O‘zbekiston | 08:47 / 11.02.2022
1345
1 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda iste’molchilar tomonidan “aqlli” hisoblagichlarni yechib olish holatlari kuzatilmoqda   

Navoiy viloyatida yanvar oyi davomida 14 ta xonadonda iste’molchilar “aqlli” gaz hisoblagichni o‘zboshimchalik bilan yechib qo‘yib, tabiiy gaz tarmog‘iga qo‘lbola usulda ulanib olganligi ma’lum bo‘ldi.

Foto: Hududgaz Navoiy

“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali axborot xizmatining xabar berishicha, qoidabuzarlik holatlarining 5 tasi Qiziltepa, 6 tasi Karmana va 3 tasi Xatirchi tumanida sodir etilgan. Buning oqibatida 38 418 m³ gaz o‘zboshimchalik bilan sarf qilingan hamda ta’minot korxonasiga 14 mln 598 ming so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Hozirda qoidabuzarlarga nisbatan dalolatnoma rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim qilish uchun tegishli tartibda hujjatlar tayyorlanmoqda.

Ta’kidlanishicha, viloyatda 106 923 ta hisoblagich o‘rnatib bo‘lingan. “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialining jismoniy shaxslarga tabiiy gazni yetkazib berishni nazorat qilish bo‘limi xodimlari tomonidan muntazam ravishda “veb billing” dasturi orqali viloyat aholisining kunlik iste’mol qiladigan tabiiy gaz hajmlari tahlili olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Mavzuga oid