O‘zbekiston | 09:56 / 17.07.2021
2268
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi Universitet xiyobonini ta'mirlash loyihasi muhokama qilindi. 2 yil avval jamoatchilik bu ishga qarshi bo‘lgandi

Samarqand shahridagi mashhur Universitet xiyobonini ta'mirlash loyihasi e'lon qilingan. Unga ko‘ra, xiyobonning asl holatini saqlagan holda ta'mirlash taklif etilgan. B haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, viloyat qurilish bosh boshqarmasida jurnalistlar, blogerlar, deputatlar, partiya faollari, mahalla raislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Samarqand shahridagi Universitet xiyobonining yangilanadigan qiyofasi bo‘yicha loyiha takliflari muhokama qilingan.

Muhokama jarayonida xiyobon hududida yangi ekiladigan daraxtlar turlarini mavjudlariga mos bo‘lishini ta'minlash, ariq va zovurlarni tartibga keltirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Bundan tashqari xiyobon atrofida joylashgan binolarning tarixiy qiyofasini saqlab qolgan holda qayta ta'mirlash ishlari muhokama qilingan.

Muhokamada ishtirok etganlar tarixiy ahamiyatga ega xiyobonda savdo do‘konlari bo‘lmasligi, ta'mirlash ishlarida yengil texnikalardan foydalanish, ekologlar nazoratida daraxtlarga zarar yetkazmasdan ishlarni olib borish bo‘yicha qator takliflar bildirilgan. Shuningdek, xiyobonda tungi chiroqlar va chiqindi tashlash jihozlarini yangilash orqali xiyobonning asl holatini saqlab qolish bo‘yicha ham takliflar berilgan.

Bildirilgan takliflar deputatlar va mas'ullar tomonidan yozib olinib, xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasi kun tartibiga kiritilishi belgilangan.

Qayd etilishicha, prezidentning 2021 yil 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi yakuni bilan tasdiqlangan rejaga asosan, mas'ullarga uch oyda Samarqand shahridagi Universitet xiyobonini obodonlashtirish bo‘yicha rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish topshirilgan.

Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining «Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi. Qarorda Universitet xiyobonida piyodalar uchun alleya va turistlar dam olishi uchun sharoit yaratish (Wi-Fi zonalar, zamonaviy yoritish, veloyo‘lak va yugurish uchun yo‘laklar va boshqalar) ham belgilangandi.

Undan biroz avvalroq, 2019 yilning iyun oyida Samarqand shahrida jamoatchilik vakillari Universitet xiyobonida boshlangan ta'mirlashga qarshi ekanligini, ishlar darhol to‘xtatilishini talab qilib, ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilgan edi. O‘shanda ular ta'mirlash ishlari bahonasida xiyobondagi daraxtlar kesib tashlanishidan xavotir bildirgan va bu yerda hatto yengil konstruksiyali binolarning qurilishiga ham qarshi bo‘lgandi.

Shundan so‘ng, viloyat hokimligi mutasaddilari matbuot anjumani o‘tkazib, xiyobonda ta'mirlash ishlari o‘tkazilishi jarayonida birorta ham daraxt kesilmasligini bildirgandi.

Mavzuga oid