Kinoga ko‘chgan hayot: AQShdagi mashhur qalbaki chek yasovchi nega FQB hamda banklarga yordam bergandi?
2002 yilda Hollivudda «Tutqich bermas firibgar» filmi suratga olinadi. Filmda AQShdagi mashhur qalbaki chek yasovchi Kichik Frenk Abigneylning hayoti tasvirlangan. Ushbu shaxs avvaliga jinoiy ishlar bilan shug‘ullanadi. Qamalib chiqqach o‘z iqtidorini to‘g‘ri ishlarga yo‘naltiradi va katta muvaffaqiyatlarga erishadi.
Butun dunyoda bo‘lgani kabi AQShda ham qalbaki pullar hamda cheklar yasalgan va muomalaga kiritilgan. Shu sababli huquqni himoya qilish organlari ularni yasab muomalaga kirituvchilarga qarshi jiddiy kurash olib boradi. Kimdir bu ishni oson pul topish uchun qilsa, kimdir yoshlik qilib shu jinoyatga qo‘l uradi. Kichik Frenk Abigneyl ham ulardan biri edi.
Frenk Abigneyl ilk qalbaki cheklarni yasaganida 16 yoshda bo‘lgan. O‘z iqtidorini jinoiy ishlarga sarflab yurgan Frenk qamalib chiqqach, avvaliga FQBga qimmatli qog‘ozlarni qalbakilashtirayotgan shaxslarni aniqlashda yordam beradi. So‘ng banklar bilan hamkorlik qilib kirim qilinayotgan pullar va cheklar orasidan qalbakilarini aniqlashda yordam beradi. Keyinchalik himoya qatlamiga ega qog‘oz chiqarishni yo‘lga qo‘yib millioner bo‘lib ketadi.
Kichik Frenk Abigneyl
1970-yillarda FQB xodimlariga AQShning turli shaharlarida qalbaki cheklar tarqatilayotgani haqida ma’lumot kelib tushadi. Tekshirib ko‘rilganda qalbaki cheklar ustalik bilan yasalgani ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng FQB xodimlari jinoyatchini qidira boshlaydi. Oradan biroz o‘tib u 16 yoshli Frenk Abigneyl ekani ma’lum bo‘ladi va uning ortiga tushishadi. Ammo yigit ancha vaqt tutqich bermaydi.
Kichik Frenk Abigneyl 1948 yilda Nyu-York shtatidagi Bronksvill shaharchasida tadbirkor Frenk Abigneyl va Polett Abigneyl oilasida tug‘iladi. U 16 yoshga kirganda ota-onasi ajrashib ketishadi va Frenk otasi bilan birga qoladi. Ana shu paytda Frenk nazoratsiz qoladi va firibgarlik ko‘chasiga kiradi.
Uning ilk «qurboni» otasi bo‘ladi. Ayni balog‘at yoshida Frenk ko‘cha sang‘iy boshlaydi va bu uchun unga pul kerak edi. U mashinasiga yonilg‘i quyish uchun otasining kredit kartasini so‘rab oladi. So‘ng AYoQSh xodimlari bilan til biriktiradi. Ular kredit kartadan har safar keragidan ko‘proq pul yechib olishadi va ma’lum haq evaziga oshiqcha yechib olingan pulni Frenkga berishadi.
Kartadan yechib olingan oshiqcha pul miqdori 3 400 dollarga yetganda bankdan Frenkning otasiga xabarnoma keladi va u o‘g‘lining firibi haqida bilib qoladi. Ungacha kelgan xabarnomalarni esa Frenk otasiga ko‘rsatmasdan yo‘q qilib yuboradi.
Qalbaki cheklar yasash
Shundan so‘ng Frenk jiddiyroq ishlar bilan shug‘ullanishni maqsad qiladi va o‘z hisobidagi cheklarni qalbakilashtiradi. Hammasi silliq kechayotganini ko‘rib u endi doimiy ravishda soxta cheklar yasay boshlaydi. Frenk qo‘lga tushib qolmaslik uchun soxta cheklarni turli banklarda naqd pullarga almashtiradi.
Oradan biroz o‘tib u soxta depozit hisobvaraqalarini banklarning ma’lumot bazasiga kiritib qo‘ya boshlaydi. Bu ayrim mijozlarning banklarda saqlanayotgan pullari Frenkning hisobraqamiga tushishiga imkon beradi. Shu tariqa u banklar mijozlariga tegishli pullar noma’lum hisobraqamiga o‘tib ketayotganini bilib qolishguncha 40 ming dollardan ko‘proq mablag‘ni o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. U o‘zini qidiruvga berishguncha o‘zlashtirgan pullarini bankdan yechib olib, ism-sharifini o‘zgartirishga ulguradi.
