Jamiyat | 15:09 / 24.02.2022
50592
10 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda chaqaloqlar savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qanday fosh etilgandi?

5 yil davomida Toshkentda 70 nafar chaqaloqni oldi-sotdi qilgan jinoiy guruh haqida eshitganmisiz? Puxta tashkil qilingan ushbu jinoiy guruh faoliyati bilan tanishar ekansiz, bevosita filmlardagi voqealar ko‘z oldingizga keladi.

Fotokollaj: Kun.uz

Farzandsizlikka “yechim”

Eri bilan turmush qurganiga 4 yildan oshgan bo‘lsa-da, hamon farzandli bo‘lolmayotgan Sayyoraning dili xira. Ko‘cha-ko‘yda, qarindoshlar orasida go‘dagini yetaklab yurgan kelinlarni ko‘rganida har safar Sayyoraning yarasi yangilanadi. “Men ham vaqtida farzand ko‘rganimda bolam shular qatori o‘ynab yurgan bo‘lardi”, deb xayolidan o‘tkazadi. Uyga kelib qilgan yig‘i-sig‘isi ortidan eridan gap eshitadi.

2009 yilning avgustidagi shunday kunlarning birida Sayyoraning hamkasbi Mohira unga bir taklif aytib qoldi.

“Gapdan gap chiqib, mahalladoshimiz Habiba ismli ayolga sening farzandsizliging haqida aytgandim. Shunda u muammoni hal qila olishini, senga chaqaloq topib berishi mumkinligini bildirdi”, - dedi Mohira.

Boshida taklifni jiddiy qabul qilmagan Sayyora keyinroq kun-u tun bola asrab olish haqida o‘ylay boshladi. Oxiri Habiba bilan gaplashib ko‘rishga qaror qildi.

Sayyora Habiba bilan avval telefonda, so‘ng shaxsan uchrashib bildiki, u kimningdir mushkulini oson qilmoqchi bo‘lgan mehribon ayol emas, pul uchun go‘daklarni sotishdan tap tortmaydigan “tadbirkor” ekan.

Ayolning “O‘g‘il desangiz, o‘g‘il, qiz desangiz, qiz. Istalgan xilidan qilib beramiz”, deya xoxolab kulgani Sayyoraning qulog‘i ostida jaranglab yurdi. Tanlash uchun qatorlashtirib qo‘yilgan turfa xil chaqaloqlarni tasavvur qilgan Sayyora dahshatga tushib ketdi.

“Savdogarlar” qo‘lga olindi

“Yo‘q, buni shundayligicha qoldirib bo‘lmaydi”, - dedi bu yerda bir qing‘irlik borligini sezgan Sayyora.

Shu tariqa, u bu haqda MXXga xabar berdi. Tergovchi u bilan tadbir o‘tkazishga kelishib oldi.

Chaqaloq xaridi masalasida hali aniq bir qarorga kelmagan Sayyora Habibaga telefon qilib, sotib olish fikriga kelganini ma’lum qildi.

Kelishuvga muvofiq, tomonlar 2009 yil 29 avgust kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Markaz-4 dahasiga yetib bordi. Yonida yana ikki nafar sherigi bilan hozir bo‘lgan Habiba Sayyoraga o‘zlariga tegishli bo‘lgan, aslida boshqa birovning farzandi bo‘lgan 4,5 oylik go‘dakni topshirdi. “Tovar” evaziga kelishilgan 3 ming AQSh dollarini sanab olgan Habiba uchrashuvni yakunlab, uyga qaytishga chog‘lanib turgan pallada maxsus tadbir doirasida sheriklari bilan qo‘lga olindi.

Holat yuzasidan Habiba Jo‘rayeva va boshqalarga nisbatan JK 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

13 kishilik jinoiy guruh

Gumon qilinuvchi sifatida qo‘lga olinganlarning ko‘rsatmalaridan ma’lum bo‘ldiki, go‘dakfurushlik bilan bir, ikki yoki uch kishi emas, kattagina uyushgan jinoiy guruh muntazam ravishda shug‘ullanib kelgan.

