Jamiyat | 22:00 / 13.08.2021
12624
2 daqiqa o‘qiladi

Oqqo‘rg‘ondagi bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlangani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Bosh prokuratura Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi bog‘chada 25 nafar bola zaharlangani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun, 2 avgustdan 11 avgustgacha intoksikatsiya sindromining klinik ko‘rinishlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar Toshkent pediatriya instituti klinikasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent 1-shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Oqqo‘rg‘on tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

12 avgust holatiga ko‘ra, 6 nafar tarbiyalanuvchi og‘ir holatda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda, shundan bir nafar tarbiyalanuvchi o‘pkaning sun'iy nafas berish moslamasi (IVL)ga ulangan bo‘lib, o‘ta og‘ir holatda qolmoqda. Qolgan 19 nafar tarbiyalanuvchining holati o‘rtacha og‘ir deb baholangan. Kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilardan bakteriologik tekshiruv o‘tkazish uchun tahlillar olingan va laboratoriyaga yuborilgan.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan konsilium o‘tkazilib, kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilarga klinik ko‘rinishlariga ko‘ra botulizm tashxisiga gumon qilingan.

Oqqo‘rg‘on tumanida bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlanganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid