Kolin Pauell vafot etdi
Kolin Pauell qariyb yarim asr mobaynida Pentagon, Oq uy va Davlat departamentida turli lavozimlarda xizmat qilgan hamda sovuq urush davridan keyin AQShning yirik harbiy amaliyotlarini tayyorlashda ishtirok etgan - «Sahrodagi bo‘ron» operatsiyasidan tortib Iroqqa bostirib kirishgacha.
AQShning birinchi qora tanli davlat kotibi va yuqori martabali harbiy ofitser dushanba kuni 84 yoshida kovid asoratlari oqibatida olamdan o‘tdi.
«U koronavirusga qarshi to‘liq emlangandi. Biz Uolter Rid nomidagi Milliy tibbiy markaz xodimlariga davolanishda ko‘rsatgan yordamlari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Biz ajoyib shaxs, sevimli turmush o‘rtoq, ota, buva hamda buyuk amerikalikni yo‘qotdik», deyiladi Pauellar oilasi bayonotida.
Kolin Pauell professional harbiy bo‘lgan. 1960-yillarda armiyadagi xizmat vaqtida Vetnam urushida qatnashib, ikki marta jarohatlangan. Bu tajriba unga keyinchalik harbiy va siyosiy karera qilishda qo‘l keladi.
Vetnam urushi va kareraning boshlanishi
Kolin Lyuter Pauell 1937 yil 5 aprelida Nyu-Yorkda, Garlem tumanida yamaykalik immigrantlar oilasida tug‘ilgan. U o‘zi haqida hikoya qilishicha, maktabda o‘rtamiyona o‘quvchilardan bo‘lgan va maktabni tugatayotganida kelajak uchun hech qanday katta rejalari bo‘lmagan.
Nyu-Yorkdagi Shahar kollejida geologiyani o‘rganish chog‘ida u Zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash korpusiga yoziladi - ko‘plab oliy ta'lim muassasalarida shunday bo‘limlar bo‘lgan. Bunday bo‘limlarning maqsadi kelajakda harbiy boshliqlar chiqishi mumkin bo‘lgan yoshlarni aniqlash hisoblangan.
Pauell geologiyani o‘rganishda davom etadi, ammo keyin korpusda tayyorgarlikdan o‘tadi. 1958 yilda, ofitserlarni tayyorlash dasturini tamomlagach, harakatdagi armiya safiga o‘tkaziladi. U Jorjiya shtatida harbiy tayyorgarlikni o‘taydi, keyinroq eslashicha, bu yerda uni terisining rangi tufayli bar va restoranlarga kiritishmagan.
1962 yilda Pauel Vetnamga yo‘l oladi - o‘shanda prezident Kennedi kommunistik Shimolga qarshi jang qilayotgan mahalliy armiyaga ko‘mak uchun minglab harbiy mutaxassislarni yuborgandi. Bu safar vaqtida u "panji" qopqoniga (qazilgan o‘ra va unga qoqilgan qoziqlar) tushib qolib, jarohatlanadi. 1968 yilda Pauell Vetnamga qaytadi va o‘zi bilan birga uchgan uch nafar safdoshini qulagan va yona boshlagan vertolyot ichidan chiqarib olgach, jasorat ordeni bilan taqdirlanadi.
Pauellga harbiy xizmatchilardan biri tomonidan yozilgan xatdagi ayblovlarni tekshirish bo‘yicha topshiriq beriladi, xatda 1968 yil martida Songmida yuzlab tinch aholi vakillari, jumladan ayollar va bolalar ommaviy qotillik qurboni bo‘lgani haqida yozilgandi.
U tomonidan tuzilgan xulosada «vaziyat xatda aytilganidan butunlay farq qilishi, amerikalik harbiylar va vetnamliklar o‘rtasidagi munosabatlar ajoyibligi» aytilgan. Lekin bu amerikalik harbiylar tinch aholiga nisbatan o‘ta beshafqat munosabatda bo‘layotgani haqidagi xabarlar ro‘yxati to‘lib borishiga butunlay zid edi. Keyinroq Pauellni Songmidagi qirg‘in haqidagi faktlarni yashirishda ayblashadi, bu qirg‘in tafsilotlari faqat 1970 yildan keyin ma'lum bo‘lgandi.
