Jahon | 11:02 / 29.03.2022
35046
5 daqiqa o‘qiladi

Delegatsiyalar Istanbulda. Nimalar kutilmoqda?

Foto: Anadolu Agency

Seshanba kuni Istanbulda Ukraina va Rossiya vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Tomonlar gumanitar masalalar bo‘yicha muhokama o‘tkazib, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishga urinib ko‘radi.

Avvaliga Turkiyaga Rossiya delegatsiyasi kelgandi, biroz o‘tib - ukrainlar ham yetib kelishdi. Ukrainadan muzokaralarda mudofaa vaziri Aleksey Reznikov, prezident ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak, shuningdek hukmron «Sluga naroda» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari David Araxamiya qatnashadi. Rossiya delegatsiyasini Putinning maslahatchisi Vladimir Medinskiy boshqarmoqda.

Tomonlarning vakillarining so‘zlariga ko‘ra, yuzma-yuz uchrashuv so‘nggi haftalar davomida o‘tkazib kelingan videoformat shaklidagi maslahatlashuvlarga asoslanadi. Muzokaralar uchun Istanbuldagi Dolmabaxche saroyi tanlangan, uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 12:00dan o‘tib boshlanishi belgilangan.

Ukraina telekanali efirida Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kulebaning ma’lum qilishicha, Kiyev uchun minimal vazifa – «gumanitar muammolar uchun yechim» hisoblanadi. «Maksimum vazifa –  o‘t ochishni to‘xtatish, bu borada barqaror kelishuvga erishish», deya Kulebaning so‘zlarini keltirgan vazirlik rasmiy sayti. «Biz odamlar, yer va suverenitet bilan savdolashmaymiz. Bizning pozitsiya – mustahkam», degan Kuleba.

Ukrainlar prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning asosiy talabi Ukraina NATOga kirishdan voz kechishi bo‘lishini aytgan, bu borada murosaga kelish oson. Qolgan masalalar, jumladan Qrimning maqomi va Donbassdagi tuzilmalar taqdiri bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari bir-birinikidan yiroq.

25 mart kuni Medinskiy muzokaralarning borishini shunday tasvirlagandi: «ikkinchi darajali masalalar bo‘yicha pozitsiyalar yaqinlashmoqda, ammo asosiy siyosiy masalalar bo‘yicha biz amalda bir joyda depsinib turibmiz». TASS agentligi ham Putinning vakili Dmitriy Peskovning so‘zlarini keltirgan, unda «yuzma-yuz format muzokaralarni yanada konsentratsiyalashi, mazmunliroq qilishi» aytilgandi. «Ammo hozircha, afsuski, biz biror muhim yutuq yoki jiddiy oldinga siljish haqida ayta olmaymiz», degandi Peskov.

Rossiya Ukrainaga talablarining bir qismidan voz kechishga tayyor

Financial Times Rossiya va Ukrainaning muzokaralardagi pozitsiyasi haqida yozdi. Nashrning vaziyatdan xabardor bo‘lgan qator manbalariga ko‘ra, Rossiya endi «denatsifikatsiya», «demilitarizatsiya» va rus tili muhofazasini talab qilmayapti. Buning o‘rniga Kiyevning NATOga a’zo bo‘lishdan, yadro qurollari ishlab chiqishdan va xorij harbiy bazalarini o‘z hududida joylashtirishdan voz kechishi masalasiga urg‘u qaratilmoqda. Shu bilan birga Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lib kirishiga e’tiroz bildirilmaydi.

Bu shartlar evaziga Ukraina Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Xitoy, Italiya, Polsha, Isroil va Turkiyadan xavfsizlik kafolatlari olishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, Ukrainaga hujum bo‘lgan taqdirda, ushbu davlatlar  yordam ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

Muzokaralardagi eng murakkab masala — Ukraina 2014 yilda boy bergan hududlar masalasidir. Manbalarning xabar qilishicha, bu masala Putin va Zelenskiyning o‘zaro uchrashuvida muhokama etish uchun qoldirilishi mumkin. Ukraina o‘z chegaralari o‘zgarishini tan olishga tayyor emas, ammo Qrim yarimoroli va sharqdagi hududlarini kuch bilan qaytarib olishga urinmaslikka va’da berishi mumkin.

Tahlil: muzokaralardagi asosiy muammo – hududlar
BBC’ning diplomatik korrespondenti Liz Dyuset.

Prezident Putin jiddiy hududiy muvaffaqiyatlarga erishmaguncha, muzokaralar stolida haqiqiy o‘sish bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, uning ustuvor vazifasi - Donbass va uni Qrim yarimoroli bilan quruqlik orqali bog‘lovchi yo‘lak hosil qilinmaguncha.

Ukrainaning neytral maqomiga kelsak, turkiyalik va isroillik vositachilar bir qancha vaqtdan buyon Putin va Zelenskiy bu borada realroq pozitsiyalarni egallashganini aytishgan.

Eng asosiy masala – hududlar masalasi. Zelenskiy rossiyalik harbiylar 24 fevraldan oldingi pozitsiyalariga qaytishi kerakligini aytmoqda. U faqat shundan keyingina ma’lum kompromisslarni muhokama qilish mumkinligini bildirgan.

Ammo hozircha Putin kompromissga tayyor emasdek ko‘rinmoqda. Doimiy havo sirenalari ostida yashayotgan har bir kiyevlik ham.

Mavzuga oid