Jahon | 16:56 / 24.08.2021
10053
2 daqiqa o‘qiladi

Washington Post: MRB rahbari Kobulda «Tolibon» yetakchisi bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgan

Foto: Reuters

AQSh Markaziy razvedka byurosi direktori Uilyam Berns Afg‘oniston poytaxti Kobulda «Tolibon» harakati siyosiy yetakchisi Abdug‘ani Birodar bilan uchrashgan. Bu haqda The Washington Post'ga tayanib Reuters yozmoqda.

Xabarda aytilishicha, Bayden MRB direktorini toliblar yetakchisi bilan muzokara o‘tkazish uchun yuborgan. Dushanba kuni o‘tkazilgan «oliy darajadagi uchrashuv»da katta ehtimol bilan AQSh va ittifoqchilari fuqarolarining evakuatsiya qilinishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.

Reuters bu ma'lumotning ishonchli ekanini tasdiqlay olmagan. Oq uy va MRB nashrning bu borada so‘rovlariga javob bermagan.

Oldinroq «Tolibon» harakati g‘arb qo‘shinlari va ketishni istayotgan diplomatlar 31 avgustgacha Afg‘onistonni tark etishi kerakligini ma'lum qilgandi. Biroq bu muddatgacha evakuatsiya ishlarini to‘liq yakunlashning imkoni yo‘q. MRB direktorining Kobulga tashrifidan keyin esa muddat uzaytirilishi aytilmoqda.

Mavzuga oid