Sport | 17:15 / 11.01.2022
11606
10 daqiqa o‘qiladi

Obameyang o‘rniga nomzodlar – «Arsenal»da yangi davrni boshlashi mumkin bo‘lgan 5 hujumchi

Foto: Getty Images

 «Arsenal»da tushunarsiz vaziyat. Jamoa qayta tiklanyaptimi yoki pastlashda davom etyaptimi – bilib bo‘lmaydi. Yosh iqtidor egalari Bukayo Saka, Emil Smit-Rou, Kiran Tirni, Aaron Ramzdeyl va Gabriel Martinelli kabilar o‘zlarini ijobiy jihatdan ko‘rsatib, katta futbolchilardek harakat qilishmoqda. Qarama-qarshi tarafda esa Bernd Leno, Granit Jaka va Per-Emerik Obameyang kabi futbolchilar yosh bolalardek xatolarga yo‘l qo‘yishmoqda. Bir mavsum avval katta va’dalar berib olib qolingan gabonlik hujumchi bugun klubdan chetga surib chiqarilyapti.

Bunga, albatta, uning mashg‘ulotlarga va murabbiylarga bo‘lgan sovuqqon munosabati sabab bo‘lgan. Arteta qat’iyatli murabbiylarga xos tarzda unga nisbatan jazo qo‘lladi va natijalarni ham bir maromda saqlab qolishga erishmoqda. Lekin shunisi aniqki, londonliklar kelajakda yaxshi natijalarga umid bog‘lashi uchun sifatli hujumchi – yetakchiga muhtoj. Keling, «Arsenal»ni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan hujumchilarning ba’zilari haqida fikr bildirib o‘tamiz.

Dushan Vlahovich («Fiorentina»)

So‘nggi yillarda Vlahovich tipidagi futbolchilar anchayin ko‘paydi. Qaysidir yildagi muvaffaqiyatli o‘yinlari orqali grandlar e’tiborini tortib, keyinchalik yo‘qolib qoluvchi hujumchilar grandlarni chalg‘itib qo‘ymoqda. Luka Yovich, Andrea Belotti, Nikolya Pepe, Andre Silva kabilarni bu ro‘yxatga kiritish mumkin.

Joriy mavsum «Fiorentina» tarkibida barcha musobaqalarda 22ta uchrashuvda ishtirok etib, 18ta gol va 3ta assistga mualliflik qilgan serbiyalik hujumchi qanday qilib top-klublar e’tiborini tortmasligi mumkin. Florensiyaliklar rozi bo‘lgan taqdirda, «Arsenal» 21 yoshli futbolchi uchun 55 mln funt-sterling berishga tayyor. Ha, Dushanga eng katta qiziqish bildirayotgan klub bu – «Arsenal». Lekin ular bu yulduz uchun kurashdagi yagona nomzod emaslar. Unga da’vogarlar orasida «Real», «Yuventus» va «Tottenhem» kabi nomlar qulog‘imizga chalinib ulgurdi.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, «Fiorentina» iqtidorli hujumchisini 70 mln funtdan kamiga sotmoqchi emas. «Arsenal» xo‘jayini Sten Kronke esa bu qadar katta pulga futbolchi sotib olinishiga yo‘l qo‘ymasligi kundek ravshan. Demak, italyanlar narxni tushirishi yoki «to‘pchilar» boshqa hujumchi izlashi lozim.

Foto: Fiorentina

Jonatan Devid («Lill»)

Sut ichib og‘zi kuygan odam qatiqni ham puflab ichadi. «Arsenal» 72 mln funt-sterlingga Nikolya Pepeni xarid qilib katta xatoga yo‘l qo‘ydi va bu hali-beri klub rahbarlarining esidan chiqmasa kerak. Shunday bir paytda yana shu narx atrofidagi futbolchini transfer qilish qanchalik haqiqatga yaqin? Ustiga-ustak u yana «Lill» a’zosi bo‘lsa…

Ha, o‘tgan mavsum «Lill»dan olib kelingan Gabriel Magalyans London klubi safida o‘zini yaxshi ko‘rsata oldi. Lekin uning namoyish etgan o‘yinlari ham o‘ta hayratlanarli emas.

Devid fransuz klubi tarkibida hozircha juda zo‘r o‘ynayapti. Hozirgacha Fransiya birinchi divizionida 12ta gol urib, to‘purar bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, Yevropa Chempionlar ligasida ham 3ta uchrashuvda raqib darvozasiga yo‘l topishni uddaladi. 21 yoshli kanadalik hujumchi o‘ziga xos natija qayd etmoqda: hozirgacha Yevropaning hech bir futbolchisi asosiy bo‘lmagan oyog‘ida uningdek ko‘p gol urmadi – 9ta. Demak, u raqib himoyachilariga anchayin noqulaylik tug‘dirish imkoniyatiga ega.

22 yoshga yetmasdan 24ta uchrashuvda 18ta gol urib, Kanada milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanib olgan Devid Arteta qo‘l ostidagi tarkibni kuchaytirishi mumkin.

Foto: Getty Images

Aleksandr Isak («Real Sosedad»)

«Borussiya Dortmund» ulkan iqtidor egalarini yo‘qotishiga juda kam holatlarda guvoh bo‘lamiz. Aleksandr Isak mana shu kamdan kam misollardan biridir. 2017-2019 yillar mobaynida transfer huquqi dortmundliklarga tegishli bo‘lgan futbolchini klub osonlik bilan qo‘yib yuboradi.

