O‘zbekiston | 09:11 / 18.09.2021
4576
2 daqiqa o‘qiladi

Mehnat bozori o‘z talablarini OTMga sodda va lo‘nda tilda yetkazishi kerak – Ta'lim inspeksiyasi

Foto: Ta'lim inspeksiyasi

 

16–17 sentyabr kunlari poytaxtdagi WYNDHAM mehmonxonasida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda ta'lim va mehnat bozori hamkorligi mavzusiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va YuNeSKO tashkil qilgan tadbirda OTM o‘quv dasturlari yangilanishi kerakligi va O‘zbekistonda Milliy malaka ramkasini joriy qilish bo‘yicha takliflar o‘rganildi.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyevga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalari o‘quv dasturlari yangilanishga muhtoj. Sababi hozir ta'limda integratsiya oldingi o‘ringa chiqqan. OTMda o‘qitiladigan fanlar, foydalaniladigan dasturlar xalqaro andozalar va mehnat bozori talablariga javob berishi kerak.

“Ish beruvchilar orasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, 50 foizga yaqin OTM bitiruvchilari yangi ish o‘rinlarida qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shuningdek, yosh xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar ham o‘qigan fanlarining bir qismi ish jarayonida kerak bo‘lmayotganini ko‘rsatdi”, – dedi inspeksiya boshlig‘i.

Ulug‘bek Toshkenboyev 2021/2022 o‘quv yilidan barcha davlat OTMlarining kredit-modulga o‘tgani OTMlar o‘quv reja va dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashi shartligini ko‘rsatganini va bunda mehnat bozori o‘z talabini sodda va lo‘nda tilda OTMga yetkazib berishi kerakligini ta'kidladi.

 

Mavzuga oid