Jamiyat | 22:19 / 11.12.2021
18202
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Mercedes mashinasi haydovchilari inspektorning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay qochib ketishga urindi

Toshkent shahrida “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi asosida o‘tkazilgan tungi reyd davomida Mercedes rusumidagi avtomobillarning haydovchilari inspektorning ishorasiga bo‘ysunmasdan qochib ketishga urindi. Har ikki mashina majburiy tartibda to‘xtatildi.

Poytaxt IIBB YHXB axborot xizmati taqdim etgan, reyd jarayoni aks etgan videolavhada Mercedes gelendvagen rusumli avtomobil yo‘l harakati xizmati inspektorining jizel orqali to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmay qochib qolganini ko‘rish mumkin.

Bu avtomobil IIBB maxsus bo‘linmasi xodimlari tomonidan majburan to‘xtatilganda haydovchi spirtli ichimlik ta'sirida ekani ma'lum bo‘ladi.

“Tug‘ilgan kunda o‘tirdim. Aroq ichdim. “Narusheniye” qildim. Jarima yozinglar, [mashinani] “shtrafnoy”ga tiqinglar. “Pravamni reshat” qilinglar”, deydi haydovchi maxsus reydni o‘tkazayotgan YHXB xodimlariga.

Reyd davomida Mercedes-Benz S klassiga mansub avtomobilni boshqarib ketayotgan haydovchi YPX bilan mushuk-sichqon o‘ynamoqchi bo‘ladi. Biroq videotasvirlarda u uzoqqa qochib ketolmagani, tez orada majburan to‘xtatilgani aks etgan.

“To‘xtash haqidagi ishorani ko‘rmay qolibman”, deya o‘zini oqlashga uringan haydovchiga nisbatan sodir etgan qoidabuzarligi bo‘yicha ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rilgan.

Mavzuga oid