Jamiyat | 20:01 / 07.10.2021
25603
8 daqiqa o‘qiladi

“Piyoda hayotini haydovchiga topshirib qo‘ymoqda”. Fojiali YTHlar haqida ekspert bilan suhbat

O‘zbekiston yo‘llarida fojiali yo‘l-transport hodisalari oshib bormoqda. Haydovchilarning xudbinligi va beparvoligi ortidan minglab insonlar halok bo‘lmoqda, yana minglab odamlar butun umrga majruh bo‘lib qolmoqda.

Ko‘p holatlarda tezlik me'yoridan oshirib yuborilishi oqibatida bir necha avtomobillar ishtirokida dahshatli yo‘l-transport hodisalari ro‘y beryapti. 2021 yil yanvar-iyun oylarida sodir bo‘lgan YTHlar 954 kishining umriga zomin bo‘lgan.

Ichki ishlar vazirligining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, respublikada joriy yil 9 oyida 6 551ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan, ulardan 1 682tasi o‘lim bilan tugagan. Jarohat olganlar soni 5 920 kishini tashkil etgan. Hodisalarning aksariyatiga tezlikni me'yoridan oshirish sabab bo‘lgan.

Kun.uz yo‘l harakati qoidalaridagi muammolar, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashdagi kamchiliklar haqida Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi Ekspertlar kengashi a'zosi Nosirjon Zokirov bilan suhbatlashdi.

Quyida suhbatdan asosiy iqtiboslar keltirib o‘tiladi.

“Yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatishni maktabdan boshlash kerak”

— Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablaridan biri – bolalarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatmaslikdir. Ilgari har bir sinf uchun yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish uchun 17 soat dars belgilangan edi. 2008 yili “Yo‘l harakati qoidalari” fanidan dars beruvchi o‘qituvchilar respublika tanlovida hakamlar hay'ati a'zosi bo‘lganim yodimda. Ammo, keyinchalik, nima uchundir, bu darslar olib tashlandi.

Men ushbu fanni tiklash bo‘yicha necha yillardan buyon mutasaddi idoralarga murojaat qilib kelyapman, biroq takliflarim “qumga singan suv”dek yo‘q bo‘lib ketmoqda.

“Tarbiyaviy soat doirasida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatib bo‘lmaydi”

— Xalq ta'limi vazirligi faqat birinchi sinflar uchun tarbiyaviy soatlar tarkibida yo‘l harakati qoidalari o‘rgatilishini aytib keladi. Lekin, birinchi sinf doirasida emas, tizimli ravishda, yoshga moslashgan holda tashkil etilishi kerak. Qolaversa, o‘qituvchining o‘zi yo‘l harakati qoidalarini bilmasa, unda dastur yoki o‘quv rejasi bo‘lmasa, u qanday qilib bolalarga bu qoidalarni o‘rgatishi mumkin?

Bunday ta'limda eng yomoni, o‘qituvchi bolalarga piyodalar o‘tish joyidan bemalol o‘taverishini, transport vositalari ularga yo‘l berishini singdirib qo‘yishidir. Biz, yo‘lda harakatlanish madaniyatini, o‘z hayotini avvalo o‘zi asrab qola olishini ularga singdirib borishimiz zarur.

“Onlayn darslarimiz nima uchundir efirga ketmadi”

— 1-4-sinflar uchun biz alohida darslik yozdik. Onlayn namoyish etish uchun videodarsliklar olindi. Ammo ko‘rsatuv nima uchundir efirga uzatilmadi. O‘quvchi bola yuqori tezlik cheklangan belgisini bilishi shart emas. Bola ko‘proq virtual hayotda yashagani bois, tormoz yo‘lini bilishi kerak. U multfilmlar ko‘rganda avtomobillar birdaniga va istagan vaqtda to‘xtay olishiga ishonib qoladi.

Bolaga o‘zimiz noto‘g‘ri o‘rnak ko‘rsatsak, ya'ni xavfsizlik kamari taqmasak, qizil chiroqda harakatlansak va hokazo, “qush inida ko‘rganini qiladi”, kabi undan o‘pkalamasak ham bo‘ladi.

