O‘zbekiston | 15:28 / 04.02.2022
13053
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda ixtisoslashtirilgan maktab rahbariyatiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan keyin bosh hisobchi o‘zini osib qo‘ygani ma’lum qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax shahridagi ixtisoslashtirilgan maktablardan birining bosh hisobchisi osilgan holda topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi bayonot berdi. Bayonotda yozilishicha, hodisa 2019 yilda sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Jizzax shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 22-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining (IDUM) 2010-2019 yillardagi moliyaviy xo‘jalik faoliyati yuzasidan hujjatli taftish o‘tkazilgan. Taftish natijasiga ko‘ra, IDUM mansabdor shaxslari tomonidan 159 million 300 ming so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilgan.

2019 yil 21 noyabr kuni 22-sonli IDUM bosh hisobchisi O.Toshboltayev o‘z hovlisining yordamchi xonasida osilgan holda topilgan. Holat yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. Tekshiruv natijasiga ko‘ra uning o‘limida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, 2019 yil 20 dekabrda JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

22-sonli IDUMning mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan Jinoyat ishining O.Toshboltayevga nisbatan qismi uning vafot etganligi sababli, 2020 yil 30 iyun kuni Jinoyat protsessual kodeksining 84-moddasi 1-qismi 3-bandiga asosan harakatdan tugatilgan.

Jinoyat ishining 22-sonli IDUM direktori D.Sadriddinovani ayblashga doir qismi, uning birinchi marta uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgani, aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplaganligi sababli 2020 yil 30 iyunda JPKning 84-moddasi 5-qismi 2-bandiga asosan uning ayblilik masalasini hal qilmasdan turib tugatilgan.

Tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, 22-sonli IDUM direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari U.Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a”, “b”, “v”, “g” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblanib, jinoyat ishi sudga yuborilgan. Unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining 2020 yil 27 sentyabrdagi hukmi bilan qonuniy jazo chorasi tayinlangan.

Mavzuga oid