Aviakompaniya uchuvchisi
Frenk soxta hujjatlar tayyorlab, ular orqali aviakompaniyalardan biriga ishga kirishga qaror qiladi. Keyinchalik bu haqda uning o‘zidan so‘rashganda sayohat qilishga juda qiziqqani, bundan tashqari soxta hujjatlar yasab ularni sinab ko‘rish ishtiyoqi juda kuchli bo‘lgani haqida gapirgandi.
U bepul sayohat qilish uchun o‘sha paytda AQShdagi mashhur aviakompaniyalaridan biri bo‘lgan Pan American’ni tanlaydi. Frenk aviakompaniyaga uchuvchi bo‘lib ishga kirish tartiblarini va bu uchun qanday hujjatlar kerak bo‘lishini bilmasdi.
U eng avval aviakompaniyaning Nyu-Yorkdagi bosh idorasiga borib o‘zini gazetalardan birining muxbiri sifatida tanishtiradi va intervyu bahonasida o‘ziga kerakli barcha ma’lumotlarni oladi.
Frenk Robert Blek nomiga barcha hujjatlarning soxtasini yasaydi va aviakompaniya uchuvchilari kiyadigan maxsus forma tiktiradi. So‘ng aviakompaniyaga ish so‘rab bormaydi, balki zaxiradagi uchuvchiga tegishli qalbaki hujjatlar bilan samolyotga chiqib tekin parvoz qila boshlaydi.
U 16 yoshidan 18 yoshigacha aviakompaniya samolyotlarida jami 250 marta parvoz qiladi va 1 million mil masofani uchib o‘tadi. Frenk ikki yil davomida dunyoning 26 mamlakatiga borib keladi. U aviakompaniya xodimi sifatida ko‘plab bepul xizmatlardan foydalanadi, mehmonxonalarda tekinga tunab qoladi.
Frenk Pan American’da tekinga uchib yurgan paytida ham qalbaki chek yasashni to‘xtatmaydi. Endi u aviakompaniya logotipi tushirilgan cheklarni yasay boshlaydi va ularni uchib borgan shaharlarida naqd pulga almashtirib olaveradi.
Bu paytga kelib FQB xodimlari qalbaki cheklarni Frenk Abigneyl yasab tarqatganini bilishgan va uning iziga tushishgan edi. Ular Frenkning Pan American avikompaniyasining zahira uchuvchisi sifatida parvoz qilib yurganini bilib qolishadi va mamlakatdagi barcha aeroportlarga FQB xodimlarini joylashtirib chiqishadi. Shundan so‘ng Frenk qo‘lga tushib qolmaslik uchun uchuvchilikdan voz kechadi.
Universitet domlasi, vrach va huquqshunos
Pan American avikompaniyasidan qochganidan so‘ng Frenk FQB xodimlarini chalg‘itish va izni yo‘qotish uchun ism-sharifini Frenk Adams deb o‘zgartiradi. So‘ng mamlakatdagi nufuzli Kolumbiya universitetini bitirgani haqida diplom tayyorlaydi va Yuta shtatidagi Brigam Yang universitetida o‘qituvchi bo‘lib ishga kiradi.
Yetarlicha bilim hamda dars berish uquvi bo‘lmagani uchun Frenk universitetda uzoq qolmaydi va kunlardan birida u yerdan izsiz g‘oyib bo‘ladi. So‘ng Jorjiya shtatiga borib Frenk Konners nomiga soxta hujjatlar tayyorlaydi. U Jorjiyada ijaraga uy olayotganda o‘zini vrach deb tanishtiradi. Tasodifan qo‘shnilaridan biri vrach bo‘lib chiqadi va Frenkning kasalxonalardan biriga ishga joylashishiga yordamlashadi. U kasalxonada biroz muddat ishlaydi va u yerdan ham qochib qoladi.
Frenk Pan American’da ishlab yurganida styuardessalardan biriga o‘zini Harvard universitetini bitirgan huquqshunos deb tanishtirgandi. Jorjiyadan qochgach u o‘sha qizni qidirib boradi. Qiz Frenkni huquqshunos do‘sti bilan tanishtiradi. U esa Frenkni advokatlik byurosiga ishga olish uchun sinovga chaqiradi.
