Zulm saltanatidan kunchiqar yurtga: sovetlarning muhim loyihasi qanday barbod bo‘lgan edi?
45 yil avval sovet uchuvchisi Viktor Belenko Uzoq Sharqdagi harbiy aerodromdan yangi rusumdagi MiG-25P qiruvchi samolyoti bilan radarlardan yo‘qoldi. Oradan 22 kun o‘tibgina TIV yaponlar noqulay sharoitda kunchiqar mamlakat hududiga o‘tib qo‘ngan sovet samolyotini asirga olgani haqida xabar tarqatdi. Aslida, Belenko Yaponiyaga qochib ketgan edi.
1976 yil 6 sentabr. Harbiy uchuvchi Viktor Belenko boshqarayotgan samolyot samoga ko‘tarilib, ancha uzoqqa uchib ketadi. O‘sha kuni harbiy aerodromdagilar qancha kutishmasin, samolyot ortga qaytmaydi. Keyinroq SSSR Tashqi ishlar vazirligi Viktor Belenko boshqaruvidagi MiG-25P yaponlar tomonidan asir olinganini aytib bayonot beradi.
Qochish
Shu kuni ertalab soat 6:45da katta leytenant Belenko Primoredagi Chuguyevka tumani markazi yaqinidagi Sokolovka qishlog‘idagi aerodromdan MiG-25P samolyoti bilan parvozni amalga oshirish uchun osmonga ko‘tariladi. Mazkur samolyotning bort raqami 31 bo‘lib, u Uzoq Sharqda joylashgan 530-qiruvchi aviatsiya polkiga tegishli edi.
MiG-25P soat 7:40da SSSR chegarasini kesib o‘tib, Yaponiya hududiga kiradi. Maqsadi Yaponiya orqali AQShga ketish bo‘lgan Belenko parvoz uchun xavfli bo‘lgan, dengiz sathidan 30 metr balandlikdan pastlab uchadi va sovet radarlaridan qochishga muvaffaq bo‘ladi. U SSSR-Yaponiya chegarasini ham shu balandlikda kesib o‘tadi. Yaponiya hududiga o‘tgandan so‘ng Belenko 6 ming metr balandlikkacha ko‘tariladi. Ammo yaponlar radarda MiG-25Pni payqab qoladi va uni tutish uchun havoga harbiy samolyotlarni ko‘taradi. Tahlikali vaziyatda Belenko yana radarlarga ko‘rinmaydigan darajada pastlashga majbur bo‘ladi.
Belenko havoga ko‘tarilgach, oradan 2,5 soat o‘tib soat 9:15 da Yaponiya radiosi sovet uchuvchisi boshqaruvidagi MiG-25P qiruvchi samolyoti Hokkaydo orolidagi Hakodate shahridagi aeroportga qo‘ngani haqida xabar beradi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Belenko Hokkaydo orolida joylashgan AQShning Titos aviabazasiga qo‘nishni rejalashtiradi. Ammo samolyotdagi yonilg‘i Titosgacha yetmasligi ehtimoli tufayli u nisbatan yaqinroq bo‘lgan Hakodate shahridagi aeroportga qo‘nishga qaror qiladi.
Hakodate shahridagi aeroportga qo‘nishda Belenko muammoga duch keladi: bu aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi tovushdan tez uchuvchi MiG-25Pning qo‘nishi uchun yetarli emasdi. Qo‘nish chog‘ida u aeroport hududidan chiqib ketadi va dala o‘rtasiga borib to‘xtaydi. Shu joydan o‘tgan avtotrassada harakatlanayotgan haydovchilar MiG-25Pni ko‘rib uni suratga ola boshlaydi. Bu Belenkoga yoqmaydi. U pistoleti bilan havoga ikki marta o‘q uzadi va mahalliy ma’murlar kelguncha kutib turadi. Yaponlar kelgach, Belenko AQShdan boshpana so‘raydi va uch kundan so‘ng, 9 sentabr kuni Amerikaga olib ketiladi.
«Qaror qabul qilishim uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ldi, lekin men yakuniy qarorni parvozdan bir oy oldin qabul qildim va qarorimdan mamnunman. O‘z maqsadimga yetishishim uchun menga yaxshi ob-havo va yonilg‘i to‘ldirilgan samolyot kerak edi. Bu ikkalasiga erishish uchun bir oy kerak bo‘ldi. Ana shu bir oyda men beriladigan topshiriqlarni oshig‘i bilan bajardim. Komandirlarim mening unvonimni oshirishga tayyor edi. Ammo 1976 yil 6 sentabr kuni juda yaxshi vaziyat yuzaga keldi va undan unumli foydalandim», — degan edi Belenko 1996 yilda Full Context jurnaliga bergan intervyusida.
Hodisaga Sovet hukumatining reaksiyasi
Belenko Yaponiyaga qochar ekan, sovet ittifoqi buni hech qanaqasiga tan ololmasdi. Harbiy uchuvchining so‘nggi rusumdagi qiruvchi samolyot bilan xorijga qochganiga iqror bo‘lish — bu mamlakatning o‘z fuqarolari oldida ham, xalqaro maydonda ham sharmanda bo‘lganini tan olish degani edi. Shu sababli hukumat Belenkoning qochib ketganini avvaliga hammadan yashiradi. Hatto xorij OAVda uning qochib ketgani haqida tinimsiz xabarlar berilayotganda ham SSSRda hodisa haqida lom-mim deyilmaydi.
Ammo hodisa ro‘y bergan paytdan boshlab yaponlarga Belenkoni qaytarib berish talabi qo‘yiladi. Bu talab rad etilgach, yaponlardan hech bo‘lmaganda sovet diplomatlarining u bilan yolg‘iz uchrashishiga imkoniyat berish so‘raladi. Ammo Yaponiya bunga ham rozi bo‘lmaydi. Sovet diplomatlari Belenko bilan u AQShga uchib ketishi oldidan yaponlar ishtirokida ko‘rishishga muvaffaq bo‘lishadi. U sovet diplomatlariga SSSRdan Yaponiyaga o‘z ixtiyori bilan qochganini, AQShga ham o‘zi xohlab ketayotganini aytadi. Shu tariqa suhbat tugaydi va Belenko AQShga uchib ketadi.
1976 yil 28 sentabr kuni Belenko qochgan kundan 22 kun o‘tib SSSR Tashqi ishlar vazirligi rasmiy xabar tarqatadi. Unga ko‘ra Belenko Yaponiyaga adashib o‘tib ketgan va qo‘nishga majbur bo‘lgan. Yaponlar esa uni ortga qaytarmay, xalqaro normalarga zid ravishda asir olgan. Xabarda Belenkoning AQShdan boshpana so‘ragani tilga olinmaydi. Amerikaliklar uning ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi dori berib, gapirtirgan va Belenko majburiy ravishda AQShga olib ketilgan deyiladi.
SSSR Tashqi ishlar vazirligi xodimi Lev Krilov g‘arb matbuotida Belenkoning qochib ketgani, AQShdan o‘z ixtiyori bilan boshpana so‘ragani haqida yozilgan gaplarga izoh berib, «bu boshdan oyoq yolg‘on», deydi. 1976 yil 28 sentabr kuni Moskvada matbuot anjumani tashkil etiladi. Matbuot anjumanida turli idora vakillaridan iborat rasmiy shaxslar bilan birga Belenkoning o‘gay onasi va xotini qatnashadi. Ular ko‘zda yosh bilan AQShdan Belenkoni qaytarishini so‘rashadi. Uning rafiqasi jurnalistlarga «agar xato qilgan bo‘lsa, u uchun duo qilaman», deydi. O‘gay onasi esa «Belenko vatanparvar, mehribon o‘g‘il va ajoyib er», deb ta’rif beradi. Matbuot anjumanida rasmiylar tomonidan «Imperalizm zo‘ravonlik bilan namunali sovet oilasini barbod qilmoqda» deyiladi.
