shu bilan birga, Moskva hozircha Afg‘onistonga harbiy kontingent yuborishni rejalashtirayotgani yo‘q. Peskov dushanba kungi matbuot anjumanida mintaqaga Rossiya harbiylarini yuborish hali rejada yo‘qligi, ammo vaziyat yanada kuchayib ketsa, «kerakli qarorlar qabul qilinishi»ni aytib o‘tgan. Chegaradagi vaziyat keskinlashgan holatda Tojikistonga yordam ko‘rsatilishi mumkin.
Iyun oyi oxirida KXShT matbuot kotibi Vladimir Zaynetdinov «RIA Novosti» muxbiri bilan suhbatda, «Tojikiston so‘rov bilan chiqsa, KXShT tomonidan o‘zaro kelishuv va tashkilot ustavi bo‘yicha zarur yordam ko‘rsatilishini, bunday yordam siyosiy, harbiy va harbiy-texnik ko‘mak tarzida bo‘lishi»ni aytib o‘tgandi.
Tojikistonda Rossiya armiyasining 201-harbiy bazasi joylashgan, ma'lumotlarga ko‘ra, bu yerda 6 minggacha harbiy bor. Dushanbe yaqinidagi «Ayni» aerodromiga joylashtirilgan Mi-8 va Mi-24 vertolyotlari aviaguruhi ham shu baza tarkibiga kiradi.
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
16:51 / 16.12.2024
Konibodomda yana to‘rt kishining jasadi topildi
19:01 / 10.12.2024
Tojikistonning Konibodomida bir oilaning 6 a’zosi o‘ldirib ketildi
17:52 / 07.12.2024