O‘zbekiston | 07:25 / 17.12.2021
9088
2 daqiqa o‘qiladi

Favqulodda holat to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun prezident tomonidan imzolandi

Qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda favqulodda holat rejimi eng ko‘pi bilan to‘rt oy muddatga joriy etilishi mumkin.

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonuni 15 dekabr kuni imzolangan. O‘RQ-737 raqami bilan qayd qilingan qonunni Oliy Majlisning qonunchilik palatasi 2021 yil 24 iyulda qabul qilgan, Senat tomonidan 19 noyabrda ma’qullangan.

38 ta moddadan iborat hujjatga ko‘ra, Favqulodda holat prezident farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki ayrim joylarida joriy etiladi, bu haqda darhol OAVda e’lon qilinadi.

Favqulodda holat rejimi 4 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga joriy etilishi mumkin — bu respublikaning ayrim hududlarida amal qiladigan FH rejimi uchun belgilangan maksimal muddat. Butun respublika bo‘ylab favqulodda holat 30 kunga joriy etilishi, zaruriyat tug‘ilsa prezidentning boshqa farmoni bilan yana bir marta shuncha muddatga cho‘zilishi mumkin.

Prezidentning FH rejimini uzaytirish haqidagi farmoni parlament palatalarining qo‘shma majlisida tasdiqlanishi lozim.

Qonunga ko‘ra, Favqulodda holat davrida davlat organlarining vakolatlari to‘liq yoki qisman to‘xtatilishi, harakatlanishga cheklovlar joriy etilishi, yig‘ilishlar va mitinglarga taqiq va cheklovlar qo‘llanilishi, shuningdek transport harakati cheklanishi mumkin.

Favqulodda holat joriy etilganda prezident farmoni bilan FH rejimini ta’minlash bo‘yicha davlat komissiyasi, hudud komendaturasi tashkil etilishi mumkin.

Mavzuga oid