Shu kuni (ya’ni 1976 yil 28 sentabr) Sovet hukumati Yaponiya hukumatiga tahdidli nota jo‘natadi. Unda Yaponiya tomonidan qilinayotgan xatti-harakatlar kunchiqar mamlakat uchun og‘ir asoratlar qoldirishi mumkinligi aytiladi. Shundan so‘ng SSSR Tashqi ishlar vaziri Andrey Gromiko boshchiligidagi delegatsiya Yaponiya bosh vaziri Zentaro Kosaka bilan muzokara o‘tkazadi. Gromiko Yaponiyadan zudlik bilan samolyot va uning uchuvchisini qaytarishni talab qiladi. Bu paytda esa samolyot AQShning Yaponiyadagi harbiy bazasida, Belenko esa okean ortida edi.
Zentaro Kosaka uchuvchini qaytarishning iloji yo‘qligini, u o‘z ixtiyori bilan Yaponiyaga uchib kelganini va AQShdan boshpana so‘rab, Amerikaga ketganini aytadi. Samolyotni qaytarish bo‘yicha esa Yaponiya bunga tayyorligini, bu uchun SSSRning bu mamlakatdagi elchisi Dmitriy Polyanskiy tashqi ishlar vazirligiga kelishi lozimligini aytadi.
Bu uchrashuvdan keyin ham Sovet hukumatining Belenko masalasidagi pozitsiyasi o‘zgarmaydi. Uchuvchi yaponlar tomonidan asir olingan va u samolyoti bilan birga darhol qo‘yib yuborilishi kerak.
SSSRda Belenkoning qochib ketishi ishi bo‘yicha jami 116 kishi tergov qilinadi. Ular Belenko bilan birga xizmat qilganlar, tanishlari va qarindoshlari edi. Uning xotiniga hech kim bilan aloqa qilmaslikni, mabodo kimdir aloqa qilishga urinsa KGBga xabar berishni tayinlashadi. Belenkoning barcha yaqinlari va tanishlarining har bir qadami KGB tomonidan kuzatuvga olinadi.
Belenko bilan bir joyda xizmat qilganlarning keyinchalik eslashicha, u xizmat qilgan harbiy qism KGB xodimlari tomonidan o‘rab olinadi. Davlat xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari harbiy qismda barchani so‘roq qilib chiqishadi. Ammo Belenkoga qochib ketishda yordam berilgani haqida umuman dalil topa olishmaydi.
Oxir-oqibat Belenkoning qochib ketishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Tergov tugagandan so‘ng u SSSR harbiy sud kollegiyasi tomonidan sirtdan sud qilinib, vatan xoini sifatida oliy jazo — otuvga hukm qilinadi. Belenkoning qarindoshlari KGB tomonidan doimiy nazoratda bo‘lsa ham, ularning birortasi qamalmaydi. U sobiq oilasi va yaqinlari bilan hech qachon, hatto SSSR parchalanib ketgandan keyin ham aloqa bog‘lamaydi.
Belenkoning AQShdagi hayoti
1976 yil 9 sentabr kuni, Yaponiyaga qochganidan uch kun o‘tib Belenko ilk marta AQShga boradi. Oradan biroz o‘tib unga siyosiy qochoq maqomini berishadi. Bu haqdagi hujjatga AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Jimmi Karter imzo chekadi. 1980 yil 14 oktyabr kuni AQSh Kongressi Belenkoga AQSh fuqaroligini berish haqidagi qonunni tasdiqlaydi.
So‘ngra, u AQShda aerokosmik texnikalar bo‘yicha muhandis bo‘lib ishlaydi. Shuningdek, uzoq yillar davomida AQShdagi harbiy akademiyalarda sovet samolyotlarining xarakteristikasi bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiydi. Bundan tashqari, fuqaro va harbiy aviatsiya sanoatida faoliyat olib boruvchi kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Hatto AQShdagi turli kompaniyalarning reklama roliklarida ham suratga tushadi.
