O‘zbekiston | 07:20 / 07.02.2022
17361
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonida qolib ketgan 14 kishi evakuatsiya qilindi

Qamchiq dovonida qolib ketgan transport vositalari va fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.

Foto: FVV matbuot xizmati

Qayd etilishicha, kecha, 6 fevral kuni soat 19:05 da «Qamchiq» maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi navbatchi-dispetcheriga «Qamchiq» dovonidan o‘tgan A-373 Toshkent-O‘sh avtomobil yo‘lining 242-km shimoliy aylanma yo‘lida ob-havoning keskin o‘zgarishi natijasida tepalikda qolib ketgan 14 nafar fuqaroga yordam kerakligi haqida ma’lumot kelib tushgan.

Voqea joyiga «Qamchiq» qutqaruv otryadidan maxsus texnika hamda qutqaruvchi xodimlar chiqib, tog‘da qolib ketgan 14 nafar fuqaro hamda ularning transport vositalarini pastga olib tushish hamda evakuatsiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Qutqaruvchilar soat 20:10 da barcha fuqarolarni pastga olib tushib, manzillariga yuborishda amaliy yordam ko‘rsatgan. Hodisa natijasida hech kim tan jarohati olmagan.

Avvalroq, FVV Qamchiq dovonida ob-havo keskin yomonlashishi haqida ogohlantirgandi

6 - 7 fevral kunlari A-373 Toshkent-O‘sh avtoyo‘lining Qamchiq dovoni hududida qor yog‘ishi, vaqti-vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik, tuman kuzatilishi mumkin.

Dovonda ko‘rish masofasi 50 metrgacha pasayishi, shamol tezligi 17 - 22 m/s va qisqa vaqtlarda 25-27 m/s gacha kuchayishi, avtoyo‘lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi kutilyapti.

Mavzuga oid