Jahon | 20:02 / 25.01.2022
126411
17 daqiqa o‘qiladi

Sovetlar xalqdan sir tutgan fojialar

69 yil davom etgan SSSR davrida ko‘plab fojialar odamlardan yashirilgan, aslida nima bo‘lgani o‘nlab yillardan keyin oshkor bo‘lgan.

Fotokollaj: Kun.uz

Har qanday salbiy axborotni filtrdan o‘tkazish, jamoatchilikdan sir tutish – totalitar tuzumlarga xos xususiyatlardan. Sobiq ittifoq misolida ham bu ayniqsa yaqqol ko‘rinadi.

SSSRda ro‘y bergan ko‘plab tabiiy ofatlar, texnogen fojialar matbuotda yoritilmagan, televideniyeda ko‘rsatilmagan. Bu esa o‘sha paytda odamlar orasida turli taxminlar, qo‘rqinchli mish-mishlar tarqalishiga sabab bo‘lgan.

Ko‘p qavatli uyga kelib urilgan samolyot – 33 yil yashirilgan voqea

Foto: Wikimedia

1976 yilning 26 sentabri. Yakshanba kuni erta tongda 23 yoshli uchuvchi Vladimir Serkov odatda o‘zi yo‘lovchilarni tashigan An-2 samolyotini mahalliy aerodromdan olib qochadi. U past-balandlikda shahar bo‘ylab parvoz qilib chiqqach, samolyotni to‘g‘ri besh qavatli turar joyga borib uradi.

Garchi “Kukuruznik” yengil tipdagi samolyot hisoblansa-da, soatiga 150 kilometrdan oshiq tezlikda uyga borib urilganidan so‘ng uyning 3- va 4-qavatlari orasidagi qismida diametri ikki metr atrofidagi teshik hosil bo‘ladi.

“Kamikadze” halok bo‘ladi. Samolyotda qolgan yonilg‘i alanga olishi oqibatida pod’yezd olov ichida qoladi. Ro‘y bergan falokat va yong‘indan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan odamlar dahshat og‘ushida dastlab farzandlarini derazadan yordamga kelganlarga qarata uloqtirishgan bo‘lsa, so‘ngra o‘zlari ham pastga sakrashgan.

Biroq favqulodda vaziyatdan omon qolish hammaga ham nasib etmaydi. To‘rt kishi – 25 yashar ayol va 4 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan uch nafar bola yong‘inda halok bo‘lishadi. Ulardan ikki nafari – Oleg va Aleksandr Tyapkin bu yerda yashamas, ular do‘stinikiga mehmonga kelib tunab qolishgandi. Ayriliqqa dosh berolmagan Oleg va Aleksandrning onasi fojiadan bir hafta o‘tib, yurak xurujidan vafot etadi.

Mutaxassislarning fikricha, agar samolyot to‘g‘ri xonadonlarga borib urilganda qurbonlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin edi. Aftidan uchuvchiga uy yaqinida o‘sgan teraklar xalal bergan va u daraxtlarni chetlab o‘tib, pod’yezdga borib urilgan.

Foto: Wikimedia

Surishtiruvlardan so‘ng xudkush-uchuvchining rafiqasi uni tashlab ketgani va 2 yashar o‘g‘li bilan ota-onasining fojia yuz bergan “dom”dagi kvartirasida yashab kelayotgani aniqlangan. Ular yashagan xonadon 3-qavatda joylashgan bo‘lib, uchuvchi aynan shu kvartirani nishonga olgan. Serkovning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu vaqtda qaynota va qaynonasi qizi va nevarasi bilan birga oshxonada nonushta qilayotgan bo‘lishi, samolyot to‘g‘ri ularning ustiga kirib borishi kerak edi.

Ammo o‘sha kun va soatda ularning hech biri uyda bo‘lmagan. Taxminlarga ko‘ra, uchuvchining qaynotasi (yoki barcha kattalar) yaqinlashib kelayotgan qasos onlari haqida bilishgan va omon qolish choralarini ko‘rishgan. Lekin bu haqda boshqa hech kimni ogohlantirishmagan.

Fojia yuz berganidan ko‘p o‘tmay “kamikadze”ning qaynotasi mol-mulkini saqlab qolish uchun yonayotgan uy hovlisida kalta ishtonda yugurib yurganini ko‘rishgan. Keyinchalik oila qatag‘onga uchrashdan qo‘rqib, qolaversa, hodisa tafsilotlarini bilishga qiziquvchanlardan yashirinib, o‘n martalab yashash manzillarni o‘zgartirishadi. Alaloqibat ularning izi yo‘qoladi.

Xrushchev davrida bunyod etilgan turar joy ko‘p o‘tmay tiklanib, fojia oqibatlari bartaraf etiladi. Rasmiylar bu hodisani maxfiylashtirishadi. Hech qayerda voqea haqida rasmiy axborot berilmaydi. Aksincha, shahar bo‘ylab bu ishni terrorchilar uyushtirgani, bu shafqatsiz siyosiy aksiya ekani haqida mish-mishlar tarqaladi. Hodisa guvohlarini esa “aqldan ozgan”ga chiqarib qo‘yishadi.

33 yil sir tutilgan voqea hammaning esidan chiqayozgan bir paytda – 2000-yillarning boshida KGB arxivlaridagi hodisaga doir hujjatlardan maxfiylik tamg‘asi olinishi ortidan aslida nima bo‘lgani ma’lum bo‘ladi.

“Lujniki” stanidonidagi fojia 7 yil jamoatchilikka oshkor qilinmagan

Foto: Wikimedia

1982 yil 20 oktyabr kuni UYeFA Kubogining nimchorak final bosqichida Moskvaning “Spartak” va Hollandiyaning “Haarlem” jamoalari to‘qnashadi. Moskvada bo‘lib o‘tgan o‘yin yakunida sovet sporti tarixidagi eng dahshatli fojia yuz beradi. Ammo bunday voqea yuz bergani maydonda bo‘lgan o‘yinchilarning hatto tushlariga ham kirmagandi. “Spartak”chilar-ku nima bo‘lgani haqida ertasi kuni murabbiydan eshitishadi, biroq hollandlar aksariyat jamoatchilik bilan birga 7 yildan keyingina bu haqda xabar topishgan.

O‘yin arafasida Moskvada birinchi qor yog‘adi. O‘yin kuni oktyabr oyiga xos bo‘lmagan qattiq sovuq (-10° C) kuzatiladi. Shu bois o‘yin uchun 82 000 chiptadan bor-yo‘g‘i 16 643 tasigina sotiladi. 1982 yilda stadion tribunalarining ustida tom bo‘lmagan. O‘yin boshlanishiga qadar faqat ikkita tribuna – sharqiy “C” va g‘arbiy “A” sektorlarni qordan tozalab ulgurishadi.

Hujjatlarda har ikkala tribunada 23 000 tomoshabin bo‘lgani, bu sotilgan chiptalar sonidan sezilarli darajada ko‘p ekani keltiriladi. “A” sektorda bor-yo‘g‘i 4 mingga yaqin tomoshabin bo‘lgani holda 12 mingga yaqin muxlis metroga yaqin masofadagi “C” sektorga joylashishadi.

Foto: Wikimedia

“Spartak” 16-daqiqadayoq hisobda oldinga chiqib oladi, ammo keyin mezbonlar o‘yindagi ustunlikni boy berishadi. Final hushtagiga ikki daqiqa qolganda, boshqa gol bo‘lmasligiga ishonch hosil qilgan, qolaversa, sovuq havoda muzlab qolgan muxlislar stadiondan chiqishga shoshilishadi. O‘yin vaqtida o‘smir-muxlislar bilan kelishmovchilikka uchragan militsiya xodimlari olomonni nazorat qilish maqsadida to‘rtta chiqish eshigining faqat bittasini ochib qo‘yishadi.