Vetnamdan qaytgach, Pauell Vashingtondagi Jorjtaun universitetida ma'muriy ishlar magistri diplomini oladi, keyin Richard Nikson prezidentligi davrida Oq uyning nufuzli stipendiyasini qo‘lga kiritadi.
Ma'lum muddat Janubiy Koreyada xizmat qilgach, Pauell Pentagonga ishga o‘tadi. Endi unga yorqin karera kutayotgan shaxs sifatida qaray boshlashardi.
«Pauell doktrinasi»
Kolin Pauell Jimmi Karterning ma'muriyatida ishlagan, keyin yangi prezident Ronald Reygan tomonidan mudofaa masalalari bo‘yicha davlat kotibi lavozimiga tayinlangan Kaspar Vaynbergerning katta harbiy yordamchisi sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
1987 yilda Pauell prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisiga aylanadi. 1989 yilda, katta Jorj Bush lavozimga kirishganida Pauell AQSh Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi etib tayinlanadi - bu AQSh Mudofaa vazirligidagi eng yuqori harbiy lavozim hisoblanadi.
U 52 yoshida bu lavozimni egallagan eng yosh ofitser, shuningdek, ilk afroamerikalik bo‘ladi.
U darhol siyosiy inqiroz bilan to‘qnashadi, AQSh 1989 yil dekabrida Panamaga bostirib kirib, diktator general Noregani ag‘daradi. Bu harakat Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qoralanadi.
1990 yilda Fors ko‘rfazidagi urushda «Pauell doktrinasi» nomini olgan strategiya amalga oshiriladi. Uning mohiyatiga ko‘ra, Pauell AQSh barcha diplomatik, siyosiy yoki iqtisodiy vositalardan naf chiqmasagina harbiy kuch qo‘llashga kirishishi kerak deb hisoblaydi. Doktrinaga ko‘ra, harbiy harakatlar boshlanib ketgan taqdirda AQSh uchun yo‘qotishlar minimal bo‘lishi uchun barcha kuchlardan maksimal foydalanib, urushni tez yakunlab, to‘liq g‘alabaga erishish nazarda tutiladi. Bunda birinchi navbatda jamoatchilik qo‘lloviga tayaniladi.
Bu fikrlar ko‘p jihatdan AQSh uzoq davom etib, natijasiz yakunlanadigan urushlarda, masalan Vetnamdagi kabi urushlarda qatnashmasligi kerakligiga asoslangandi.
1991 yilda bevosita uning rahbarligida AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Saddam Husayn armiyasiga qaqshatqich zarba berib, iroqliklar tomonidan egallab olingan Kuvaytni ozod etgandi.
Avvaliga Pauell o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Dik Cheynining xohishiga zid o‘laroq Fors ko‘rfazida kuch ishlatishga qarshi bo‘ladi. Ammo «Sahrodagi bo‘ron» va «Sahro qalqoni» amaliyotlari katta muvaffaqiyatga erishgach, Pauell xalqaro maydonda keng tanilib ketadi.
Pauell faqatgina AQSh manfaatlariga tahdid bo‘lishi harbiy kuch qo‘llashni oqlaydi, degan qat'iy ishonchda edi. «Amerikalik askarlar - biror global o‘yin maydonida uyoqdan buyoqqa ko‘chirish mumkin bo‘lgan qo‘g‘irchoq soldatlar emas», degandi u.
Iroqdan keyin
Pauell keyingi prezident Bill Klinton hokimiyatga kelgan dastlabki oylarda AQSh Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi lavozimida qoladi, ammo u liberal ma'muriyat bilan ishlashi qiyin edi. U 1993 yilda armiyani tark etadi va o‘z avtobiografiyasi ustida ishlay boshlaydi (bu kitob New York Times ning eng bessellerlari ro‘yxatini boshqaradi), shuningdek xayriya faoliyati bilan shug‘ullanadi.
O‘z harbiy majburiyatlaridan xalos bo‘lganidan keyin u siyosat bilan shug‘ullana boshlaydi. Pauell ikki partiyada ham tarafdorlarga ega edi va uni demokratlardan ham, respublikachilardan ham vitse-prezidentlikka asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rishadi. Yakunda 1995 yilda Pauell respublikachilar safida qolishadi.