Shundan so‘ng Frenk sakkiz hafta davomida huquqshunoslikdan dars olish uchun kurslarga qatnaydi va sinovdan muvaffaqiyatli o‘tadi. Uni Luiziana shtati prokurori yordamchisi lavozimiga ishga taklif etishadi. Frenk bu yerda sakkiz oy ishlaydi eplay olmagani uchun uni ishdan bo‘shatishadi.
Tuzoqqa tushishi
Prokuraturadan haydalgan Frenk ona yurti Fransiyaga borib u yerda qalbaki cheklar yasaydi va ularni Yevropaning turli davlatlarida naqd pulga almashtira boshlaydi. 1969 yilda Yevropadagi turli banklar AQSh fuqarosi qalbaki cheklarni naqd pulga almashtirib ketayotganini FQBga xabar qilishadi.
FQB xodimlari Frenkning onasi Fransiyadan ekanini bilib uni eng avval shu davlatdan qidirishadi. Fransiya huquqni himoya qilish organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Frenk qo‘lga tushadi. Uni qalbaki chek chiqarayotgan joyda ushlashadi.
Shundan so‘ng dunyoning 12 davlatida unga qarshi da’vo arizalari ochiladi. Fransiya uni AQShga topshirishni rad etadi va sud qilib, 1 yilga qamaydi. Biroz o‘tib muddat olti oyga qisqartiriladi va u Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinadi. Frenk bu davlatda ham olti oyga qamaladi.
Shvetsiya qamoqxonasida o‘tirganda Italiya ham uni berishni talab qiladi. Ammo AQSh Shvetsiya bilan kelishib Frenkni vataniga qaytarishga muvaffaq bo‘ladi. 1971 yil aprel oyida Virjiniya sudi unga 12 yillik qamoq jazosi beradi. Frenk qamoqda 4 yil o‘tirgach negadir uni ozod qilishadi.
FQB bilan hamkorlik
AQShdagi eng ustasi farang qalbaki chek yasovchi qamalgani bilan bu davlatda qalbaki cheklar va banknotlar yasash to‘xtamagandi. FQBga har kuni mamlakatning turli burchaklaridan qalbaki cheklar va pullar aniqlanayotgani haqida murojaatlar kelib tushardi.
Ana shunday holatda FQB qalbaki chek va pul yasovchilarga qarshi kurashishda Frenkdan foydalanishga qaror qiladi. 12 yillik qamoqning bor-yo‘g‘i 4 yilini o‘tkazgan Frenkga FQB bilan hamkorlik evaziga qamoqdan ozod bo‘lish taklif qilinadi, u rozi bo‘ladi. Ana shu hamkorlik natijasida Frenk FQBga ko‘plab qalbaki chek va pul yasovchilarni tutib beradi.
Banklar bilan hamkorlik va muvaffaqiyat
FQB bilan hamkorlikdan so‘ng Frenk bir qancha joyda ishlaydi. Aksariyat hollarda u ishga kirayotganida qamalib chiqqanini yashirishga majbur bo‘ladi. Ish beruvchilar bundan xabar topgan zahoti uni darhol ishdan bo‘shatishadi.
Shundan so‘ng Frenk bank bo‘limlaridan biriga borib o‘z xizmatini taklif etadi. Taklifga ko‘ra bank bo‘limi Frenkga sinov muddati beradi. Shu muddatda Frenkning nafi tegmasa unga maosh to‘lanmaydi. Agar Frenk natija ko‘rsatsa unga 500 dollar to‘lanadi va boshqa banklarga uning xizmati tavsiya etiladi. Bank bo‘limi uning taklifiga rozi bo‘ladi.
Frenk tez orada bank bo‘limi qabul qilib olayotgan pullar va cheklar orasidan bir qancha qalbakilarini aniqlab beradi. Shundan so‘ng bank Frenkni qo‘yib yubormaydi va uni xavfsizlik bo‘yicha konsultant vazifasiga ishga qabul qilishadi.
Oradan biroz o‘tib Frenk Abagnale & Associates nomi ostida o‘z kompaniyasini tashkil etadi. Asta-sekinlik bilan Frenkning kompaniyasiga tobora ko‘proq banklar qalbaki chek va pullarni aniqlashda yordam so‘rab murojaat qila boshlashadi. Shu tariqa uning faoliyati kengayadi, daromadi oshib boradi. Hozirgi kunda uning kompaniyasi AQShda juda mashhur hisoblanadi. Mamlakatdagi ko‘plab banklar uning kompaniyasi bilan hamkorlik qilishadi.