Gumon qilinuvchilarning yashash va ish joylari tintuvdan o‘tkazilganda qimmatli ashyoviy dalillar qo‘lga kiritildi. Xususan, jinoyatga aloqadorlikda gumon qilingan boshqa bir ayol – Dilbar Ma’murovaning uyida tintuv o‘tkazilganda, unga tegishli bo‘lgan yon daftar aniqlandi. Yon daftarda kimlarga bola kerakligi, kim qachon tug‘ib, tug‘ilgan chaqaloqni qanchaga sotishi mumkinligi kabi qimmatli ma’lumotlar qayd etilgandi.

Ushbu ma’lumotlar asosida Toshkent tibbiyot akademiyasining 2-klinikasi, 3-sonli tug‘uruq kompleksidan tug‘uruq jurnallari olib qo‘yildi. Sotilgan chaqaloqlarga tug‘ilganlik haqida guvohnomalar rasmiylashtirilgani gumon qilinib, FHDYo bo‘limlariga jinoiy guruh a’zolari tomonidan murojaat qilinganlik ehtimoli tekshirildi.

Natijada jinoiy guruh a’zosi, 3-sonli tug‘uruq kompleksida hamshira vazifasida ishlovchi Dildora Abdullayeva tomonidan Toshkent shahri Sobir Rahimov (hozirgi Olmazor) tumani FHDYo bo‘limidan 2005-2009 yillar mobaynida o‘zining ism-sharifini “Rajabova Sharifa” deb yozdirib, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar olib ketganligi aniqlandi.

Shuningdek, sotilgani isbotlangan chaqaloqlarga guvohnoma berishga asos bo‘lgan hujjatlar Yunusobod, Sobir Rahimov, Mirzo Ulug‘bek tumanlari va Urganch shahar FHDYo bo‘limlaridan olib qo‘yildi. Ushbu bo‘limlardan olingan hujjatlar kim tomonidan to‘ldirilganini aniqlash maqsadida sud-xatshunoslik ekspertizalari tayinlandi.

Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, sotilgan 18 nafar chaqaloqqa berilgan tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomalardagi imzolar 3-sonli tug‘uruq kompleksi bosh shifokori D.Gadoyeva tomonidan bajarilmagani, sotilgan 2 nafar chaqaloqqa berilgan ma’lumotnomalardagi imzolar 4-sonli tug‘uruq kompleksi bosh shifokori L.Pak tomonidan bajarilgani, 32 dona tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomalar 3-sonli tug‘uruq kompleksi hamshirasi Dildora Abdullayeva tomonidan to‘ldirilgani aniqlandi.

Puxta reja asosida olib borilgan tergov harakatlari natijasida go‘dakfurushlik bilan jami 13 nafar shaxsdan iborat jinoiy guruh faoliyat olib borgani ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, Dilbar Ma’murova 4 va 8-sonli tug‘uruq komplekslarida, Toshkent tibbiyot akademiyasining 2-klinikasida, 1-sonli Toshkent shahar bolalar shifoxonasida yurist lavozimida ishlaganida, o‘z mansabidan foydalanib, Toshkentning turli tibbiyot muassasalarida ishlovchi shaxslardan iborat bo‘lgan hamda chaqaloqlar oldi-sotdisiga ixtisoslashgan uyushgan jinoiy guruh tuzib, unga rahbarlik qilib kelgan.

D.Ma’murova befarzand oilalarning ilojsiz ahvoldaligi va farzandli bo‘lish uchun hamma narsaga tayyorligini bilib, chaqaloq savdosi bilan shug‘ullanish, tug‘uruqxonalarda har xil sabablar bilan o‘z farzandidan voz kechayotgan onalar bilan gaplashib, ularning farzandlarini yaxshi oilalarga berish bahonasi bilan, chaqaloqdan voz kechish arizasini yozdirmagan holda, tug‘ilgan chaqaloqlarning anketasida onalari olib ketganini qayd etib, chaqaloqlarni olib qolgan va xaridorlar topilgunga qadar boqib turish rejasini tuzgan.

U jinoiy rejasini amalga oshirish maqsadida bir necha muassasalarga yurist sifatida ishga kirib olgan. Tug‘uruqxona yuristi sifatida uning vazifalariga hujjatlarsiz keladigan ayollarni ro‘yxatga olish, ularning shaxsiga aniqlik kiritish, farzandidan voz kechmoqchi bo‘lgan ayollardan ariza olish va tibbiy muassasa rahbariga tasdiqlatib, tegishli FHDYo bo‘limlaridan tug‘ilganlik haqida guvohnoma olish, chaqaloqlarni “Go‘daklar uyi”ga o‘tkazish kabilar ham kirgan.

2005-2007 yillarda D.Ma’murova 4-sonli tug‘uruq kompleksi bosh shifokori L.Pak bilan jinoiy til biriktirib, chaqaloqlarni yashirish va ularni soxta hujjatlarga asosan boshqa shaxslarning nomiga rasmiylashtirish bilan shug‘ullangan.

2008 yildan boshlab esa daromad ko‘proq bo‘lishi uchun mukammal jinoiy guruh tuzish lozim, degan fikrga keladi. Shu maqsadda u tug‘uruqxonalardagi onalari voz kechgan chaqaloqlarni qonunchilik bo‘yicha “Go‘daklar uyi”ga jo‘natmasdan, qonunga zid ravishda keyinchalik sotish uchun o‘z qaramog‘iga olish maqsadida jinoiy guruhni kengaytirib, turli tug‘uruqxonalardan xodimlar jalb etadi. Shu tariqa, u bir nechta tug‘uruqxonada chaqaloqlardan voz kechish holatlarini to‘liq o‘z nazoratiga oladi.

D.Ma’murova jinoiy guruh rahbari sifatida o‘zi ishlayotgan tug‘uruqxonalarda chaqalog‘idan voz kechadigan onalarni chaqaloqlarini go‘yoki o‘zlari bilan uyga olib ketayotganday tibbiy muassasadan chiqarib berishga ko‘ndirish, tug‘ishga kelgan voyaga yetmagan qizlarni huquq-tartibot organlaridan yashirish, olingan chaqaloqlarni xaridorlari topilguncha boquvchilarga taqsimlab berish, bola asrab olmoqchi bo‘lgan ayollarni tug‘uruqxonalarga joylashtirish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, u tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomalarga soxta yozuvlar kiritib, xaridorlarga topshirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadni taqsimlash vazifalarini ham bajargan.

Jinoiy guruhning yana bir faol a’zosi Dildora Abdullayeva o‘z farzandidan voz kechmoqchi bo‘lgan ayollarni qidirib topib, ularni farzandlarini topshirishga ko‘ndirish, onalari voz kechgan chaqaloqlarga xaridor qidirib topish, ular bilan uchrashib, muzokaralar olib borish, chaqaloqlarni boquvchilarga yetkazib berish, ularni xaridorlarga ko‘rsatish bo‘lgan. Shuningdek, u xaridor ayollarni tug‘uruqxonaga joylashtirish, ma’lumotnomalarga xaridorlarning ism-shariflarini kiritib, soxtalashtirib, turli FHDYo bo‘limlariga taqdim etish va olingan guvohnomalarni xaridorlarga yetkazib berish bilan shug‘ullangan.

Shu tarzda jinoiy guruh a’zolari chaqaloqdan voz kechgan onalarni go‘yoki chaqalog‘ini olib ketgan qilib ko‘rsatib, aslida tug‘uruqni rasmiylashtirmasdan, tug‘ilgan chaqaloqni xaridor ayolga rasmiylashtirish uchun uni tug‘uruqxonaga homilador ayol sifatida joylashtirib, chaqaloqning onasi sifatida xaridor ayolga guvohnoma to‘g‘rilab berish, ba’zida xaridori topilmagan chaqaloqlarni boquvchilarga yetkazib berib, xaridor chiqqunga qadar ularni boqib turish, xaridor topilishi zahoti unga pullash bilan shug‘ullangan.

Jinoyat va jazo

Shunday qilib, dastlabki tergov yakunida 13 kishidan iborat jinoiy guruh o‘z faoliyati davomida jami 70 nafar chaqaloqni oldi-sotdi qilgani dalillar bilan isbotlandi.

Jinoiy guruh a’zolarining har biriga JK 135-moddasi 3-qismining “a”, “g” bandlari va boshqa tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilindi.

Ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqilib, sud hukmi bilan aybdorlarga 8 yilga ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazolar tayinlandi.

Abbos Salaydinov tayyorladi

Mavzuga oid