Jahon | 20:48 / 25.03.2022
29299
5 daqiqa o‘qiladi

«Qanday yashashimizni bilmayapmiz». Milliarder Aven sanksiyalar tufayli farrosh yollay olmasligidan shikoyat qildi

U Kremlga yaqinligini rad etgan va rossiyaliklarga qarshi cheklovlar joriy etilishi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ta’sir ko‘rsatmasligini qayd etgan.

Foto: Sergey Guneyev / RIA Novosti

Rossiyalik milliarder, «Alfa-bank» direktorlar kengashining sobiq rahbari Petr Aven Buyuk Britaniya va Yevroittifoq sanksiyalari ro‘yxatiga tushganidan keyin qiyinchiliklarga uchragani va buyog‘iga qanday yashashni bilmayotgani haqida gapirdi. U bu haqda Financial Times nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan. 

U hayoti bir tunda o‘zgarib ketganini aytadi. Sanksiyalar ro‘yxatiga tushganidan keyin Avenning Buyuk Britaniya va YeIdagi barcha hisoblari va aktivlari bloklangan.

«Bizning biznes to‘liq vayron bo‘ldi. Biz 30 yil mobaynida bunyod etgan barcha narsalar hozirda barbod bo‘lgan. Endi qanday qilib bo‘lsa ham yangi hayot boshlashga majburmiz», deydi milliarder.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda u oddiy to‘lovlar yoki advokat xizmatlari uchun hisob-kitoblarni amalga oshira olishiga ham ishonchi komil emas. 

«Men farrosh yoki haydovchi yollay olamanmi? Men mashina haydamayman... Balki, mashinani o‘gay qizim boshqarar. Biz qanday yashab qolishimizni tushunmayapmiz. Yuridik jihatdan biz biznesga ta’sir ko‘rsata olmaymiz. Ular [hamkorlar] hatto men bilan shaxsan ko‘rishishdan qo‘rqmoqda. Biz hukumatdan juda qo‘rqmoqdamiz», deya tan oladi Aven. 

Aven sanksiyalar bo‘yicha bahslashmoqchi bo‘lgan — uning fikricha, sanksiyalar asossiz kiritilgan. Biznesmen britaniyalik katta mablag‘ sarflab bo‘lsa-da, aktivlaridan foydalanishda davom etishga erishish uchun huquqshunos yollamoqchi bo‘lgan. Ammo mahalliy yuristlar «rossiyaliklar bilan ishlamayapti» va u muammolari hal bo‘lishidan umid uzgan: «Menga aytishdiki, sanksiyalarga ta’sir ko‘rsatish amalda imkonsiz».

Aven rossiyaliklarga qarshi cheklovlar Putinga ta’sir ko‘rsatish uchun xizmat qila olmasligini ta’kidlaydi: «Buni [kiritilgan sanksiyalarni] tushunish mumkin. Ammo bu adolatdan emas. [Ammo] odamlar o‘layotganda, men shikoyat qilmasam ham bo‘ladi».

U Kremlga yaqinligini rad etgan — uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada biznes yuritish prezident bilan aloqada bo‘lishni talab qiladi: «Bu juda g‘alati — prezident [Rossiya prezidenti] bilan uchrashganing uchungina sanksiyalarga duchor bo‘lish. Biz mutlaqo siyosatdan xoli bo‘lishga intilganmiz. Putin bilan uchrashuvda men o‘z nomimdan emas, „Alfa-grupp“ nomidan ishtirok etganman».

67 yoshli biznesmen rafiqasi va sakkiz yoshli qizi bilan Londonda yashaydi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, u nufuzli tuman hisoblangan Seynt Jyeymsdagi kvartiradan tashqari shahar tashqarisida «san’at asarlari bilan to‘ldirilgan» dang‘illama uy-joyga ham egalik qiladi. Bugungi kunda Aven Forbes talqiniga ko‘ra, Rossiyaning eng badavlat kishilari ro‘yxatida 30-pog‘onada turadi, uning boyligi 5,3 mlrd dollarga baholangan.

Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, 20 kun ichida biznesmenni Buyuk Britaniyadan chiqarib yuborishlari mumkin. U Latviya pasporti va AQShga vizasi borligiga qaramay, aynan Birlashgan Qirollikda qolishni istamoqda. «Agar [Buyuk Britaniyadan] ketsam, menda hech qachon qaytish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin», deydi Aven. 

Fevral oyi oxirida Aven qator rossiyaliklar qatorida Rossiya Ukrainada harbiy harakatlar boshlashiga javoban qo‘llagan sanksiyalarga uchragandi. Yevropa Ittifoqi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov, «Rosneft» rahbari Igor Sechin, biznesmen Alisher Usmonov va boshqa ko‘plarga sanksiyalar qo‘llagan. Keyinroq Buyuk Britaniya ham rossiyalik biznesmenlar va rasmiy shaxslarga qarshi sanksiyalar joriy etdi.

Sanksiyalar fonida Aven va «Alfa-Grupp» konsorsiumining yana bir egasi Mixail Fridman bank direktorlar kengashi safidan chiqdi.

Mavzuga oid