O‘zbekiston | 07:47 / 30.03.2022
8468
6 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura 33 yoshida ish joyida vafot etgan xodimining oilasiga 951 mln so‘m tovon puli to‘lash haqidagi sud qarori hali kuchga kirmaganini eslatdi

Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining hali qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarorining asosliligi Bosh prokuratura tomonidan atroflicha o‘rganiladi.

Foto: Ramiz Baxtiyarov

Toshkent shahar sudlarining rasmiy Telegram-kanali orqali Bosh prokuratura sobiq xodimi, marhum S.Rahmonovning turmush o‘rtog‘i N.Rahmonovaning foydasiga sud qarori asosida “Bosh prokuratura 1 milliard so‘m to‘lab berishi” haqidagi xabar tarqalmoqda.

Mazkur xabar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:

  • birinchidan, prokuratura organlari tizimidagi har bir xodim va uning oila a’zolarining munosib ijtimoiy himoya qilinishidan birinchi navbatda Bosh prokuraturaning o‘zi manfaatdordir;
  • ikkinchidan, har qanday ijtimoiy himoya, xususan nafaqa pullarining to‘lovi qonunga so‘zsiz rioya qilingan holda amalga oshirilishi shart.

Ayniqsa, budjet intizomiga rioya etilishini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan, aynan budjetdan moliyalashtiriladigan prokuratura organlarida bu tamoyil ustuvor ahamiyatga ega.

  • Binobarin, marhum xodim S.Rahmonovning vafoti munosabati bilan uning yaqinlariga tegishli to‘lovlar qonunda belgilangan eng yuqori miqdorda to‘lab berilgan;
  • uchinchidan, hali qonuniy kuchga kirmagan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining N.Rahmonova da’volarini qisman qanoatlantirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorining asosliligi Bosh prokuratura tomonidan atroflicha o‘rganiladi va tegishli munosabat bildiriladi.

Zotan, amaliyotda hatto qotillikda va boshqa og‘ir jinoyatlarda ayblangan fuqarolarning quyi instansiya sudlari tomonidan asossiz oqlangani yoki aksincha, aybsizlar aybdor deb topilgani, prokuraturaning sa’y-harakatlari bilan esa, adolat qaror topganiga oid ko‘plab ma’lumotlar jamoatchilikka yaxshi ma’lum.

Shu bois, sudlar tomonidan hali qonuniy kuchga kirmagan qarorlar yuzasidan shoshmashosharlik bilan jamoatchilikka axborot berishning maqsadga muvofiq emasligini yana bir karra ta’kidlaymiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2021 yil 17 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan, da’vogar – A’zamjon Rahmonovning javobgar – Bosh prokuraturaga nisbatan farzandi vafoti munosabati bilan ish joyidan nafaqa puli hamda ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’vo va qo‘shimcha da’vo arizalari rad qilingandi.

Shundan so‘ng da’vogar fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga FIB Mirobod tumanlararo sudining hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritgandi. Apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, sudlov hay’atining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgandi.

A’zamjon Rahmonov Kun.uz'ga bergan intervyusida o‘lim sababini aniqlash bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmagani, Samir Rahmonovning jasadini ekspertizaga olib bormoqchi bo‘lishganda u o‘g‘lining tanasi yorilishiga rozi bo‘lmaganini aytgan, bu harakatini o‘lim sababi ekspertizasiz ham ro‘yi-rost ma’lumligi, farzandining bosh miyasida qon tomirlari yorilgani yaqqol ko‘rinib turgani bilan izohlagandi.

Shuningdek, marhumning yaqinlari hodisa ro‘y bergan kuni ish beruvchi – Bosh prokuratura mehnat inspeksiyalarini jalb qilib, xodimining o‘limi yuzasidan surishtiruv o‘tkazmagani, qonunchilikda belgilangan tartibda dalolatnomalar tuzmaganini aytishgandi.

Sud mazkur holatlarda qonunchilik talabi buzilgan deb topgan va ishni puxta o‘rganmagani uchun 2021 yil 6 dekabr kuni sudlov hay’atining ajrimi bilan RSTEIAM Toshkent shahar filiali Morfologiya bo‘limi Sergeli punktining davlat sud tibbiy ekspertizasi boshlig‘i hamda Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi boshlig‘iga nisbatan xususiy ajrimlar chiqargan.

Ish birinchi instansiya sudida qayta ko‘rila boshlaganda A’zamjon Rahmonov olamdan o‘tgan edi.

Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berishicha, marhum A’zamjon Rahmonovning javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan boquvchisining vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vo arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud qarori e’lon qilingan.

Sudning 2022 yil 10 martdagi ajrimi bilan da’vogar A’zamjon Rahmonov vafot etganligi sababli uning javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan boquvchisining vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vo arizasi ish yurituvidan tugatilgan.

Sud tashabbusi bilan da’vogar tomonidan mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan marhum Samir Rahmonovning bevasi – N.Rahmonova sudga javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan turmush o‘rtog‘ining ish joyida vafoti munosabati bilan voyaga yetmagan farzandlari va o‘zi uchun nafaqa, sug‘urta tovoni va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2022 yil 28 martdagi hal qiluv qaroriga asosan N.Rahmonovaning javobgarga nisbatan boquvchisining vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma’naviy zararni qoplash haqidagi da’vo talablari qisman qanoatlantirilgan.

Sud qarori bilan Bosh prokuratura N.Rahmonovaning foydasiga 951 275 952 so‘m miqdorida biryo‘la to‘lanadigan nafaqa puli va 20 000 000 so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirilishi hamda davlat foydasiga 76 642 076 so‘m davlat boji to‘lanishi belgilangan.

Mavzuga oid