O‘shanda u 1996 yilgi prezidentlik saylovlarida Bill Klintonga raqiblik qilishi haqida mish-mishlar yurardi, ammo Pauell o‘zi uchun siyosiy karera u qadar muhim emas degan qarorga keladi.
Prezident kichik Jorj Bush ma'muriyatida Kolin Pauell Davlat kotibi lavozimini egallaydi - endi u ushbu lavozimga tayinlangan ilk afroamerikalik bo‘ladi.
U mo‘'tadil respublikachi va pragmatik siyosatchi sifatida tanilgan.
Ammo keyinroq, 2008 yilda Barak Obamani qo‘llash uchun o‘z partiyasini o‘zgartirgan va qator siyosatchilar uchun ishonchli harbiy maslahatchiga aylangan.
Iroqqa ikkinchi kirish
Ko‘pchilik uchun Pauell - Iroqda urush boshlanishiga asosiy sababchilardan bo‘lgan shaxsdir. 2003 yil fevralida u BMT Xavfsizlik kengashida chiqish qilib, AQSh va uning ittifoqchilari Iroqqa bostirib kirishi zarurligini ta'kidlaydi va bunga asos sifatida go‘yoki ushbu davlatda ommaviy qirg‘in qurollar mavjudligini aytadi.
U 75 daqiqa davomida hisobot beradi, jumladan, iroqlik harbiylar bilan muloqotlarga oid audioyozuvlarni taqdim etadi, sun'iy yo‘ldosh orqali olingan suratlarni namoyish etadi, razvedka ma'lumotlari hamda qochqinlardan olingan ma'lumotlarni o‘qib beradi. Bularning barchasi Saddam Husayn rejimi BMT XK rezolyutsiyasini bajarishdan bosh tortayotgani hamda Iroqda kimyoviy qurol mavjudligi xalqaro ekspertlardan yashirilayotgani to‘g‘risida edi.
«Iroq 1995 yilda bunday qurol borligini tan olgandi, uning hajmi kattagina», deydi Pauell va oq poroshok solingan probirkani namoyish etadi. «Bir choy qoshiqdan kamroq miqdorda, konvertga solingan Sibir kuydirgisi uyg‘otuvchi modda 2001 yil Qo‘shma Shtatlar Senati faoliyatini to‘xtatish uchun yetarli bo‘lgandi», deydi Pauell qo‘lida probirka tutgan holatda.
U qo‘lidagi modda Iroqning bakteriologik qurolidan namuna ekanini aytmagan - u shunchaki tasavvur uyg‘otish uchun shunday usul qo‘llagandi. Ammo Amerika va xorijdagi boshqa ko‘plab nashrlar bu epizodni Iroqning bakteriologik qurolidan namuna ko‘rsatish sifatida talqin etishadi va uni yolg‘onchilikda ayblashadi.
Saddam Husayn rejimi ag‘darilganidan 18 oy o‘tib Pauell iroqlik diktator ommaviy qirg‘in qurollariga egaligi haqidagi razvedka ma'lumotlari xato bo‘lib chiqqanini tan oladi. Ko‘p o‘tmay u davlat kotibi lavozimidan iste'foga chiqadi. Uning obro‘si keskin yomonlashib ketadi.
Pauell BMTdagi o‘sha chiqishini faoliyatidagi «qora dog‘» deb atagan. «Bu juda og‘riqli edi. O‘shanda ham, hozir ham», degandi 2005 yilda Pauell ABC News uchun bergan intervyusida o‘sha voqeani eslab.
Kolin Pauell koalitsiya konfrontatsiyadan (qarama-qarshilik) afzal ekaniga qat'iy ishongan. U bir tomonlama aralashuv strategiyasidan voz kechishi AQSh terrorizmga qarshi butundunyo alyansi tuzishiga olib kelgan.
«Urush so‘nggi siyosiy chora bo‘lishi kerak. Agar qachondir urushga kirsak ham, fuqarolarimiz tushunadigan va qo‘llab-quvvatlaydigan maqsad qo‘yilishi kerak», degandi u bir safar.
Kolin Pauell O‘zbekiston-Amerika aloqalari o‘rnatilishi va taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan. 2002 yil 13 mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va AQSh Davlat kotibi Kolin Pauell Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari haqidagi Deklaratsiyani imzolagan. Mazkur hujjat ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim o‘rin tutgan.