Propan 5 oyda qariyb 2 barobarga, AI-80 benzini esa yillik nisbatda 26 foizga qimmatlashdi
5 iyundan 5 noyabrgacha bo‘lgan davrda birja savdolarida propanning 1 tonnasi 5,3 mln so‘mdan 10,2 mln so‘mgacha yoki 91,4 foizga oshdi. Propan narxining qimmatlashishi fonida AI-80 benzini narxi ham ko‘tarilib boryapti.
Oxirgi oylarda propan va AI-80 benzini narxi yonilg‘i quyish shoxobchalarida keskin qimmatlashdi. Ayrim hududlarda taqchillik ham kuzatilyapti. Ushbu yonilg‘i mahsulotlarining qimmatlashishi birjada narxlar oshgani fonida ro‘y beryapti.
5 oyda qariyb 2 barobar narx oshishi
5 iyun holatiga propanning 1 tonnasi 5 mln 320,4 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, bu 5 noyabrga kelib 10 mln 186 ming so‘mgacha qimmatlashgan. Ya’ni 5 oy davomida ushbu mahsulot bahosi 91,4 foizga oshgan.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, propan narxi oktyabr oyida 1,2 foizga, yillik hisobda 32,7 foizga qimmatlashgan.
1 avgust kuni Raqobat qo‘mitasi birja orqali realizatsiya qilinishi belgilangan suyultirilgan gaz mahsulotining qo‘yilishi va sotilishi yuzasidan tegishli o‘rganishlar olib borib, qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilgandi. O‘tgan davr mobaynida propan narxi yanada qimmatlashdi, qo‘mita esa o‘rganish ishlarining natijasi haqida ma’lumot bergani yo‘q.
Avvalroq, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov propanning birjadagi narxlari keskin qimmatlab ketganini propan-butan ishlab chiqarish yetarli darajada oshmagani, propanda harakatlanuvchi avtotransportlar soni esa 1,57 baravar ko‘paygani bilan xaspo‘shlagandi.
AI-80 narxi ham qimmatlashdi
5 noyabr holatiga AI-80 benzinining 1 tonnasi 9 mln 998 ming so‘mgacha qimmatlashdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida o‘tkazilgan savdolarda ushbu markadagi benzinning har tonnasi 7 mln 375 ming so‘mdan sotilgan. Bir yil davomida birja narxlari 26,2 foizga oshdi.
Qo‘shni mamlakatlarda narxlar qanday?
Globalpetrolprices.com sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 4 noyabr holati bo‘yicha yuqori sifatli 1 litr benzin narxi so‘mga taqriban olganda Turkmanistonda 5490 so‘m, Qozog‘istonda 6410 so‘m, Rossiyada 7650 so‘m, Ozarboyjonda 8290 so‘m, Qirg‘izistonda 11060 so‘m, Afg‘onistonda 11290 so‘mni tashkil etgan.
Tojikistondagi narxlar bo‘yicha ma’lumotlar berilmagan. O‘zbekistonda esa 12670 so‘m ekani qayd etilgan.
Narxlarni solishtirganda ko‘rish mumkinki, O‘zbekistonda benzin narxi Turkmaniston va Qozog‘istonga nisbatan 2 barobar qimmatroq. Mamlakatda benzin narxi AQShdagi narxdan (11580 so‘m) ham yuqori.
Oxirgi yillarda O‘zbekiston ichki bozordagi taqchillikni qoplash uchun chetdan benzin import qilishni ko‘paytirdi. Ushbu mahsulot asosan Rossiyadan xarid qilinyapti. Narxlar nisbatan arzonroq, geografik jihatdan ham yaqinroq qo‘shni Turkmaniston va Qozog‘istondan esa benzin importi umumiy import tarkibida katta ulushga ega emas.
Mavzuga oid
07:30 / 04.11.2024
Toshkentdagi yana uchta AYoQShda sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi
07:40 / 30.10.2024
Toshkent shahridagi ayrim AYoQShda sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi
12:30 / 24.10.2024
Toshkent viloyatining uch hududida sifatsiz benzin sotayotgan AYoQSh aniqlandi
07:30 / 23.10.2024