O‘zbekiston | 12:26 / 23.12.2021
4950
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda «Toza hudud» DUK inspektorlari pornografik materiallarni yuklab olib, o‘zlariga biriktirilgan terminallarga zarar yetkazgani aniqlandi

Foto: KUN.UZ

Surxondaryo viloyatida «Toza hudud» DUK filiallarida ishlovchi inspektorlar pornografik mazmundagi materiallarni yuklab olib, o‘zlariga biriktirilgan terminallarga zarar yetkazgan. Shuningdek, uyali aloqa kompaniyasidan qarzdorliklar yuzaga kelgan. Bu haqda viloyat «Toza hudud» DUK filiali xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan tekshiruvlarda, Uzun tumani filiali nazoratchisi O‘.M., Muzrabot tumani filiali nazoratchisi U.J., Bandixon tumani filiali nazoratchisi Sh.K., Sariosiyo tumani filiali nazoratchisi E.R.lar o‘zlariga biriktirilgan terminalga video, qo‘shiq, kino va boshqa turli mediafayllarni yuklab olgani va undan boshqa maqsadlarda foydalangani aniqlangan.

Qayd etilishicha, ular o‘zlari uchun ajratilgan internet tarmog‘i orqali ruxsat etilmagan, shu jumladan, behayo, pornografik materiallarni tomosha qilib, o‘zlariga biriktirilgan terminallardan maqsadsiz foydalanishi oqibatida terminalning ichki dasturlariga jiddiy shikast yetgan, nosozliklar vujudga kelgan. Bundan tashqari, terminallarga ajratilgan korporativ mablag‘dan tashqari oshiqcha qarzdorliklar yuzaga kelgan.

«O‘z manfaati yo‘lida vatandoshlarining haqiga xiyonat qilgan filial nazoratchilaridan korxonaga yetkazilgan zarar undirilib, kelgusida bu kabi holatlar takrorlansa, ular bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinishi haqida qat’iy ogohlantirish berildi.

Mana shu qoidabuzarlik holatidan kelib chiqib, kelgusida shu va shunga o‘xshash holatlarga yo‘l qo‘yib, terminaldan maqsadsiz (o‘zga maqsadlarda) foydalangan nazoratchilardan holat sodir etilgan oy uchun hisoblangan ish haqi korxona foydasiga ushlab qolinishi ko‘zda tutildi. Internet tarmog‘i xizmatidan ortiqcha foydalangan holda korxonaga yetkazgan zarari ushbu nazoratchi hisobidan ikki hissa qilib korxona foydasiga undirilishini aks ettiruvchi qo‘shimcha kelishuvlar barcha nazoratchilar bilan imzolanmoqda», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid