O‘zbekiston | 19:20 / 04.10.2021
4346
2 daqiqa o‘qiladi

Ekoqo‘mita: 828 tup daraxt tabiiy iqlim ta'sirida qurib qolgan

O‘rganish natijalariga ko‘ra, qo‘mita Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida kesishga ruxsat berilgan 828 tup daraxt tabiiy iqlim ta'sirida qurib qolganini ma'lum qildi.

Foto: KUN.UZ

Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, Boyovutdagi 828 tup daraxtlarni ommaviy ravishda kesishga ruxsat berilishi yuzasidan qo‘shimcha o‘rganishlar olib borilgan.

Aniqlanishicha, 2021 yil 28 may kuni “Sirdaryo ko‘kalam” DUK tomonidan Boyovut tumani hududidan o‘tgan 4R-30 avtomobil yo‘lining ikki tomonida ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2021 yilning bahor oyida ekilgan manzarali daraxt ko‘chatlarning tabiiy iqlim ta'siri natijasida qurib qolganlarini olib tashlash yuzasidan Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilingan. Murojaat yuzasidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Boyovut tumani inspeksiyasi xodimlari tomonidan tegishli tartibda o‘rganishlar olib borilganda, jami ekilgan 9 turdagi 5 ming 371 tup manzarali daraxt ko‘chatlaridan 828 tupi tabiiy iqlim ta'sirida qurib qolgani aniqlangan. Shu sababli ularning o‘rnini yangi ko‘chatlar ekish sharti bilan qurigan ko‘chatlarni olib tashlashga ruxsat berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo viloyati Boyovut tuman hokimining qarori bilan tuman hududidan o‘tgan 4-R-30 avtomobil yo‘lining o‘ng va chap qismida joylashgan 8 turdagi 828 tup manzarali daraxtlarni kesishga ruxsat berilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid