O‘zbekiston | 14:04 / 22.12.2021
6971
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda Sambhram universiteti ochildi

Jizzax viloyati Jizzax shahrida Hindiston bilan hamkorlikda Sambhram universiteti ochildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan Kun.uz’ga ma’lum qilindi.

Foto: Jizzax viloyati hokimligi

Universitet ochilish marosimida viloyat hokimi Ergash Saliyev, Sambhram Group rahbari doktor Nagaradj Venketej ishtirok etdi. Universitetda 2021-2022 o‘quv yilida 1 ming 501 nafar talaba, ta’lim muddati 4 yil bo‘lgan (kunduzgi) 3 ta bakalavr yo‘nalishi va ta’lim muddati 2 yil bo‘lgan 2 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilindi.

Ushbu universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston va Hindistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.

Foto: Jizzax viloyati hokimligi

Universitet o‘quv binosi kompyuterlar bilan to‘liq jihozlangan laboratoriya xonalari, 180 o‘rinli konferensiyalar zali, 200 o‘rinli oshxona binosi to‘liq rekonstruksiyadan chiqarilib, o‘qish jarayonlari to‘liq boshlandi.

Bugungi kunda universitetda 260 o‘rinli talabalar yotoqxonasi hamda 100 o‘rinli professor-o‘qituvchilar uchun mehmonxona binosi ta’mirlanmoqda. Universitet faoliyatiga Hindistondan 6 nafar va O‘zbekistondan 30 nafar professor-o‘qituvchi jalb etilgan bo‘lib, umumiy ilmiy salohiyat 30 foizni tashkil etadi.

Mavzuga oid