Bayden Yevropaga kelmoqda
Baydenning safaridan asosiy maqsad G‘arbning Ukrainadagi vaziyatga keyingi munosabatini muvofiqlashtirish hisoblanadi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Yevropaga turnesini boshlamoqda. Bryusselda amerikaliklar yetakchisi va uning yevropalik hamkasblari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli qo‘llangan sanksiyalarni kuchaytirish va yangi sanksiyalarni joriy etish haqida e’lon qilishi kutilmoqda. Bayden «Katta yettilik» hamda NATO va YeI sammitlarida ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Oq uy prezidentning safar davomidagi asosiy vazifalaridan biri yevropalik ittifoqchilar, NATO va G7 davlatlarining Ukraina masalasida birdamligini mustahkamlash hisoblanishini ma’lum qilgan.
«Prezident uchun birlik birinchi planda turadi. Bu yevropalik hamkorlarimiz bilan birdamlik, NATO saflaridagi birdamlik, G7 davlatlari birligi. Prezident shundan kelib chiqib, uzluksiz koordinatsiya va prezident Putin tomonidan davom ettirilayotgan eskalatsiya harakatlariga yakdil javob qaytarishga intiladi», degandi bir necha kun oldin prezident matbuot kotibi Jyen Psaki.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy NATO sammitida videoaloqa orqali ishtirok etadi. Tungi videomurojaatida u Rossiyani tinchlikka ko‘ndirish borasida ishlar turli darajada davom etayotganini ma’lum qilgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u o‘t ochish to‘xtatilishi, Rossiya qo‘shinlari olib ketilishi va Ukraina uchun xavfsizlik kafolati evaziga o‘z mamlakatining NATOga a’zo bo‘lishga intilmaslik majburiyatini muhokama qilishga tayyorligini aytdi.
Yangi sanksiyalar
Amerika prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan AQSh va hamkorlar payshanba kuni Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qilishini aytdi.
«Gap sanksiyalarning yangi paketi haqida ketmoqda», dedi u brifingda Baydenning Yevropadagi ittifoqchilar bilan bo‘lajak aloqalari haqida.
Sallivan Vashington Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Moskva ularni chetlab o‘tishiga qarshi choralar ko‘rish maqsadida avval kiritilgan sanksiyalarni ham kuchaytirishini ma’lum qilgan.
U AQSh sanksiyalar bilan kuchli bosim o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, Rossiya rahbariyatini o‘zgartirishga harakat qilmayotganini ta’kidladi.
«Bizning nuqtayi nazarimizga ko‘ra, Rossiya siyosiy tizimi bilan nima bo‘lishi Rossiyaning o‘zida hal etiladi», deydi u.
«Biz qila oladigan ish, uchta asosiy yo‘nalishda sa’y-harakatlarni amalga oshirish. Va biz buni qilamiz - ukrainlarga o‘zini himoya qilishga yordam ko‘rsatamiz, NATOni mustahkamlaymiz va xarajatlar va oqibatlarni Moskvaning zimmasiga qo‘yamiz», degan Amerika rahbari maslahatchisi.
«U Yevropaning energiya xavfsizligini mustahkamlash va Rossiya gaziga qaramligini kamaytirish bo‘yicha qo‘shma harakatlarni e’lon qiladi», deya qo‘shimcha qildi Sallivan.
Shu bilan birga, u NATO alyans a’zosi bo‘lgan mamlakatlardan birortasiga qilingan kiberhujumga kollektiv javob qaytarishi mumkinligini istisno qilmagan.
Polshaga safar
Bayden chorshanba kuni kechqurun Bryusselda bo‘ladi. NATOning navbatdan tashqari sammiti payshanba kuni o‘tkaziladi.
Juma kuni AQSh prezidenti Varshavaga yo‘l oladi, bu yerda 26 mart kuni Duda bilan muzokaralar o‘tkazadi, diqqat markazida Ukrainaga harbiy va gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari bo‘lishi kutilmoqda.
Bayden Polshada AQSh harbiy xizmatchilari, shuningdek, gumanitar ekspertlar bilan ham uchrashadi.
Avvalroq Polsha prezidenti Andjyey Duda Rossiyaning Ukraina bilan munosabatlarda «bemisl» tajovuzi tufayli Shimoliy Atlantika alyansining yangi strategik konsepsiyasini ishlab chiqish zarurligini aytgandi.
«Bu misli ko‘rilmagan qotilliklar, bu erkin dunyo hech qachon toqat qilmaydigan holat. Umid qilamanki, NATOning Bryusselda o‘tkazilajak keyingi sammiti Ukrainaning erkinligi, mustaqilligi va suverenitetini so‘zsiz himoya qiladi», degandi u.
Shuningdek, u NATO sammitida tinchlikparvar missiya rejasini taqdim qilmoqchiligi, bunday missiya «bir hafta yoki oy» ichida tayyor bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Bu haqdagi xabarlar ortidan Daniya tinchlikparvar missiyaga qo‘shilishga tayyorligini bildirdi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bunga munosabat bildirdi va NATO tinchlikparvar kuchlari Ukrainaga jo‘natilishi alyansning Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuviga aylanishini aytdi.
«Polshalik hamkasblarimiz NATO tinchlikparvar kuchlarini jo‘natish kerakligi haqida aytishdi. Ular, umid qilamanki, gap nima haqida ketishayotganini anglashadi. Bu rossiyalik harbiylar va NATO qurolli kuchlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv bo‘ladi, bu esa nafaqat barcha qochishni istagan, balki hech qachon sodir bo‘lmasligi kerakligini aytgan narsadir», degan Lavrov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar kirsa, bu katta ehtimol bilan g‘arbiy chegara orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan, Polsha esa «Lvovda shtab-kvartira ochish va hamisha shu yerda qolish»ni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
07:50
Germaniyada Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash pasaymoqda
17:58 / 11.11.2024
Britaniya va Fransiya Baydenni Ukraina Storm Shadow raketalaridan foydalanishiga ruxsat berishga ko‘ndirmoqchi
09:00 / 11.11.2024
Kiyev: Tramp inauguratsiyasigacha «tinchlik rejalari» haqidagi gaplar asossiz
08:19 / 11.11.2024