O‘zbekiston Amerika davlatlari tashkiloti huzuridagi doimiy kuzatuvchi maqomini oldi
Amerika davlatlari tashkiloti (ADT) doimiy kengashi O‘zbekistonga doimiy kuzatuvchi maqomini berdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
ADT Shimoliy va Janubiy Amerikaning 35 davlatidan tashkil topgan. O‘zbekiston g‘arbiy yarim shardagi eng uzoq tarixga ega xalqaro tashkilotning 73-doimiy kuzatuvchisi bo‘ldi.
O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov ADT doimiy kengashi raisi Joshua Fiajo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda tomonlar mintaqaviy va global xavfsizlik ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, inson huquqlari va demokratik erkinliklarni ta'minlash, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani rag‘batlantirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.
Qo‘mitaning ixtisoslashtirilgan muassasalari va affillangan tuzilmalari bilan qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, telekommunikatsiya, fan-ta'lim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollari alohida muhokama qilindi.
Joshua Fiajo O‘zbekistonning Lotin Amerikasi va Karib dengizi mamlakatlari bilan savdo va sarmoya sohasida o‘zaro manfaatli munosabatlar o‘rnatish uchun tashkilot platformasidan foydalanish istagini qo‘llab-quvvatladi.
Amerika davlatlari tashkiloti 1948 yil Pan-Amerika ittifoqi (1889 yilda tuzilgan) negizida tashkil etilgan. ADT tashkilotga a'zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ularning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish maqsadlariga xizmat qiladi. ADT huzuridagi Doimiy kuzatuvchilar instituti 1971 yilda tashkil etilgan. Tashkilot bosh qarorgohi Vashingtonda joylashgan.
Mavzuga oid
13:27 / 15.09.2021
YeXHTning 250 nafar kuzatuvchisi O‘zbekistonga keladi
12:38 / 03.07.2021
O‘zbekistonga Amerika davlatlari tashkiloti huzuridagi doimiy kuzatuvchi maqomi taqdim etilmoqda
07:33 / 19.09.2018
Venesuela prezidenti Amerika davlatlari tashkiloti bosh kotibini “chiqindi” deb atadi
20:54 / 22.05.2018