2019 yilda «Real Sosedad» tarkibiga kelib qo‘shilgan shvetsiyalik futbolchi o‘z darajasini barchaga ko‘rsatib qo‘ya oldi. Yevropa top-5 ligalarida 2019/2020 yilgi mavsumdan beri 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ichida eng ko‘p gol urganlar orasida Isak Holand (48ta), Mbappe (46ta) va Vlahovichdan (31ta) keyingi o‘rinda bormoqda – 29ta gol.

Shvetsiya milliy jamoasi tarkibida gol kiritgan eng yosh futbolchi bo‘lib turgan Aleksandrni bo‘lajak Zlatan deyishlariga asoslar mavjud. U baland bo‘y va yuqori tezlikni o‘zida mujassam etgan hujumchi hisoblanadi. Yevro-2020dagi harakatlari orqali shvedlar tarkibidan tobora muhimroq o‘rin olib borayotganini isbotlay oldi.

U Niderlandiyaning «Villem II» klubi safida o‘ynayotgan davridanoq «Real» va «Barselona»ning nazariga tushishga ulgurgandi. Bugun ispan grandlari futbolchiga u qadar jiddiy qiziqish bildirayotgani yo‘q. Shundan foydalangan holda, «Arsenal» ushbu hujumchini o‘z tarkibiga qo‘shib olishi ancha oson kechishi mumkin.

Foto: Real Sosedad

Olli Uotkins («Aston Villa»)

Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yana avj olayotgan bir paytda futbol klublarining barchasida moliyaviy qiyinchilik holati kuzatilayotgani ma’lum. Bunday vaziyatda klublar imkon qadar o‘zlarini katta xaridlardan tiyishga harakat qilishlari tabiiy. Obameyang ketsa, uning o‘rnini to‘ldirish shart. Chunki Aleksandr Lyakazett va Gabriel Martinelli doim ham yuqori sport formasida bo‘lmasligi mumkin. Buning ustiga ularning o‘yin uslubi gabonlik futbolchinikidan biroz farq qiladi.

«Aston Villa» ham Stiven Jyerrard qo‘l ostida yangi davrni boshlashni ko‘zlayapti. Filippe Koutinoning jamoaga olib kelinishi amalda ko‘p narsalarni anglatadi. Ya’ni, «Arsenal» shunchaki o‘rtamiyona narx evaziga «sherlar»ning asosiy hujumchisini xarid qila olmaydi. Ha, bunda futbolchining xohishi ham rol o‘ynashi mumkin. Lekin Ollining o‘zi katta klublarga o‘tishga shoshmaydigandek ko‘rinyapti. Hozir «to‘pchilar» tarkibiga o‘tish orqali zaxirada qolib ketish ehtimoli borligini uning o‘zi ham yaxshi tushunadi.

Jismoniy imkoniyatlarining kattaligi bilan u «Arsenal»da raqobatni yengib o‘ta olishi mumkin. Angliya futboli muxlislari Lyakazettni hujumlar tashkil etishda foydaliroq deb o‘ylashlari mumkin. Lekin bu boradagi samaradorlikda ham Uotkins fransiyalik hujumchidan 1,5 barobarga yaxshiroq natija qayd etib turibdi. «Emireyts» Robin van Persi tipidagi hujumchini sog‘ingan va Olli ularga o‘sha davrlarni eslatishi mumkin.

Foto: Getty Images

Dominik Kalvert-Lyuin («Everton»)

Dominik Kalvert-Lyuin haqida ham Uotkinsga qo‘llagan ta’riflarimizni ishlatishimiz mumkin. O‘tgan mavsum startida o‘zini qaytadan kashf qilgan angliyalik hujumchi hatto milliy jamoadan ham chaqiruv oldi.

U jarima maydoni ichida to‘pni yutib olish bo‘yicha faqat Keyndan orqada qolishi mumkin. Bugungi «Arsenal»da tezkor va kreativ qanot futbolchilarining ishini muvaffaqiyatli yakunlab bera oluvchi sermahsul to‘purarga jiddiy ehtiyoj mavjud.

Uning birgina kamchiligi Aleksandr Lyakazett kabi jamoaning himoyalanish va hujum qilish harakatlarida faollik ko‘rsata olmasligi mumkin. Lekin «to‘pchilar»da bu ishlar bilan shug‘ullanish uchun boshqa futbolchilar ham bor. Dominikning transferi iqtisodiy jihatdan ham sharqiy londonliklarga u qadar katta muammo tug‘dirmasligi mumkin.

Bugun Mikel Arteta natija olib keladigan, yaxshi sxema – mexanizm yaratishga erishdi. Futbolchilarning o‘yini chiqqan paytda ular «Manchester Siti»ni ham qay holatga solganliklarini ko‘rdik. Demakki, ispaniyalik mutaxassisga endi ijrochilar kerak va ular bilan «Arsenal» yana ko‘zlarimiz o‘rgangan o‘rinlarga qaytishi mumkin.

Foto: Getty Images

Abdulbasit Valixonov tayyorladi. 

Mavzuga oid