Jamiyat | 16:17 / 19.08.2021
6820
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati hokimi Bahodir Jalolovga «Škoda» mashinasini sovg‘a qildi

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Tokio-2020da olimpiada chempioni bo‘lgan Bahodir Jalolovga «Škoda» mashinasini sovg‘a qildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun Termiz shahrida Tokioda bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi olimpiya o‘yinlarida sportning boks turi bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan Bahodir Jalolovni tantanali kutib olish va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgan.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, talaba-yoshlar va yosh sportchilar ishtirok etgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov mahoratli bokschimizni erishgan g‘alabasi bilan muborakbod etib, unga «Škoda» yengil avtomashinasining kalitini topshirgan.

Ma'lumot uchun, 8 avgust kuni Tokio Olimpiadasining so‘nggi kunida Bahodir Jalolov (+91 kg) oltin medal uchun amerikalik Richard Torresga qarshi ringga ko‘tarildi va g‘alaba qozonib, olimpiada chempioni bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda olimpiada chempionlarining har biriga mukofot sifatida 200 ming AQSh dollaridan berildi. Bundan tashqari, Bahodir Jalolovga prezident sovg‘asi sifatida «Tahoe» mashinasi va xonadon topshirildi.

Mavzuga oid