“Piyodalar o‘z hayotini haydovchiga topshirib qo‘ymoqda”

— Piyodalar madaniyati judayam past. Istagan joydan o‘tib ketadi va o‘z hayotini butunlay haydovchi qo‘liga topshirib qo‘ymoqda. Piyoda haydovchi uni ko‘rishiga va avtomobilni to‘xtatishiga yuz foiz ishonib qolyapti. Aslida unday emas. Bundan tashqari, yo‘lda harakatlanishda trotuar bo‘lsa ham, qatnov qismidan yuramiz, qarama-qarshi emas, avtomobillar harakati bo‘yicha yuramiz.

Mirbozorda ro‘y bergan YTHni tahlil qildim. Unda piyoda yuk transport vositasi kelayotganini ko‘rsa ham, yo‘l beradi, deb o‘ylab qatnov qismiga chiqib ketyapti va afsuski, u halok bo‘ldi. Yo‘l harakati qoidalarida piyoda yo‘lning qatnov qismini yaqinlashib kelayotgan avtomobil bilan oraliqdagi masofa hamda uning tezligini chamalab ko‘rib, o‘zi uchun xavfsiz bo‘lganda kesib o‘tishi belgilangan.

Yaqinda yana bir holatga guvoh bo‘ldim. Ayol kishi ikki farzandi bilan yo‘lni belgilanmagan joyda kesib o‘tmoqda. Ulgurolmagach, ikki farzandi bilan yo‘lning qatnov qismini ajratib turuvchi ikki sidirg‘a chiziq ustida turibdi. Bu chiziq uni xavfdan asrab qololmaydi, chunki u yer xavfsiz makon emas. Farzandlari yoki o‘zi oldinga yo orqaga bexosdan harakatlanib qolishi mumkin.

Odatda, ko‘p hollarda, haydovchidan ayb qidirishadi. Ammo piyodaning ham aybi ulkan. Biror korhol bo‘lgach, haydovchini ayblash yoki uni ming marta jazolagan bilan piyodaning hayoti yoki sog‘lig‘i ortga qaytmaydi.

“O‘zbekistonda yerusti va yerosti piyodalar o‘tish yo‘llari yetishmaydi”

— Toshkentda va umuman, O‘zbekistonda yerosti va yerusti piyodalar o‘tish joylari favqulodda ravishda yetmaydi. Ularni ko‘proq qurish kerak. Piyoda ham o‘z hayotini o‘zi asrashi kerak. Har doim haydovchini ayblayverish oqibatida piyodada u har doim haq degan tushuncha paydo bo‘ladi.

Yerosti va yerusti piyodalar o‘tish joyi – eng xavfsiz o‘tish joyi. Ba'zida odam o‘zini o‘z sog‘lig‘i uchun ham ozgina qiynashi kerakmikan?!

Haydovchilar saviyasi haqida

— Haydovchilarning saviyasi – juda ham og‘riqli masala. Bugungi kunda O‘zbekistonda haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha mingdan ortiq o‘quv kurslari faoliyat yuritmoqda. Lekin ularning hammasi ham talabga javob beradi, deya olmayman. Haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlashda o‘quv kursi qiymati orqali nosog‘lom raqobat yuzaga keldi. Haydovchilik guvohnomasini boshqa idora bergani bois, o‘quv kurslari haydovchilikka da'vogar o‘qishni tezroq bitirishidan manfaatdor bo‘lib qoldi.

“Haydovchilik imtihonlari sovet davridan qolgan”

— Qolaversa, imtihon olish tizimi qoniqarli emas. Hozirgi mavjud imtihon olish tizimi 1987 yildagi sobiq ittifoq davridan qolgan. Undagi test savollarida amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”da mavjud bo‘lmagan savollar ham bor. Ma'naviy va texnik eskirgan savollar bor. Savollarga ilova qilingan suratlarni bevosita jarayon ishtirokchisi sifatida emas, uchinchi shaxs, tomoshabin ko‘zi bilan ko‘rasiz.

“O‘zbekistonda yo‘l belgilari deyarli yo‘q”

— Parlamentning 2020 yil sentyabrda bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda O‘zbekistonda 408 ming yo‘l belgisi yetishmasligi aytildi. Bu, O‘zbekiston yo‘llarida yo‘l belgilari deyarli yo‘q ekan, degan taassurot uyg‘otadi.

O‘ng tomonga chizilgan sariq chiziqni oladigan bo‘lsak, aslida bu “to‘xtash taqiqlangan” belgining ta'sir doirasini bildirib, qisqa masofaga chizilishi kerak, ammo, hozirgi kunda bu chiziq o‘z maqsadi bo‘yicha qo‘llanilmayapti.

To‘liq suhbatni video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi.

Mavzuga oid