O‘zbekiston | 11:01 / 02.03.2022
4571
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda firibgarlik va odam savdosi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi

Fuqaroni 35 ming dollar evaziga Meksika orqali AQShga yubormoqchi bo‘lgan shaxs 20 ming dollar olayotganda ushlangan. Bundan tashqari, ikki nafar shaxs 1997 yilda tug‘ilgan qizni Turkiyaga fohishalik qilish uchun yubormoqchi bo‘lganda qo‘lga olingan.

Foto: Pixabay

Jizzax viloyati IIBning xabar berishicha, Sharof Rashidov tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan shaxs shu tumanda yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, uni AQShga yuborish va u yerda ishga joylashuvida yordam berishini aytib, 35 ming AQSh dollari talab qilgan.

DXX Jizzax viloyati boshqarmasi hamda prokuratura departamenti hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan puldan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ushlangan.

Jizzax viloyatida kuzatilgan yana bir holatda DXX va viloyat IIB xodimlari tomonidan mahalliy fuqaroni xorijiy davlatga olib ketayotgan shaxslar qo‘lga olingan.

Jumladan, Zomin tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan ayol Jizzax shahrida yashovchi sherigi bilan birga, G‘allaorol tumanida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan qizni Turkiya davlatiga fohishalik bilan shug‘ullanish uchun olib ketayotgan vaqtda Do‘stlik tumanida joylashgan «Manas 14» YPX maskanida to‘xtatib qolingan.

Tekshiruv davomida, Toshkent xalqaro aeroportiga ketayotgan ushbu shaxslar yonida «Toshkent – Istanbul» yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar va PsR-test ma’lumotnomalari borligi ma’lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid