11 sentyabr teraktlari va 101-reys. O‘zbek aviatsiyasining yoritilmagan tarixi
2001 yil 11 sentabr kuni Nyu-Yorkda sodir etilgan terakt payti AQSh osmonida Uzbekistan Airways'ning 101-reys samolyoti ham bo‘lgan. Ushbu samolyot kapitani va bortda bo‘lgan yana to‘rt kishining hikoyasi – SUBYEKTIV'ning yangi sonida.
2001 yil 11 sentyabr. Tarixni o‘zgartirgan, millionlab odamlar taqdiriga ta'sir ko‘rsatgan kun. AQShda sodir etilgan xunrezliklar 3 mingga yaqin inson o‘limi va 25 ming kishining jarohatlanishi bilan eng qonli terakt sifatida dunyo tarixiga kirgan.
O‘sha kun tongda “Al-Qoida” terrorchilari parvozdagi to‘rtta yo‘lovchi samolyotini egallab, ularni Amerikaning eng ko‘zga ko‘rinarli binolari tomon yo‘naltirgan. Ikkita layner Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markaziga, yana biri Pentagonga borib urilgan. Poytaxt Vashingtonga mo‘ljal olgan to‘rtinchi samolyotda esa yo‘lovchilar terroristlarga qarshi isyon ko‘targan va yo‘nalishni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lgan, oxir-oqibat samolyot dalaga qulagan.
Fojia sabab AQSh havo kengliklari darhol yopilgan, mamlakatga kirib kelayotgan har qanday samolyotga potensial xavf manbayi sifatida qaralgan. O‘sha kuni Nyu-Yorkka qo‘nishi kerak bo‘lgan Uzbekistan Airways layneri ham bundan mustasno emasdi: 101-reysni amalga oshirayotgan laynerni ikkita qiruvchi samolyot qurshovga olgan, ekipajga yo‘nalishni darhol Kanada tomon o‘zgartirishga buyruq berilgan. Berilgan buyruqning biror sabab bilan bajarilmay qolishi esa halokatli yakun topishi mumkin edi.
Avvaliga, “Toshkent – Birmingem – Nyu-York” yo‘nalishidagi Boeing-757 parvozining ikkinchi qismi boshlanishi ham xayrli kechmagan edi: yo‘lovchilardan biri bo‘lgan farg‘onalik ayol Germaniyadan AQShga uchib ketishga tayyorlanayotgan samolyot trapida yiqilib tushib, jon bergan.
Manzilga yaqinlashganda 180 yo‘lovchiga ega havo kemasining ikki tarafida AQSh Harbiy havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari paydo bo‘lganini yo‘lovchilar avvaliga qiziqish va jilmayish bilan qarshi olishgan, biroq ko‘p o‘tmay yo‘lovchilardan birining Amerikada yashovchi onasi telefon qilib “Urush boshlandi” deyishi bilan bortda sarosima boshlangan.
Oradan 20 yil o‘tibdiki, bu voqeadan keng o‘zbek jamoatchiligi hamon xabardor emas. Kun.uz homiyligidagi SUBYEKTIV loyihasining navbatdagi soni ayni shu voqea haqida hikoya qiladi.
Biz o‘sha reys kapitani Zarxo‘ja Saidazimov, bort kuzatuvchisi Nargiza Burxonova, yo‘lovchilar – Gulnora Musayeva, Karen Gafurjanov va Gulshoda Abdiyeva bilan suhbatlashib, 20 yil avvalgi xotiralari bilan o‘rtoqlashishlarini so‘radik.
Qizig‘i, suhbatdoshlarimizdan biri – Gulnora Musayeva Nyu-Yorkka 11 sentyabrda emas, 9 sentbrda uchib ketishi va 11 sentyabr kuni Jahon savdo markazining aynan samolyot borib urilgan qavatida bo‘lishi kerak edi. Sobiq “Anor” guruhi prodyuseri AQShga yolg‘iz o‘zi emas, yaqinlari bilan uchishga qaror qilgan va chiptasining sanasini o‘zgartirgan edi.
Yuqoridagilar haqida batafsil bevosita voqea ishtirokchilarining o‘zlaridan eshiting – SUBYEKTIV'ning yangi sonini tomosha qiling. Har doimgidek, fikrlaringizni izohlarda kutamiz. Va eslatib o‘tamiz, aynan sizning layk bosishingiz internetda sifatli o‘zbekcha kontent ommalashishiga yordam beradi.
Mavzuga oid
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:17 / 23.12.2024