Surxondaryoda klaster rahbari suv uchun talashib fuqarolarni bezorilarga urdirgani aytilgan hodisa tekshirilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda 1 iyul kuni Surxondaryo viloyati Angor tumanida fuqarolar bilan klaster fermer xo‘jaligi xodimlari o‘rtasida janjal ro‘y bergani haqida video tarqalgan. Viloyat IIB mazkur hodisa Angor tumani IIB tomonidan o‘rganilayotgani haqida ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil 1 iyul kuni Angor tumanining Chinobod mahallasida bir guruh fuqarolar bilan klaster xo‘jaligi rahbari boshchiligida uning ishchilari o‘rtasida suv uchun mojaro yuzaga kelgan. Mojarodan so‘ng fuqarolar ijtimoiy tarmoqlar orqali tuman IIBga videomurojaat yo‘llagan. Murojaatda bildirilishicha, joriy yil 1 iyul kuni Angor tumani Chinobod mahallasida shu yerlik fuqarolar bilan klaster fermer xo‘jaligi xodimlari o‘rtasida janjal ro‘y bergan. Janjalga klaster rahbari fuqarolarga suv ochishga qo‘ymagani sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng klaster rahbari «ko‘cha bezorilari»ni chaqirgan. Janjal chiqarganlar mast holatda bo‘lgan. Janjal paytida kaltak yegan fuqarolar Angor tumani prokuraturasi va IIBdan holatni o‘rganib, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rishlarini so‘ragan.
Viloyat IIB munosabatida bildirilishicha, hozirgi kunda Angor tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Kelgusida mazkur ish yakuni bilan qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda yog‘ingarchilik kam bo‘lgani uchun turli hududlarda suv muammo bo‘lyapti. Buning ortidan ayrim joylarda suv uchun janjallar kelib chiqmoqda.
Mavzuga oid
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15 / 13.11.2024
Uch hududda elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
20:01 / 01.11.2024