Jahon | 15:37 / 16.02.2022
9145
2 daqiqa o‘qiladi

Minsk mashg‘ulotlardan so‘ng birorta ham rossiyalik harbiy Belarus hududida qolmasligini bildirdi

Rossiya–Belarus hamkorligidagi “Ittifoq qat’iyati – 2022” harbiy mashg‘ulotlari 10 fevralda boshlangan va 20 fevralda yakunlanadi. 

Foto: Ramil Nasibulin/BelTA/TASS

Hamkorlikdagi mashg‘ulotlar tugaganidan so‘ng birorta ham rossiyalik harbiy xizmatchi va Rossiyaning birorta ham jangovar texnikasi Belarus hududida qolmaydi. Bu haqda Belarus tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey ma’lum qildi.

“Birorta ham harbiy, birorta ham jangovar texnika qolmaydi. Bu haqda mudofaa vazirligi ham, Belarus prezidenti ham aytgan va bu haqda YeXHT doirasidagi turli tadbirlarda ham aytilgan”, — dedi Makey.

U Rossiya–Belarus mashg‘ulotlari reja bo‘yicha o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratdi.

“Bu mashg‘ulotlar ittifoq davlati kuchlarining jangovar tayyorgarligini tekshirish imkonini beradi. Mashg‘ulotlar Belarus hududida o‘tkazilayotganiga asos bor. Biz NATO g‘arbiy chegaralarimiz va Ukrainada qanday faollik ko‘rsatayotganini ko‘rib turibmiz”, — dedi Belarus tashqi ishlar vaziri.

“Ittifoq qat’iyati – 2022” harbiy mashg‘ulotlari 10 fevralda boshlangan va 20 fevralda yakunlanadi. 

Avvalroq Rossiya janubiy harbiy okrug bo‘linmalari Qrim yarimorolidagi poligonda o‘tkazilgan taktik o‘quv mashg‘ulotlarini yakunlab, hududni tark etgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid