O‘zbekiston | 14:10 / 19.10.2021
2304
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda haydovchi yo‘l talashib boshqa bir haydovchiga og‘ir tan jarohati yetkazdi

Foto: KUN.UZ

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida haydovchi yo‘l talashib boshqa bir haydovchining boshiga tosh bilan urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 7 oktyabr kuni soat 08:30 larda, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-104 avtomobil yo‘lining Boysun tumanining Bibishirin mahallasi hududidan o‘tuvchi 23-kilometrida ikki nafar haydovchi yo‘l talashib o‘zaro janjallashgan.

Boysun tumani Xo‘jabulg‘on mahallasida yashovchi, X.O. o‘z boshqaruvidagi Labo kichik yuk mashinasi bilan tumanning Darband mahallasi tomonga ketayotganda o‘zidan oldinda ketayotgan, tumanning Tuzbozor mahallasida yashovchi, S.O. boshqaruvidagi Mersedes-Benz rusumli yuk mashinasi bilan quvib o‘tishga to‘sqinlik qilgan.

Shundan so‘ng, ular ikkalasi o‘zaro tortishib qolgan. Janjal paytida S.O. yerdan tosh olib, X.O.ning boshiga urgan. Bundan tashqari uni do‘pposlagan va hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Qayd etilishicha, joriy yil 7 oktyabr kuni Boysun tuman IIB tomonidan S.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «ye» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid