O‘zbekiston | 17:04 / 16.02.2022
1348
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda 11,9 mlrd so‘mlik ilmiy loyihalar moliyalashtirilgan

Foto: KUN.UZ

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy moliyalashtirish hajmi 11,9 mlrd so‘m bo‘lgan 10 ta ilmiy loyiha moliyalashtirilgan. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar bermoqda. Yuqoridagi mablag‘lardan 10,6 mlrd so‘mlik 9 ta amaliy va 1,1 mlrd so‘mlik 1 ta innovatsion loyiha bajarilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2019-2022 yillarda Qoraqalpog‘istondan 27 nafar yosh olim yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborilgan. Buning uchun 491,9 mln so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Shu jumladan, Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining 6 nafar xodimi 2019 yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Qurg‘oqchilik sharoitida biodehqonchilik xalqaro markaziga (ICBA) stajirovkaga yuborilgan.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda joylashgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining 22 nafar yosh olimlari saralash tanlovlardan g‘olib deb topilib, ularni 2022 yilda Rossiya, Belarus, Yaponiya kabi davlatlarga ilmiy stajirovkaga yuborish rejalashtirilgan.

2020-2021 yillarda Qoraqalpog‘istondagi ilmiy tadqiqot institutlariga 3 turdagi umumiy qiymatda 396 ming dollarlik zamonaviy ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari xaridi amalga oshirilgan. Qoraqalpog‘iston tabiiy fanlar ilmiy tadqiqot institutiga 75 ming dollarlik «Rentgenofluoressent energodispersion spektrometr» uskunasini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limiga xaridi ko‘zda tutilgan 247 ming AQSh dollarlik «Rentgen difraktometri» va 74 ming AQSh dollarlik «Yuqori samarali suyuqlik xromatograf»uskunalarini yetkazib berish ishlari davom etmoqda.

Bundan tashqari, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi va Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi bilan hamkorlikda «Ekofiziologik tadqiqotlar laboratoriyasi»ni jihozlash yuzasidan 5 turdagi 200 512 dollarlik ilmiy laboratoriya asbob-uskunalar xarid qilinishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda, mazkur ilmiy laboratoriya asbob-uskunalar ro‘yxati ma’qullangan va xarid qilish ishlari tashkil etilmoqda.

Mavzuga oid