Turli manbalarga ko‘ra, AQShda u uylanadi va farzandlar ko‘radi. Oradan bir necha yil o‘tgach, jurnalistlar yordamida Viktor Belenko o‘zining mashhur «MiG uchuvchisi» kitobini yozib, nashr ettiradi. Kitobda u o‘zini SSSRdan qochib ketishga undagan sabablar va voqea tafsilotlarini tasvirlab beradi.
Belenko haqidagi taxminlar va mish-mishlar
SSSR va AQShda Viktor Belenkoning qochishi yosh uchuvchining qarori emas, balki G‘arb maxsus xizmatlarining maxsus operatsiyasi degan taxminlar ham bildirilgan. Yaqinda Rossiya saytlaridan birida berilgan maqolada hozirda vafot etgan, sinovchi-uchuvchi Valeriy Menitskiyning fikriga asoslanib, shunga o‘xshash bir versiya ilgari surildi.
Uzoq yillar davomida Mikoyan konstruktorlik byurosining bosh uchuvchisi bo‘lib ishlagan Menitskiy Belenkoning tarjimai holidagi g‘alati narsalarni aytib o‘tadi: u uzoq yillar davomida qarindoshlaridan o‘zini tortib yashagan, har doim qo‘shimcha pulga ega bo‘lgan va qiziqishini aytib jangovar samolyotlar haqida ma’lumot qidirgan.
Menitskiyning so‘zlariga ko‘ra, bularning barchasi Belenko (yoki uning qiyofadoshi) yoshligidan yollanganligini ko‘rsatadi. U Omskga ko‘chib kelganida «ko‘ndirilgan» yoki Belenkoni xorijlik josus bilan almashtirishgan. Belenko yo‘q qilinib, uning o‘rniga xorij josusi bo‘lgan qiyofadoshi avval uchuvchilar maktabida o‘qigan. So‘ng, harbiy aviatsiyada sidqidildan xizmat qilgan va oxir-oqibat MiG-25Pni olib qochishdan iborat bo‘lgan operatsiya uchun tayyorlangan, degan qarashlar ham ilgari surilgan.
Bunday taxminlarga kelinishiga Belenko hujjatlarda ko‘rsatilgan yoshidan ancha yosh degan taxmin ham sabab bo‘lgan. Tarix har doim faktlarga tayanadi va yuqoridagi taxminlar dalil o‘rnida qabul qilinmagan. Qabul qilingani — Belenko Yaponiya orqali AQShga qochib ketgan, vassalom.
MiG-25P
O‘sha paytlarda MiG-25 qiruvchi uchog‘i sovet harbiy aviatsiya muhandislarining eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri sanalardi. Amerikalik harbiylar bu samolyotning imkoniyatlarini yuqori baholagan, NATOda uni o‘ziga xos manyovrlari uchun Foxbat – «Tulki ko‘rshapalak» deb nomlashgandi.
MiG-25 – bu Mikoyan-Gurevich boshchiligidagi konstruktorlik byurosi tomonidan yasalgan, uchinchi avlodga mansub tovushdan tez uchar ikkita dvigatelli qiruvchi samolyot edi. Viktor Belenko qochib ketgunga qadar, G‘arb mamlakatlarida u haqda ma’lumot juda kam bo‘lgan. Bu ma’lumotlar ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshlar va Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar paytida olingandi. 1971 yil mart oyida Isroil harbiylari MiG-25ga o‘xshash samolyotning juda katta tezlikda parvoz qilib yer sathidan 20 kilometr balandlikkacha ko‘tarilganini kuzatishadi. O‘shanda isroilliklar uni tutishni yoki jilla qursa urib tushirishni ham uddasidan chiqa olishmaydi.
Keyinchalik MiG-25 29 ta jahon rekordini o‘rnatadi. Jumladan, u yer sathidan eng baland — 37 ming 650 metrgacha ko‘tariladi. Bu natijani o‘sha paytda boshqa bironta samolyot ko‘rsata olmas edi. Aksariyat harbiy ekspertlar bu samolyot ko‘plab imkoniyatlarga egaligi bilan G‘arb uchun jiddiy psixologik tahdid ko‘rsatayotganini ta’kidlashgandi.
Viktor Belenko ana shu turdagi samolyotning yanada mukammallashgan namunasi MiG-25Pda parvozni amalga oshiradi. Belenko olib qochib ketgan samolyot o‘sha davrning eng mukammal va zamonaviy harbiy samolyoti edi.
MiG-25Pning keyingi taqdiri
AQSh razvedka xizmatlari uchun samolyot haqiqiy «sovg‘a» bo‘lib chiqadi. Yaponiyadagi AQSh harbiy bazasida MiG-25P demontaj qilinadi va qismlarga bo‘lib tashlanadi. Amerikalik harbiy muhandislar MiG-25Pni o‘rganib, uning imkoniyatlarini yuqori baholaydi.
O‘rganish ishlari tugagandan so‘ng, oradan ikki oy o‘tgach samolyot o‘ndan ortiq konteynerga joylangan holda SSSRga qaytariladi. Bu paytda AQShda yashayotgan Belenko samolyotning qaytarilishiga qarshi bo‘ladi. Ammo yaponlar sovet ittifoqi bilan munosabatlar butunlay buzilishini istamasdi.
Yaponlar qaytarib bergan MiG-25P qayta yig‘iladi. Ammo undan harbiy samolyot sifatida foydalanilmaydi. U Latviyadagi aviatsiya maktabiga beriladi. MiG-25Pdan u yerda uzoq yillar o‘quv quroli sifatida foydalanishadi.
Samolyotning o‘g‘irlanishi SSSR harbiy aviatsiyasi uchun ko‘plab muammolarni yuzaga keltiradi. Avvalo harbiy aviatsiya foydalanadigan «Kremniy» tanib olish tizimini yanada zamonaviy va murakkab «Parol» kodlash algoritmiga almashtirishadi. Shuningdek, «Smerch-A» radiolokatsiya stansiyalari o‘rniga yangi «Sapfir S-25» o‘rnatiladi.
MiG-25P bilan bog‘liq muammolar shu bilan tugamaydi. SSSRda bu turdagi samolyotlardan ko‘plab ishlab chiqarilgan edi. Sovet hukumati ulardan foydalanishni to‘xtatadi va samolyotlarni shoshilinch tarzda sotsialistik lagerga kiruvchi hamda boshqa «do‘st» mamlakatlarga eksport qilish uchun tayyorlay boshlaydi. Shu tariqa MiG-25P samolyotlari ancha arzon narxlarda Osiyo va Yaqin Sharqdagi davlatlarga sotiladi.
O‘sha paytda MiG-25P olib qochilishi ortidan Sovet Ittifoqi ko‘rgan zarar 2 milliard rublga baholanadi.
Belenkoning izidan
Belenko MiG-25Pni olib qochgandan ikki hafta o‘tib, 1976 yil 23 sentabr kuni boshqa bir sovet uchuvchisi Valentin Zosimov eski «An-2» samolyotida Eronga qochib ketadi. SSSR rahbariyati Eron hukumatiga tahdid qiladi va darhol uchuvchi hamda uning samolyotini qaytarib berishni talab qiladi. SSSR rahbariyati agar Eron qochoq uchuvchi va uning samolyotini qaytarmasa Sovet armiyasi sanoqli soatlarda Eronga bostirib kirishi va mamlakatni vayronaga aylantirishini aytib tahdid qiladi.
Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy xalqaro tashkilotlarning noroziligiga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashib ketmasligi uchun Zosimovni SSSRga topshirishga qaror qiladi. 1976 yil 25 oktyabrda Zosimov SSSRga qaytariladi.
Shuningdek, 1989 yilda yana bir sovet uchuvchisi Aleksandr Zuyev MiG-29 samolyotini Turkiyaga olib qochib ketadi. Zuyevga AQSh boshpana beradi. MiG-29 esa darhol SSSRga qaytariladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
14:21 / 20.10.2024
AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori
16:15 / 17.10.2024
Bir jinoyat tarixi: qotillik qurboni bo‘lgan 72 yoshli aktrisa
15:11 / 13.10.2024