Bundan tashqari Frenkning kompaniyasi Frank W Signature Watermark Safety Paper nomi ostida maxsus qog‘oz yaratadi. Ushbu qog‘oz juda kuchli himoyaga ega bo‘lib, undan turli qimmatbaho qog‘ozlar, cheklar, biletlar va boshqa hujjatlar tayyorlanadi. Bu biznes ham Frenkga salmoqli foyda keltiradi.
1980 yilda Frenk avtobiografik asar yozib chop ettiradi. 2002 yilda mazkur asar asosida Hollivudning mashhur rejissyori Stiven Spilberg tomonidan film suratga olinadi. Hollivud yulduzlari Leonardo di Kaprio va Tom Henks bosh rollarni ijro etgan mazkur film ikkita Oskar mukofotini qo‘lga kiritadi. Avtobiografik asardan tashqari Frenk yana uchta asar yozib chop ettiradi.
Frenkning faoliyati haqida shubhalar
Frenk 1980 yilda kitobi chop etilguncha ham AQShda mashhur edi. Uni mamlakatdagi eng iqtidorli qalbaki chek yasovchi sifatida bilishardi. Ammo ayrimlar uning prokuror yordamchisi, o‘qituvchi va shifokor bo‘lib ishlagani haqida birmuncha shubhalar bildirishgan.
Jumladan, Frenk o‘z asarida prokuror yordamchisi bo‘lib ishlaganini yozganda Luiziana shtati prokurori o‘rinbosari u barchani aldayotganini ta’kidlagan. Prokuror yordamchisi Luiziana shtati prokururaturasida Frenk umuman ishlamaganini aytib muxbirlar ko‘z o‘ngida Frenkka bir nechta savol beradi. Frenk uning savollariga javob bera olmaydi.
2006 yilda jurnalist Skott Xout Frenk o‘qituvchi bo‘lib ishlaganini aytgan universitetga borib surishtiruv o‘tkazganda arxivdan bu haqda ma’lumotlar chiqmaydi.
Frenk o‘z asarida Pan American’ning soxta hujjatlari bilan dunyoning 26 ta davlatiga uchgani va o‘shanda aviakompaniya logotipi tushirilgan qalbaki cheklar orqali 2,5 million dollar ishlagani haqida yozgan. Aviakompaniya haqiqatan Frenk soxta hujjatlar bilan Pan American’da uchganini tan olgan. Ammo aviakompaniya Frenk Pan American logotipi tushirilgan qalbaki cheklar yasab 2,5 million dollar ishlaganini inkor qilgan.
Shunday bo‘lsa ham aksariyat odamlar Frenkning barcha firibgarliklarni qilganiga ishonishadi. Chunki Frenkda qalbaki hujjatlar tayyorlash va odamlarni ishontirish iqtidori kuchli bo‘lgan. Shu sababli, universitet, shifoxona, shtat prokuraturasi o‘z obro‘yini saqlash uchun Frenkning o‘sha joylarda ishlaganini yashirgan, degan taxminlar ham bor.
Birgina Pan American Frenk soxta hujjatlar bilan aviakompaniya samolyotlarida uchganini qisman tan olgan. AQShda turli tashkilotlar va kompaniyalarda obro‘ birinchi darajali masala ekani inobatga olinsa, ular qandaydir firibgarning qalbaki hujjatlar bilan o‘zlarida ishlaganini yashirishlari tabiiy.
Frenkning FQB bilan hamkorlik qilgani haqida ham shunday deyish mumkin. Frenk qamoqdan chiqqach o‘zini Fransiyada tutishda asosiy rolni bajargan FQB xodimi bilan yaqin do‘st bo‘lib ketadi. Shuningdek, uning 12 yilga qamalib, qamoqda bor-yo‘g‘i to‘rt yil o‘tirishi, keyinchalik o‘g‘lining aynan FQBga ishga kirishi ham tasodif emasdi.
Xulosa
Eng muhimi Frenk keyinchalik o‘z iqtidorini jinoiy ishlarga emas, o‘zi va jamiyat uchun foydali bo‘lgan ishlarga yo‘naltira oladi. Bir paytlar qalbaki cheklar yasab firibgarlik qilib yurgan Frenkning hisobraqamida bugun millionlab dollar mablag‘ bor. U butun dunyoga iqtidorni jinoyat va noqonuniy ishlarga emas, balki to‘g‘ri yo‘lda ishlatib ham muvaffaqiyatga erishish mumkinligini isbotladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Mavzuga oid
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
20:42 / 09.11.2024
Oq uy Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Ukrainaga harbiy yordam yuborishni tezlashtirdi
16:25 / 09.11.2024