O‘zbekiston | 20:15 / 22.09.2021
4888
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda eri va qaynonasining tazyiqlariga chidolmagan ayol va uning 16 yoshli qizi o‘z joniga qasd qildi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida eri va qaynonasining tazyiqlari tufayli ayol va uning 16 yoshli qizi o‘zini osgan. Oqibatda ularning ikkalasi ham vafot etgan. Bu haqda Oliy Sud Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Obidov xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi ayol faqat qiz farzandlar ko‘rgani uchun qaynonasi va eri tomonidan yillar davomida tahqirlangan. Bundan mahalla raisi va boshqa mutasaddilarning xabari bo‘lgan.

Qayd etilishicha, 2020 yil noyabr oyida bu oilada yana janjal sodir bo‘lgan. Er turmush o‘rtog‘ini yaqin qarindoshlariga tegishli do‘kondan turli narsalarni qaynonasi nomiga qarz olishda ayblagan va tanasining turli joylariga elektr kabeli, qo‘l hamda oyoqlari bilan urib jarohat yetkazgan.

Bundan tashqari, 2020 yil dekabr oyida qaynona o‘z kelini bo‘lgan ayolni urib, yuziga qaynoq suv sepib yuborgan.

Oilaning 16 yoshli to‘ng‘ich qizi oiladagi notinchliklar va onasiga qilingan tazyiqlarga chidolmay, yashash uyi og‘ilxonasida arqon bilan o‘zini osgan. Oradan 2 soat o‘tib, ayol ham qizi o‘sgan joyda o‘z joniga qasd qilgan va ular vafot etgan.

Mazkur hodisa bo‘yicha surishtiruv olib borgan prokuratura er va qaynonadan tashqari, mazkur oiladagi notinchlikka befarq qaragan ichki ishlar organi xodimlarining xatti-harakatlariga qonuniy baho berilishini bildirgan. Bunga sabab garchi ayolga himoya orderi berilgan bo‘lsa ham, u kuzatuvga olinmagan. Oila yetarlicha darajada nazorat qilinmagan. Shuningdek, o‘z joniga qasd qilgan qiz o‘qigan maktab direktori, mahalla raisiga ham tegishli chora ko‘rilishi ma'lum qilingan.

Ta'kidlanishicha, Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida er Jinoyat kodeksining 103-moddasi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 2-qismi «a», «b» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. U 7 yil ozodlikdan mahrum etilgan. Qaynonaga esa 4 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.

 

Mavzuga oid