Bir payt bir qiz oxirgi zinapoyaga yetgan vaqtda yiqilib tushadi, oldindagilar unga yordam berish uchun to‘xtashadi, lekin orqadan kelayotgan vaziyatdan bexabar olomon to‘xtamaydi. Natijada pastdagi qiz oyoqostida qolib ketadi. Shundan so‘ng zanjirli reaksiya boshlanadi, ortdan kelayotganlar bir-birini surib-itarib kelaveradi, odamlar yerda yotganlarga qoqilib yiqilaveradi, qurbonlar soni ortaveradi.

Guvohlar so‘nggi soniyalarda Sergey Shvetsov hollandlar darvozasiga ikkinchi golni urgan paytda haqiqiy tiqilinch boshlanganini aytishadi. Ro‘y bergan hodisa haqida hech qanday rasmiy ma’lumot berilmagani oqibatida fojia qanday ro‘y bergani haqidagi yolg‘on tasavvurlar urchigandi. Emishki, so‘nggi daqiqada urilgan goldan so‘ng stadiondan chiqib ketayotgan tomoshabinlar ichkariga qaytib kirmoqchi bo‘ladi, biroq ularning stadiondan chiqayotgan oqim bilan to‘qnashishi tiqilinch va tartibsizlikka sabab bo‘ladi.

Tiqilinchda “Spartak”ning 66 nafar ishqibozi halok bo‘lgan, ularning aksariyati 14–19 yoshdagi o‘smirlardan iborat. Sovet gazetalari o‘yin tafsilotlari haqidagina yozishdi, ammo “Vechernyaya Moskva” (“Moskva oqshomi”)dan tashqari hech bir nashr fojia haqida bir satr ham yozgani yo‘q. “Moskva oqshomi”ning so‘nggi sahifasida chiqqan jimitdekkina xabarda ham stadiondagi “baxtsiz hodisa” sodir bo‘lgani, “qurbonlar bor”ligi haqidagina so‘z boradi xolos.

Foto: Wikimedia

Ro‘y bergan hodisa hatto halok bo‘lgan o‘smirlarning ota-onalaridan ham yashirilgan. Ular farzandlarini kasalxona va o‘likxonalardan qidirishgan, biroq negadir qurbonlarning shaxsiga yaqinlarining yordamida oydinlik kiritilmagan.

Mixail Gorbachyov davridagi “oshkoralik” paytidagina, ya’ni oradan 7 yil o‘tib “Lujniki”da aslida nima bo‘lgani haqida matbuotda batafsil yozildi. Biroq bu paytga kelib fojia haqida bir qancha versiyalar ommalashishga ulgurgan, odamlar aslida nima bo‘lganiga emas, ko‘proq o‘sha mish-mishlarga ishonishardi. Voqeaning guvohlari va qurbonlarning qarindoshlari haligacha o‘sha kuni yuzlab odamlar o‘lgan deb hisoblashadi. Fojiaga 10 yil bo‘lganida “Lujniki” hududida halok bo‘lganlar xotirasi uchun yodgorlik o‘rnatilgan.

Moskva metrosida eskalatorning qulashi

Foto: Wikimedia

Moskva metrosi tarixidagi eng dahshatli avariya 1982 yilning 17 fevralida soat 17:00 lar atrofida “Aviamotornaya” stansiyasida sodir bo‘ladi. Yo‘lovchilar oqimi ko‘paya boshlagani uchun bekat xizmatchilari to‘rtinchi zaxira eskalatorni ishga tushirishadi.

Dastavval ustidagi tumonat odamning og‘irligi ta’sirida yurmay qolgan eskalator tezlashib ketadi.  Bekat xodimi uni to‘xtatmoqchi bo‘lganda avariya tormozi ishlamaydi. Eskalator shu qadar tezlashib ketadiki, u zanjirlarini uzib, pastga qulaydi.

