Ikki shaharda uch kun bayramga sabab bo‘lgan kubok. Futbol mavsumiga yakun yasagan final qanday o‘tdi?
Yakunlangan haftaning dam olish kuni odatdagidek Yevropa futboli bilan emas, ko‘proq o‘zbek futbolidagi voqealar bilan yodda qoldi. Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi finali doirasidagi «Paxtakor» va «Nasaf» to‘qnashuvi mamlakatimizda 2021 yilgi futbol mavsumiga rasman yakun yasab berdi. Shubhasiz, ko‘hna shahardagi final o‘zbek futboli tarixida o‘yin jihatdan ham, tashkiliy va muxlislar e'tibori bilan ham eng zo‘r o‘tgan bahsga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tribuna.uz ikki shaharda uch kun haqiqiy bayramona muhitga sabab bo‘lgan finalning maydon tashqarisidagi voqealaridan reportaj tayyorladi.
Final nega yana Samarqandda o‘tkazildi?
O‘zbekiston kubogi finali tarixda uchinchi marta Samarqandda o‘tkazildi. Ushbu musobaqa tarixidagi ilk final 1992 yilda aynan ko‘hna kentda o‘tkazilgan bo‘lsa, 2016 yilgi hal qiluvchi bahs va hozircha so‘nggisi bo‘lgan bu yilgi final ham «Dinamo» o‘yingohida o‘tkazildi. Joriy mavsumning dastlabki rasmiy o‘yini – O‘zbekiston Superkubogi doirasidagi «Paxtakor» - «Nasaf» (1:0) uchrashuvi ham ko‘hna shaharda o‘tkazilgani sababli, mavsumning oxirgi rasmiy o‘yini bo‘lmish kubok finali ham Samarqandga topshirilgani ko‘pchilikka savol tug‘dirishi tabiiy edi.
Gap shundaki, final mezbonligi kubok guruh bosqichiga qur'a tashlash oldidan qur'a orqali aniqlangandi. O‘shanda OKMK, «Bunyodkor», «Paxtakor», «Lokomotiv», «Surxon» va «Dinamo» klublari O‘zbekiston kubogi-2021 finaliga mezbonlik qilish bo‘yicha ariza topshirgan va qur'adan keyin final Samarqandda o‘tishi oydinlashgandi. Finalga «Paxtakor» va «Nasaf» yo‘l olgach, Toshkent va qashqadaryolik muxlislar uchun masofa jihatdan ham Samarqand eng qulay neytral o‘yingoh bo‘lishi aniq edi.
Finaldan bir kun oldin boshlangan bayram
Tan olish lozim, muxlislar va jurnalistlar tomonidan juda ko‘p tanqidlarga uchraydigan futbolimizdagi ikki tashkilot – O‘FA va PFL O‘zbekiston kubogi finalini yuqori darajada tashkil etdi. Umuman olganda, 2021 yilda o‘tkazilgan qator turnirlarni yuqori darajada o‘tkazgan PFL va O‘FAning Samarqand finalidagi tashkiliy ishi «tort ustidagi olcha» misoli bo‘ldi.
Finaldan bir kun oldin Samarqand shahrida futbol bayrami shukuhi yaqqol sezila boshladi. Rasmiy tadbirlardan tashqari, O‘zbekiston kubogi sovrini ikki qavatli maxsus avtobusda Superligaga yo‘llanma olgan «Dinamo» jamoasi muxlislari qurshovida shahar bo‘ylab harakatlanib, samarqandliklar uchun finalga o‘ziga xos chaqiruv bo‘ldi. Karnay-surnay sadolari ostida «Dinamo» stadioni oldida boshlangan bayram shaharning yuragi – Registon maydonida davom etdi.
Hamma yo‘llar Samarqandga olib boradi
4 dekabr, shanba kuni final oldidan kubok «Dinamo» stadioni va Registon maydoniga qo‘yilib, sovrin bilan suratga tushish imkoniyati yaratildi.
O‘yindan uch soat avval – soat 13:00da «Dinamo» stadionida bayram dasturlari boshlanib ketdi. Mahalliy muxlislardan tashqari, Toshkent va qo‘shni Qashqadaryodan ham yuzlab ishqibozlar Samarqandga kelishdi. Uchrashuvdan qariyb ikki soat avval «Dinamo» stadionining «Nasaf» muxlislari uchun ajratilgan sektorlari liq to‘ldi, o‘yindan yarim soat avval esa «Paxtakor» muxlislari o‘z tribunalarini to‘ldirishdi. O‘yin boshlangach, qariyb 14 ming tomoshabin sig‘imiga ega o‘yingoh futbol ixlosmandlari bilan to‘ldi.
Final bahsi oldidan O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq sardori Odil Ahmedov olqishlar ostida kubokni maydonga olib tushdi.
O‘yingohning yuqori martabali mehmonlar uchun ajratilgan qismida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets, klublar rahbarlari va boshqalarni uchratish mumkin edi.
«Qizil» bormidi?!» VAR, chetlatish va irodali g‘alaba
Finalda «Paxtakor» hisobni ochgach, qolaversa, birinchi bo‘limdayoq qarshiliklar o‘yinchisi Oybek Bozorovning maydondan chetlatilishi bayramona muhitni buzishi mumkin edi. Sababi «Paxtakor» va «Nasaf»ning sobiq o‘yinchisi bo‘lmish bosh hakam Ahrol Risqullayevning VARdagi assist Ilgiz Tantashev tomonidan ekran qarshisiga chaqirilishi va Bozorovga bahsli vaziyatda qizil kartochka ko‘rsatishi turli munozaralarga sabab bo‘layotgandi.
Buni tanaffusdayoq O‘FA hakamlar qo‘mitasi raisi Erkin Baxtiyorovning takroriy vaziyatni ko‘rish uchun jurnalistlar xonasiga chiqishi va hayron qolarli ohangda «qizil» bormidi?!» deya so‘ragani, qolaversa O‘FA faxriylar kengashi To‘lagan Isoqovning bunday finallarda bunaqa vaziyatlar uchun chetlatish noo‘rin ekani haqidagi gaplaridan anglash mumkin edi.
Qariyb bir soat kamchilikda o‘ynagan Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari o‘yinda qahramonlik ko‘rsata olishdi va yakunda g‘alaba golini kiritgan holda «Dinamo» o‘yingohini larzaga keltirishdi. Bu g‘oliblik kubok bilan birga ularga OChL yo‘llanmasini ham taqdim etdi.
Shu kuni deyarli butun o‘yingohdagilar «Nasaf»ni faqat «Paxtakor»ni mag‘lub etgani uchun emas, yosh tarkibga ega bo‘lishiga qaramay, 10 kishi bo‘lib mardonavor to‘p surgani, butun mavsumda har qancha qiyinchiliklarga qaramay, yil davomidagi uchinchi finalida nihoyat g‘olib bo‘lib yakunda chiroyli nuqta qo‘ya olgani uchun Ro‘ziqul Berdiyev jamoasini o‘rnidan turib olqishladi.
Havo sovuqligiga qaramay, taqdirlash marosimi va bayramona konsert hamda shou dasturning davom etishi bilan minglab muxlislar qariyb yana bir soat o‘yingohni tark etishmadi. Finaldan keyin esa qashqadaryolik muxlislar Samarqand ko‘chalarida bayramni boshlagan edi.
Qarshidagi tantana
O‘zbekiston kubogi finalida «Paxtakor»ni mag‘lub (2:1) etib, Samarqanddan kubok bilan qaytgan «Nasaf» jamoasi Qarshida tantanali kutib olindi. Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov tashabbusi bilan «Nasaf» klubi kubok bilan Qarshi shahri bo‘ylab harakatlandi.
G‘alaba munosabati bilan «Nasaf» stadionida bayram tadbiri ham o‘tkazildi. Kubok sohibini olqishlash uchun o‘yingohga 2 mingga yaqin muxlis tashrif buyurgan. Viloyat hokimi, klub homiylari, rahbariyati finaldagi mardonavor o‘yin va sovrin uchun Ro‘ziqul Berdiyev hamda uning jamoasiga cheksiz minnatdorchilik bildirib, «Nasaf» 2022 yilda o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yishi, klubning yillik budjeti ham oshirilishi ma'lum qilindi.
Bu xabar yil davomida turli qiyinchilik va to‘siqlarni munosib tarzda yengib o‘tgan «Nasaf» jamoasi va uning muxlislari uchun yana bir xushxabar bo‘ldi, deyish mumkin. Har holda OFK kubogi finaligacha yetib borgan, milliy jamoalarimizga qator iqtidorlarni yetkazib berishdan charchamayotgan Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi bunga munosib edi.
Usmon Ibodov
Mavzuga oid
13:50 / 02.11.2024
«Paxtakor» metro bekatining eskalator o‘rnatilgan tomoni vaqtincha yopiladi
17:54 / 01.11.2024
«Nasaf» – o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston chempioniga aylanib, Toshkent klublarining 23 yillik gegemonligiga chek qo‘ydi
00:00 / 24.10.2024
OChL-2. «Nasaf» Iordaniyada mag‘lubiyatga uchrab, guruhida 3-o‘ringa tushdi
13:58 / 06.10.2024