«Ayrim ishlab chiqaruvchilarning ichki bozordagi monopol mavqeyi benzin narxiga jiddiy ta'sir o‘tkazdi» - Aksilmonopoliya qo‘mitasi
Birja savdolarida benzinning yirik lotlarda qo‘yilishi mayda yoki o‘rta xaridorlar imkoniyatini cheklab qo‘ygan.
AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev nima sababdan benzin narxi keskin oshib ketgani xususida to‘xtalib o‘tdi.
«Benzin narxining oshishi ko‘pchilik tomonidan e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Haqiqatan ham yil boshidan beri birgina AI-80 markali benzinning birja savdolaridagi narxi 72 foizga oshgan. Bunga bir qancha omillar ta'sir o‘tkazgan.
Birinchidan, ichki talab o‘sishi va jahon bozorlarida narxlar o‘zgarishi. Mamlakatimizda avtomobil benziniga bo‘lgan talab oxirgi ikki yil davomida 1,1 mln tonnadan 1,3 mln tonnaga oshdi. Bu ham narx o‘zgarishiga ta'sir qilmasdan qolmadi. Brent markali neft narxining 53 foizga oshishi ham ichki bozorga ta'sir qildi. Sababi AI-80 markali benzin ishlab chiqarishda ham import xomashyodan foydalanamiz. Xususan, joriy yilda umumiy benzin importi 2020 yildagiga nisbatan oshgan bo‘lsa-da, AI-80 benzini importi 7 barobar kamaygan. Ichki bozor to‘yinmagani ham narxlarga ta'sir qilgan.
Ikkinchi omil, ayrim ishlab chiqaruvchilarning ichki bozordagi monopol mavqeyi saqlanib qolayotgani sabab birja savdolarida mayda yoki o‘rta xaridorlar imkoniyati cheklangan. Shuningdek, noyabr oyidan boshlab taklif tushib ketishi ham yuzaga kelgan. Birja savdolarida ham benzin yirik lotlarda, ya'ni 60 tonnadan ortiq miqdorda qo‘yilishi mayda xaridorlar imkoniyatini cheklab qo‘ygan. Bu esa mablag‘ va benzinni saqlashga infrastrukturasi mavjud yirik xaridorlar imkoniyatini oshirib yuborgan.
Bu holatlarning oldini olish maqsadida ishchi guruh tuzildi va benzinni import qilish hajmini oshirish bo‘yicha imkoniyatlar o‘rganilmoqda. Oldingi yillar biz uchun asosiy bozor bo‘lgan Qozog‘iston 6 oydan beri eksport qilishni taqiqlab qo‘ygan. Hozirda asosiy bozor Rossiya hisoblanadi. Bu yerda ham ayrim treyderlar vaziyatdan foydalanib narxlarni oshirishga harakat qilyapti. Shu sabab boshqa yo‘nalishlarda import geografiyasini ham kengaytirishimiz kerak», dedi u.
Mavzuga oid
08:08 / 07.11.2024
Monopoliyaga qarshi organ roziligisiz davlat ishtirokidagi korxona tashkil etilgan 4 ta holat aniqlandi
17:26 / 06.11.2024
Propan 5 oyda qariyb 2 barobarga, AI-80 benzini esa yillik nisbatda 26 foizga qimmatlashdi
07:30 / 04.11.2024
Toshkentdagi yana uchta AYoQShda sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi
07:40 / 30.10.2024