Avariya 8 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, o‘nlab odamlar turli og‘irlikdagi jarohat olgan, jabrlanuvchilar ichida umrbod nogiron bo‘lib qolganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Oyog‘i chiqish platformasi va zinapoya orasiga qisilib qolgan jabrlanuvchilardan birini ozod qilish uchun asboblar topilguncha u yana 2 soat kutishga majbur bo‘lgan. Vaqt va uzoq kechikish tufayli oyog‘idan ayrilgan.

Foto: Wikimedia

Guvohlar favqulodda holat ro‘y bergan vaqtda bekat xodimlari metroga kirish yo‘lini to‘sib qo‘yishmagani, natijada bekatga endigina kirib kelganlar o‘lim xavfi changal solib turganidan bexabar holatda qotil eskalatorga qadam tashlashda davom etishganini aytishgan.

Fojia ommaviy axborot vositalarida yoritilmagani sababli hodisa tafsilotlari og‘izdan og‘izga o‘tib, afsonaga aylanadi. Aslida nima bo‘lgani 9 oy davomida yashiriladi. Odamlar aslida mavjud bo‘lmagan “qonli go‘sht maydalagich” haqida bir-birlariga hikoya qilishadi, ba’zi nashrlar “yuzlab” qurbonlar borligi xususida yozishadi.

30 yil sir saqlangan Boyqo‘ng‘irdagi falokat

Foto: Wikimedia

Yangi R-16 qit’alararo ballistik raketasi 1960 yilning 24 oktyabrida – Boyqo‘ng‘ir kosmodromida ilk marta sinovdan o‘tkazishga tayyorgarlik chog‘ida portlab ketadi. An’anaga ko‘ra Sovet ittifoqi rahbariyati har yili Oktyabr inqilobining yubileyida ishlab chiqarishdagi yana bir ulkan yutuq bilan maqtanishi kerak edi.

Yildan yilga kuchayib borayotgan sovuq urush sharoitida bu an’ananing ahamiyati oshib ketadi. Natijada dunyo jamoatchiligini hayratga solish maqsadida hali to‘liq tugallanmagan qit’alararo ballistik raketaning ilk sinovi tashkillashtiriladi. Bunday sharoitda harbiylar o‘zlarini xavfga qo‘ygan holda ming bir qo‘rquv ichida sinov maydoniga tugallanmagan raketani olib chiqishadi.

Aytishlaricha, Xrushchev va Brejnev ishlarning borishini shaxsan tekshirishadi. R-16 loyihasini joyida shaxsan nazorat qilgan Strategik raketa kuchlari bosh qo‘mondoni Mitrofan Nedelinga raketani inqilob kuniga qadar uchirish to‘g‘risida aniq buyruq beriladi.

Yubileyga ulgurish uchun shoshilish xavfsizlik qoidalarining qo‘pol buzilishiga olib keladi. Sinov boshlanishidan yarim soat oldin dvigatellardan biri o‘z-o‘zidan ishga tushadi. Kuchli silkinish ta’sirida yoqilg‘i baklari qulab tushadi va raketa yoqilg‘isiga o‘t ketadi. Ko‘p o‘tmay juda kuchli portlash sodir bo‘ladi va bir necha yuz metr masofadagi hamma narsa yonib ketadi.

Foto: Wikimedia

Rasmiy ma’lumotlarda 74 kishi halok bo‘lgani, portlash natijasida jarohatlangan va kuyganlardan yana 4 kishi vafot etgani keltiriladi. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra qurbonlar soni 92 nafardan 126 nafargacha bo‘lgan. Qurbonlar orasida artilleriya bosh marshali Mitrofan Nedelin ham bor edi.

Har doimgidek ushbu fojia tafsilotlari ham qat’iy maxfiylashtiriladi. Biroq strategik raketa kuchlari bosh qo‘mondonining o‘limini jamoatchilikka nimadir qilib izohlash kerak edi. Boyqo‘ng‘irdagi fojia haqida aytib bo‘lmaganing uchun go‘yoki Nedelin aviahalokat qurboni bo‘lgani haqidagi uydirmani o‘ylab topishadi. U hurmat-ehtirom bilan Kreml devori yoniga dafn qilinadi. Fojianing boshqa qurbonlari esa turli shaharlardagi qabristonlarga va Boyqo‘ng‘irdagi ommaviy qabrga yashirincha dafn qilinadi. To‘g‘ri, ba’zi ma’lumotlar xorij matbuotida tarqaladi, ammo SSSR hukumati fojia haqiqatan ro‘y berganini oradan 30 yil o‘tib, 1989 yilda tan oladi.

