O‘zbekiston | 21:43 / 15.04.2022
49444
5 daqiqa o‘qiladi

Kutilmagan yangi qoidalar, xavfsizlik kamari va dislokatsiya - faollar bilan suhbat

12 aprel kuni kutilmaganda yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari tasdiqlandi. Biz bu yangilikning keng muhokama o‘tkazilmasdan qabul qilingani, qoidalardagi asosiy o‘zgarishlar va haydovchilarning YPX xodimidan dislokatsiya ko‘chirmasini olish huquqi bekor qilingani haqida deputat Rasul Kusherbayev va jamoatchilik vakili, haydovchi Timur Tursunboyev bilan suhbat uyushtirdik.

“Yangi tartib xalq uchun emas, vazirliklar uchun qulay sharoit yaratadi”

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev intervyu avvalida endi faqat muhim deb hisoblangan hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi tartibi haqida gapirdi.

— Avvalgi tartibning o‘zgarishi jamoatchilikning emas, ko‘proq vazirliklarning xohishi bilan bo‘lgani sezilib turibdi. Kuni kecha Adliya vazirligi mana shu o‘zgarishga qisqa izoh berdi. Unga ko‘ra, ba’zi vazirlik va idoralar puxta bo‘lmagan loyiha hujjatlarni ham jamoatchilik muhokamasi portaliga chiqarib yuborayotgan ekan. Adliyaga ko‘ra, cheklov qo‘yilishi go‘yoki muammolarni hal qiladi.

Bilmadim, ularga bunday fikrlar qayerdan kelarkin? Bu shuningdek, vazirliklarning bosh maqsadi endilikda xalq manfaati emas, boshqa qandaydir maqsadlarga o‘zgarib qolganini ham ko‘rsatadi. Ya’ni endi ular uchun bosh maqsad xalqqa emas, o‘ziga qulay sharoit yaratish. Afsuski, bu juda alamli, lekin holat shunday.

To‘g‘ri, qonun hujjatlari jamoatchilik bilan maslahatlashib qabul qilingan o‘tgan 4 yil davomida ayrim qonun loyihalariga e’tiroz, takliflar bo‘lgandir. Lekin bu jamiyatning tafakkuri uyg‘onib borayotganini ko‘rsatardi-ku. Tabiiyki, jamiyatda soliq to‘lovchi sifatida hukumatga nisbatan savollar doim bo‘ladi.

Vazirlik va turli idoralar esa mana shu holatga moslashish o‘rniga yaxshisi savol, e’tirozlar kelayotgan darchani yopib qo‘yishmoqda. Bu ularda malaka, mahorat va professionallikning yetishmasligidandir. Biz shu orqali vazirlik va idoralarda qanday xodimlar bor, degan savolga ham javob olamiz.

“Odamlar o‘z ovozi nimanidir hal qilishiga endi-endi ishona boshlagandi”

Rasul Kusherbayev o‘z loyihalarini muhokamaga chiqarmasdan tasdiqlatib olish holatlari ko‘payishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

— Bu harakat aynan shuning uchun qilingan. Buni boshqachasiga izohlab bo‘lmaydi. Endi vazirliklarning o‘ziga noqulay va jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ladigan loyihalarni yashirishi avj oladi.

Bu shuningdek, xalqning manfaatlariga zid bo‘lgan, bir guruh shaxslarning manfaatiga xizmat qiladigan, korrupsion elementlar mavjud bo‘lgan loyihalarni o‘tkazishga ham sabab bo‘ladi. Bundan esa biz yuqorida aytgandek dunyoqarashga ega vazirliklar unumli foydalanadi. Chunki ularning kallasiga boshqa g‘oya kelmaydi.

Bunda ijtimoiy siyosiy muhim hujjatlar qaysiligi borasida ham biror tartib yo‘q. Ya’ni har bir idora o‘z dunyoqarashidan kelib chiqib belgilaydi qaysi loyihani muhokamaga chiqarishni.

Mana masalan, yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari har tomonlama muhim hujjat edi-ku, nega u muhokamaga qo‘yilmadi? Bu kerak bo‘lsa, har bir xonadon, har bir fuqaroga tegishli edi-ku.

Fikrimcha, biz shu ketishda ketsak, keyingi qadamlar davlat xaridlari yoki auksion portallarini cheklash bo‘ladi.

Bilasizmi, odamlar o‘tgan vaqt davomida o‘z ovozi nimanidir hal qilishiga ishona boshlagandi. Biz buni “Tashabbusli budjet” loyihasida ko‘rdik.

Normal jamiyatlarda kamchiliklarni ko‘rsatgan fuqarolar rag‘batlantiriladi va shu kamchiliklar to‘g‘rilanadi.

“Old o‘rindiqdagi yo‘lovchining ham kamar taqishi majburiy qilinganini yoqlayman”

Haydovchi Temur Tursunboyev Yo‘l harakati qoidalaridagi ayrim o‘zgarishlar haqida o‘z munosabatini bildirdi.

— Yangi qoidalarda avtomobilning old o‘rindig‘idagi yo‘lovchilarga ham xavfsizlik kamarini taqish majburiy bo‘lganini haydovchi sifatida yoqlayman. Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda ham shu kabi tartib allaqachon qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Ha, har xil haydovchilar bor va bu tartib ayrim paytda tanqidga uchrashi ham tabiiy.

Texnik tomondan xavfsizlik kamari baxsiz hodisa yuz berganda, haydovchi va yo‘lovchilarga hayotini saqlab qolishda katta yordam beradi. Bu ilmiy asoslangan.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid