Jamiyat | 11:32 / 17.04.2022
21497
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda gaz balloni portlashi oqibatida jarohatlangan uch kishi vafot etdi

Er-xotin va ularning 10 yoshli farzandi turli daraja kuyish jarohatlarini olgan va shifoxonada vafot etgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 11 aprel kuni soat 7:10 larda Bulung‘ur tumani “Avliyo Parpi” MFYdagi Quvvat qishlog‘ida yashovchi fuqaroning yashash xonadonida gaz plitasiga ulangan ballondan gaz sizib chiqib, portlash sodir bo‘lgan.
Oqibatda, xonadonda bo‘lgan uch kishi turli daraja kuyish tan jarohatlari olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Bulung‘ur tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Vohid Xudoyqulovning Kun.uz’ga xabar berishicha, oila boshlig‘i 80 foiz, turmush o‘rtog‘i 70 foiz, ularning 10 yoshli farzandi 90 foiz kuyish jarohati olgan.

Ma’lum bo‘lishicha, shifokorlar tomonidan zarur muolajalar olib borilganiga qaramasdan jabrlanuvchilardan ikki nafari 16 aprel kuni, bir nafari 17 aprel kuni vafot etgan.

Qayd etilishicha, mazkur hodisa yuzasidan Bulung‘ur tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Oqdaryo tumanidagi oshxonada suyultirilgan gaz balloni portlashi oqibatida 10 kishi turli darajada tan jarohatlari olgandi.

Mavzuga oid