O‘zbekiston | 12:22 / 03.11.2021
6845
4 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xizmatchilar qanday hollarda moddiy javobgarlikka tortilishi ma'lum qilindi

Harbiy xizmatchilar agar komandirning, boshliqning buyrug‘ini bajarishi yoxud asosli xizmat yoki xo‘jalik tavakkalchiligi yoki boshqa qonuniy harakatlari natijasida zarar yetkazgan bo‘lsa – moddiy javobgar bo‘lmaydi. Bu haqda bugun, 3 noyabr kuni Milliy matbuot markazida Mudofaa vazirligi mas'ullari bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Foto: Kun.uz

Joriy yilning 30 sentabr kuni imzolangan «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun bilan harbiy xizmatchilarning moddiy javobgarligi va fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirishga doir bir qancha o‘zgartirishlar kiritildi. Mudofaa vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Qodirovga ko‘ra, mazkur qonun bilan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilgan:

  • fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish ishlarini tashkil etadigan chaqiruvni o‘tkazish bo‘yicha komissiyalar tarkibi va faoliyati tartibi belgilandi;
  • safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga o‘tgan fuqarolar oylik harbiy yig‘inlarni o‘taganlaridan so‘ng Qurolli Kuchlar rezerviga o‘tkazilishi belgilandi;
  • fuqarolarni chaqiruv uchastkalarida qayd etish ishlari ular umumiy o‘rta, o‘rta maxsus yoki boshlang‘ich professional ta'lim muassasalaridagi oxirgi o‘qish yilining oktabr-noyabr oylarida amalga oshirilishi belgilandi;
  • mehnatga qobiliyatsiz, ya'ni nafaqada yoki nogiron bo‘lgan ota-onaning yolg‘iz o‘g‘li bo‘lib, ularni boqishi lozim bo‘lgan mehnatga qobiliyatli voyaga yetgan boshqa o‘g‘li bo‘lmasa, ushbu chaqiriluvchi muddatli harbiy xizmatga chaqirilmasligi belgilangan. Ushbu chaqiriluvchilar o‘zi va ota-onasining (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) roziliklari bilan chaqirilish muddatini kechiktirmasdan harbiy xizmatga chaqirilishlari mumkin.

Bundan tashqari, qonunga barcha toifadagi harbiy xizmatchilarning moddiy javobgarligini belgilashga doir qo‘shimcha 5 ta modda kiritildi.

Unga ko‘ra, harbiy xizmatchilar, oliy harbiy ta'lim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari), harbiy yig‘inlarga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tayotgan shaxslar harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida harbiy mol-mulkka – Qurolli Kuchlar tasarrufidagi harbiy obektlarga, binolar va inshootlarga, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar, jangovar va boshqa texnika, o‘zga moddiy-texnik vositalar va pul mablag‘lariga yetkazilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri haqiqiy zarar uchun moddiy javobgarlikka tortiladi.

Lekin yuqorida qayd etilgan harbiy xizmatchilar agar komandirning, boshliqning buyrug‘ini bajarishi yoxud asosli xizmat yoki xo‘jalik tavakkalchiligi yoki boshqa qonuniy harakatlari natijasida zarar yetkazgan bo‘lsa – moddiy javobgar bo‘lmaydi.

Harbiy xizmat majburiyatlarini bajarmayotgan paytda moddiy zarar yetkazgan harbiy xizmatchilar fuqarolik qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar o‘z aybi bilan harbiy mol-mulkni talon-toroj qilgan, kamomadga yo‘l qo‘ygan, behuda sarflagan, yo‘qotgan, qasddan yo‘q qilgan, shikastlagan, ishdan chiqargan, qonunga xilof ravishda sarflagan hollarda yetkazilgan zarar uchun yoki qasddan sodir etilgan boshqa xatti-harakatlari tufayli yetkazilgan zarar uchun, ularda jinoyat qonunchiligida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi alomatlari borligidan qat'i nazar, moddiy javobgar bo‘ladi.

Shuningdek, xizmatchilarni qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatishda yoki boshqa ishga o‘tkazishda aybdor bo‘lgan komandirlar yoki sudning ishga tiklash to‘g‘risidagi qarorini bajarishni asossiz ravishda kechiktirgan rahbarlar ham yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini davlatga qoplab beradi.

Zararning kelib chiqishi sabablarini, miqdorini va aybdor shaxslarni aniqlash uchun belgilangan tartibda tergovga qadar tekshiruvni yoki xizmat tekshiruvini o‘tkazadi.

Aniqlangan zarar unga aybdor bo‘lgan harbiy xizmatchi rezervga bo‘shatilganidan yoki iste'foga chiqarilganidan qat'i nazar, aniqlangan kundan e'tiboran uch yil ichida moddiy javobgarlikka tortiladi.

Mavzuga oid