«Qo‘yliq» ma’muriyati bozor ko‘chishi bo‘yicha rasmiy topshiriq bo‘lmaganini aytdi
Qo‘yliq dehqon bozori ma’muriyati vakili Qodirjon Normirzayevga ko‘ra, bozor buzilishi yoki ko‘chishi haqida hech qanday rasmiy topshiriq berilmagan. Yangi bozorga ko‘chmagan sotuvchilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ogohlantirish xati kim tomonidan berilgani noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Yo‘l kengayishi va ko‘prik qurilishi sabab Qo‘yliq dehqon bozori va unga tutash bo‘lgan ulgurji savdo maydoni joylashgan manzil Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani Mehnatobod ko‘chasida joylashgan Food City savdo markaziga ko‘chirilishi haqida xabar berilgandi.
Bu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy e’tirozlar va bahslarga sabab bo‘ldi. Yangi majmuadagi do‘konlar ijarasi haddan tashqari qimmatligi, maydoni esa juda kichikligi bois savdogarlar bozor ko‘chishi natijasida Toshkentda oziq-ovqat narxi oshishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda, minglab kishilar esa kundalik daromadidan ayrilishidan katta xavotirda ekanini bildirgan. Ammo kutilmaganda bozor rasmiysi bozor buzilishi haqidagi xabarlarni inkor etmoqda.
O‘zA tayyorlagan videoreportajda Qo‘yliq dehqon bozori direktorining xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Qodirjon Normirzayev bozor buzilishi yoki ko‘chishi haqidagi e’tirozlarga munosabat bildirib, bu borada hech qanday rasmiy topshiriq berilmaganini aytib o‘tdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, aylanma ko‘prik loyihasini amalga oshirish uchun bozorni buzishga hojat yo‘q.
«Yangi ko‘prik qurish hozircha loyiha. Ushbu ko‘prik qurilishiga 2025 yil yoki boshqa ma’lum bir aniq vaqt belgilanmagan. Qurilgan taqdirda ham ko‘prik bilan bozor oralig‘ida katta joy bor, aylanma yo‘l qilib, pastga tushirganda ham bozorga xalaqit qilmaydi.
Yangi bozorga ko‘chish bo‘yicha hali bizga shahar hokimiyati yoki bozorlar markazi tomonidan hech qanaqa xabar berilmagan, ogohlantirish xatlari ham yuborilmagan. Yangi bozor masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u asosan ulgurji mahsulotlar sotish uchun mo‘ljallangan. Bundan ko‘zlangan maqsad katta yuk mashinalarining shahar ichiga kirib, tirbandlik yuzaga keltirishiga yo‘l qo‘ymaslik.
Aylanma ko‘prik loyihasini amalga oshirish uchun bozorni buzishga hojat yo‘q, chunki yetarli darajada joy bor», degan u.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ko‘chmagan sotuvchilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ogohlantirish xatini kim bergani yuzasidan savollar qo‘ydi.
«Qo‘yliq dehqon bozorining direktor o‘rinbosari intervyu beribdi. Unga ko‘ra, bozor buzilmaydi, ko‘chirilmaydi, bozor rezidentlariga ogohlantirish xatlari ham berilmagan.
Unda kim ko‘chmagan bozorchilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ogohlantirish berdi? Marsliklarmi?
Kim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ortilgan mashinalarni bozorga kirgizmaslik haqida topshiriq berdi? Marsliklarmi?
Kim Qo‘yliq rezidentlari Food City savdo markaziga ko‘chishi kerakligi haqida topshiriqlar berdi? Marsliklarmi?
Bozorning bosh aksiyadori bo‘lgan Toshkent shahar hokimiyati qani? Ertaga yana bozor buzilmaydi deb men aytmaganman, deb bilgan noma’qulini yeyishda davom etmaydimi?
Savdo-sanoat palatasi qani? Bir og‘iz tovush chiqaradimi? Biznesning mulk haqlari buzilyapti. Piq etgan tovush chiqadimi?» deya yozadi iqtisodchi.
Toshkent shahri va viloyatlarga oziq-ovqat yetkazib beruvchi Qo‘yliq dehqon bozori va uning yonidagi ulgurji savdo maydonining boshqa hududga ko‘chirilishi haqidagi qaror va harakatlar so‘nggi kunlarda muhokamalar markaziga aylandi. Qaror e’lon qilingan 7 dekabr kuni Kun.uz muxbiri bozor hududida bo‘lib, bu yerda savdo qiladigan tadbirkorlarning fikrlari bilan qiziqdi. Chakana va ulgurji savdo bilan shug‘ullanadigan sotuvchi va tadbirkorlar o‘z noroziliklarini bildirib, bozorning ko‘chishi ko‘pchilikning ishsiz qolishi, narxlar oshishi kabi salbiy holatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini aytishdi, boshqa joyga ko‘chish mijozlar soni keskin kamayishi va savdo susayishiga sabab bo‘lishini ta’kidlashgan.
Keyinroq, Qo‘yliq bozoridagi barcha tadbirkorlardan savdo faoliyatini joriy yilning 31 dekabriga qadar tugallab, 2022 yilning 1 yanvaridan Food city savdo majmuasida davom ettirish haqida ogohlantirish xatiga imzo qo‘ydirilayotgani haqida xabar tarqaldi.
Mavzuga oid
14:37 / 31.07.2024
Qo‘yliqdagi ovqat bozori faoliyati to‘xtatildi
19:15 / 16.03.2024
Tugatilgan Qo‘yliq, “qovun tushirgan” UzAuto va 98 foizga yetgan davomat - hafta dayjesti
15:23 / 15.03.2024
Qo‘yliq bozori aksiyadorlari avvaliga bozorning ixtiyoriy tugatilishiga qarshi bo‘lishgan
21:39 / 13.03.2024