Kosmonavt Bondarenkoning o‘limi 25 yil yashirildi

Foto: Wikimedia

24 yoshli Valentin Bondarenko insoniyat tarixidagi birinchi kosmik parvozga nomzodlardan biri edi. U “Vostok” kosmik kemasida parvozga tayyorlangan jamoadagi eng yosh kosmonavt edi, mashg‘ulotlardagi ko‘rsatkichlari bo‘yicha Yuriy Gagarindan keyin to‘rtinchi o‘rinda turgan.

Ammo tarixiy parvozdan 3 hafta oldin Bondarenko surdobarokamera (kosmonavtlarni tajriba va o‘qitish uchun ishlatiladigan maxsus germetik va ovoz o‘tkazmaydigan xona)dagi sinov paytida fojiaviy halok bo‘ladi.

Surdobarokamerada kosmonavtlar koinotda qolishga o‘rgatilgan, ularning reaksiyasi, salomatligi va ruhiyati tekshirilgan. U yerda kosmonavtlar ovqatlanishadi, dam olishadi, koinotdagi muhitga moslashtiriladi. Bonderenko past bosimli va yuqori darajadagi kislorod bilan to‘yintirilgan yopiq kamerada yolg‘iz o‘zi 15 kunni o‘tkazishi, kunduzi uxlashi, kechasi esa uyg‘oq bo‘lishi kerak edi.

Foto: Wikimedia

Biroq 10-kuni halokat ro‘y beradi. Kamera kislorod bilan to‘lgach, Valentinga tibbiy datchiklarini yechishga ruxsat beriladi. U qizarib ketgan terisini spirtga botirilgan paxta bilan ishqalagach, ishlatilgan paxtani chiqindi qutisiga tashlaydi. Lekin paxta tolasi elektr pechkaning spirali ustiga tushadi va kislorod bilan to‘yingan atmosferada u tez alanga oladi. Olov bir zumda kamerani qamrab oladi kosmonavtning maxsus kiyimi yona boshlaydi. Bondarenko olovni o‘chirishga harakat qiladi. Navbatchi shifokor kamera ichidagi bosim past bo‘lgani bois germetik eshikni darrov ocha olmaydi.

Kamera eshigi ochilgach, shifokorlar 8 soat davomida yosh kosmonavtning hayoti uchun kurashadi. Biroq barcha sa’y-harakatlar zoye ketadi va 1961 yil 23 martda, Yuriy Gagarinning parvozidan 19 kun oldin Valentin Bondarenko vafot etadi.

Foto: Wikimedia

Kosmik poyga davrida SSSR hukumati kosmos bilan bog‘liq bo‘lgan hamma narsani sir saqlagan. Bondarenkoning o‘limini shunchaki yashirishmaydi, balki tarixdan butunlay o‘chiriladi, saralangan otryadning Valentin o‘rin olgan jamoaviy suratlari yo‘q qilinadi. Biroq uning “g‘oyib bo‘lishi” e’tibordan chetda qolmaydi. Gagarindan oldin ham ko‘plab jasur kosmonavtlar kosmosga yuborilgani, ammo parvoz paytida halok bo‘lgani yoki orbitada yo‘q bo‘lib ketgani haqida qo‘rqinchli mish-mishlar tarqaydi. Bunday hikoyalar G‘arbda juda mashhur bo‘lgan.

Halokat 25 yil davomida sir tutilgan. Sovet hukumati rasmiylari kosmonavtning o‘limini 1986 yilga kelibgina tan olishadi.

Jamshid Niyozov tayyorladi.

Mavzuga oid